Huel reklamasi oʻz mahsulotlari barcha anʼanaviy oziq-ovqatlar oʻrnini bosa olishini iddao qilgani uchun taqiqlandi
Reklamani nazorat qiluvchi organning taʼkidlashicha, tomoshabinlar ushbu reklamadan barcha odatiy ovqatlarni Huel bilan almashtirish "nutritsiologik jihatdan maqsadga muvofiq" degan xulosaga kelishlari mumkin.

Huel reklamasi oʻz mahsulotlari barcha anʼanaviy oziq-ovqatlar oʻrnini bosa olishini iddao qilgani uchun taqiqlandi
Huel koʻproq oʻzining kokteyllari bilan tanilgan boʻlib, kompaniya ularni toʻyimli va toʻlaqonli taom deb ataydi
Huel taom oʻrnini bosuvchi kokteyllari reklamasi reklama nazorat organi tomonidan «masʼuliyatsiz» parhez amaliyotini ragʻbatlantirishi yoki maʼqullashi aniqlanganidan keyin taqiqlandi.
Reklamada Huel brendi elchisi Spenser Mettyus oʻzi uchratgan, «faqat Huel isteʼmol qiladigan» va 260 kilometrlik poygada «katta farq bilan» gʻolib chiqqan odam haqidagi voqeani soʻzlab bergan.
Reklama standartlari boshqarmasi (ASA) tomoshabinlar ushbu reklamadan barcha anʼanaviy oziq-ovqatlarni Huel bilan almashtirish «nutritsiologik jihatdan maqsadga muvofiq» va yuqori jismoniy koʻrsatkichlarga mos keladi, degan xulosaga kelishlari mumkinligini bildirdi.
Huel kompaniyasi Mettyusning hikoyasi «tavsiya yoki koʻrsatma» emasligini va reklama «Huel har bir taom oʻrnini bosa oladi» degan fikrga shubha tugʻdirishga qaratilganini aytdi.
Instagram’da homiylik posti va YouTube’da video boshlanishidan oldingi reklama sifatida joylashtirilgan ushbu videoda Mettyusning Huel asoschisi Julian Xirn bilan podkast shaklida suhbatlashayotgani tasvirlangan.
Instagram’dagi postga shunday izoh qoldirilgan: «Asoschimiz Huel’dan qanday foydalanishini koʻring. Spoyler: bu har bir taom oʻrnini bosish uchun emas».
Videoda Xirn ish kunlari nonushta va tushlikda Huel mahsulotlarini isteʼmol qilishini, lekin uyga qaytganida «anʼanaviy taom» yeyishini aytadi.
Shundan soʻng Mettyus ultramarafonda qatnashayotganda «faqat Huel isteʼmol qiladigan» bir kishini uchratganini aytadi.
U avvaliga bu odam poygani yakunlay olishiga shubha qilganini, lekin keyin: «U katta farq bilan gʻolib chiqdi, tom maʼnoda hammamizni ortda qoldirib ketdi», deb qoʻshimcha qiladi.
Xirn bunga javoban: «Ideal dunyoda siz toʻyimli va toʻlaqonli tabiiy oziq-ovqatlarni isteʼmol qilishingiz kerak.
Koʻp odamlar buni qilmaydi yoki bunga vaqt topa olmaydi, shuning uchun Huel aynan shu boʻshliqni toʻldiradi», deydi.
Reklamada Spenser Mettyus «faqat Huel isteʼmol qiladigan» sportchi haqida gapiradi
Xartfordshirda joylashgan Huel kompaniyasiga 2015 yilda Xirn tomonidan asos solingan. Hozirda u Frantsiyaning Danone konglomerati tomonidan sotib olinish jarayonida.
Vaqti kam, sogʻligʻiga eʼtiborli isteʼmolchilarga moʻljallangan toʻlaqonli ozuqaviy mahsulotlar bozori 5,9 milliard dollar (4,4 milliard funt sterling)ga baholanmoqda.
ASA reklama boʻyicha toʻrtta shikoyat oldi, ularda mazmunning masʼuliyatsizligi shubha ostiga olingan. Ikki shikoyatchi, shuningdek, reklamadagi sogʻliq bilan bogʻliq daʼvolar ASA reklama kodeksini buzganligini daʼvo qilgan.
ASA oʻz qarorida reklamada «isteʼmolchilarga barcha anʼanaviy oziq-ovqatlarni Huel bilan almashtirish toʻgʻridan-toʻgʻri tavsiya etilmaganini», lekin tomoshabinlar baribir bu hikoyani «maqbul parhez amaliyoti» sifatida talqin qilishlari mumkinligini taʼkidladi.
«Ushbu kontekstda faqat Huel isteʼmol qilishni taqdim etish orqali reklama anʼanaviy oziq-ovqatni toʻliq Huel bilan almashtirish nutritsiologik jihatdan maqsadga muvofiq ekanligini va yuqori jismoniy koʻrsatkichlarga erishishga hech qanday toʻsiq boʻlmasligini koʻrsatdi», deyiladi qarorda.
ASA, shuningdek, sogʻliq bilan bogʻliq daʼvolar boʻyicha shikoyatni ham qanoatlantirdi va Mettyusning ultramarafon sportchisi haqidagi hikoyasi «Huel isteʼmol qilish va oʻta yuqori jismoniy hamda chidamlilik koʻrsatkichlarini saqlab qolish qobiliyati oʻrtasida ijobiy bogʻliqlik borligini anglatadi» deb qaror qildi.
Shikoyatlarga javoban Huel reklama «Huel’ni tabiiy ovqat tayyorlash imkoni boʻlmagan holatlarda muvozanatli parhezning bir qismi sifatida aniq koʻrsatganini» aytdi.
Kompaniya Mettyusning faqat Huel isteʼmol qiladigan odam haqidagi fikrga «oʻta shubha va ishonchsizlik» bilan munosabat bildirganiga eʼtibor qaratdi.
«Bu hikoya odatiy natija yoki isteʼmolchilarga taqlid qilish uchun tavsiya yoki koʻrsatma sifatida emas, balki ajoyib va kutilmagan hodisa sifatida soʻzlab berilgan.
Reklamaning hech bir joyida suhbatdoshlar isteʼmolchilar 100% Huel parheziga oʻtishlari kerakligini taklif qilishmagan».
Bu Huel kompaniyasining oʻz mahsulotlarini anʼanaviy oziq-ovqat oʻrnini bosuvchi vosita sifatida taqdim etishi tufayli ASA bilan bogʻliq muammoga duch kelishi birinchi marta emas.
Baʼzi mutaxassislar ham taomlarni ozuqaviy moddalarga boy ichimliklar bilan almashtirish qanchalik samarali ekanligini shubha ostiga olishgan.
Huel kompaniyasi BBC News’ga ASA qaroriga amal qilganini maʼlum qildi.
«Biz Huel’ni parhezning toʻliq oʻrnini bosuvchi vosita sifatida taqdim etmaymiz va u sport natijalarini yaxshilaydi deb daʼvo qilmaymiz», dedi kompaniya vakili.

