«Hozirgi siyosatni tushunmagan rahbarlar albatta ketadi» — Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallabay ishlamagan va oilalarning haqiqiy ahvolini koʻrmagan rahbarlar «albatta ishdan ketishi» haqida ogohlantirdi. Noyabr oyida oilalarning daromadlari Jahon banki metodologiyasi asosida oʻrganiladi, dekabrda esa hokimlar va biriktirilgan rahbarlar faoliyatiga baho beriladi.

«Hozirgi siyosatni tushunmagan rahbarlar albatta ketadi» — Mirziyoyev
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyat va respublika darajasidagi rahbarlarni kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha ishlar faqat shtablar yigʻilishlari va hisobotbozlikdan iborat boʻlib qolmasligi kerakligi haqida ogohlantirdi.
Davlat rahbari taʼkidlaganidek, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangi tizim doirasida barcha viloyat va tumanlarda maxsus shtablar tashkil etildi. Ularning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun hududlarga respublika darajasidagi iqtisodiy kompleksning 28 nafar rahbari biriktirildi.
Shu bilan birga, prezident Toshkentdan xizmat safariga yuborilgan mulozimlarning hokimlik binosida oʻtirib, shtab ishini oʻsha yerdan nazorat qilishni kifoya deb hisoblashi amaliyotini tanqid qildi.
«Lekin ayrim rahbarlar haligacha joylarda ishni nimadan boshlashni va har bir aniq oila bilan qanday ishlashni tushunmagan. Respublikadan kelgan rahbarlar: agar men hokimlik binosidagi shtabda oʻtirsam, har bir vaziyat nazoratim ostida boʻladi, deb oʻylashadi. Bu mutlaqo notoʻgʻri yondashuv», — dedi Shavkat Mirziyoyev «Oʻzbekiston 24» telekanali lavhasida.
Uning soʻzlariga koʻra, Toshkentdagi respublika idoralari vakillari oʻzlari mahallalarga borishi, real vaziyatni oʻrganishi va tuman hokimlariga ishni qanday tashkil etish kerakligini koʻrsatib berishi lozim.
«Yana bir bor ogohlantirmoqchiman. Agar rahbar mahallaga tushmasa, oʻz koʻzi bilan real vaziyatni koʻrmasa, „mahalla yettiligi“ ishiga oʻzi bosh-qosh boʻlib, kim nima bilan shugʻullanishi kerakligini koʻrsatib bermasa, ish yurmaydi», — dedi prezident.
Mirziyoyev bu talab lavozimi va ish stajidan qatʼi nazar, barcha rahbarlarga tegishli ekanini taʼkidladi. «Hozirgi siyosatni tushunmagan rahbarlar albatta ishdan ketadi», — dedi u.
Prezident, shuningdek, hokimlar oilani muhtojlar toifasidan chiqarishni boshqacha tushunishlari kerakligini aytdi.
«Hokimlar oilalarni muhtojlar toifasidan chiqarish deganda faqat va faqat ish oʻrinlari yaratadigan va daromadlarni oshiradigan loyihalarni amalga oshirishni, shuningdek, infratuzilma va sharoitlar yaratishni tushunishlari kerak», — dedi Mirziyoyev.
U tadbirkorlar bilan ishlash zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi. Davlat rahbarining soʻzlariga koʻra, agar bitta tadbirkor oyiga ikkitadan ish oʻrni yaratsa ham, bu umumiy hisobda sezilarli natija berishi mumkin.
«Tadbirkorga yordam berish kerak, tadbirkor bilan uchrashish kerak. Agar bitta tadbirkor oyiga ikkitadan ish oʻrni yaratsa, bu ham katta natija boʻladi», — dedi prezident.
Uning soʻzlariga koʻra, noyabr oyida mamlakatning barcha tumanlarida Jahon banki metodologiyasi boʻyicha alohida oʻrganish oʻtkazish rejalashtirilgan boʻlib, u oilalarning ahvolini ularning daromad darajasidan kelib chiqib aniqlashi kerak.
«Bu biz uchun oʻziga xos sinov boʻladi: har bir oila daromad darajasi boʻyicha qaysi toifaga kirishi aniq boʻladi. Shundan kelib chiqib, dekabr oyida yakun yasaymiz va viloyat, tuman va shahar hokimlari, shuningdek, respublikadan hududlarga biriktirilgan 28 nafar rahbar uch oy ichida qanday oʻzgarishlarni taʼminlay olganiga adolatli baho beramiz», — dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev oilani muhtojlar toifasidan chiqarish ijtimoiy reyestrdan shunchaki rasmiyatchilik uchun chiqarib tashlashni emas, balki bandlik, tadbirkorlik loyihasi va zarur infratuzilmani yaratish hisobiga barqaror daromad manbai paydo boʻlishini anglatishi kerakligini taʼkidladi.
«Oxirgi ikki-uch kunlik tahlil shuni koʻrsatmoqdaki: agar chuqurroq kirib borilsa, har bir tuman, har bir qishloq, har bir mahallaning ham imkoniyati, ham salohiyati bor», — dedi Mirziyoyev.

