Mahalliy

«Hozir jurnalistlarning himoyachisi kim?» - davlat idorasi matbuot xizmati va OAV oʻrtasidagi munosabatlar haqida suhbat

Axborot soʻrashga javob bermaslik, jurnalistlarni telefon orqali bloklash, «rahbardan ruxsat olishim kerak» qabilidagi vajlar, shuningdek, rasmiy soʻrovlarga oylab javob bermaslik – bular bugun jurnalistlar davlat tashkilotlari bilan ishlashda duch kelayotgan muammolardan ayrimlari.

«Hozir jurnalistlarning himoyachisi kim?» - davlat idorasi matbuot xizmati va OAV oʻrtasidagi munosabatlar haqida suhbat

Qonunchilikda OAVning axborot olish huquqi kafolatlangan boʻlsa-da, amaliyotda jurnalistlar bu huquqdan foydalanishda baʼzan turli toʻsiqlarga duch kelmoqda.

Bugun axborot oqimi nihoyatda tez. Kun davomida yuzlab voqealar yuz beradi va jurnalistdan ular haqida tezkor, ishonchli hamda xolis axborot tayyorlash talab etiladi. Buning uchun esa voqea yuzasidan rasmiy munosabat va zarur maʼlumotni oʻz vaqtida olish muhim. Ammo jurnalist davlat tashkilotlarining axborot xizmatlariga murojaat qilganda, «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi qonunning 35¹-moddasiga koʻra soʻrovlar koʻpi bilan 7 kun ichida koʻrib chiqilishi belgilangan boʻlsa-da, amaliyotda ayrim tezkor axborotlarga javob bir necha hafta, hatto oylab berilmayotgan holatlar ham uchramoqda.

Vatandosh axborot portali asoschisi Botirjon Shermuhammad jurnalistlar duch kelayotgan muammolarni, avvalo, davlat tashkilotlarining axborot xizmatlari bilan bogʻliq aloqa kanallari yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagani bilan izohlaydi:

«Baʼzi tashkilotlar bizga ikki oy davomida hali javob berilmagan rasmiy soʻrovlar bor. Hatto baʼzi matbuot xizmatlari “rahbarimning ruxsatisiz javob berolmayman” degan vajni keltiradi. Axir men matbuot xizmatining rahbariman, lekin boshligʻim ruxsatisiz javob berolmayman, deydi. Biz Koreya bilan bogʻliq bir surishtiruv doirasida “HRD Korea”ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasiga ham xat yubordik. Unga ham bir oyga yaqin vaqt boʻldi, haligacha rasmiy javob yoʻq. Eng qizigʻi, ular “javobni Migratsiya agentligiga yubordik”, deyishyapti. Biz esa Migratsiya agentligiga xat yozmaganmiz, ulardan javob ham olmaganmiz. Bu kabi holatlar nafaqat davlat tashkilotlarida, balki xorijiy tashkilotlarning vakolatxonalarida ham uchramoqda».

Kun.uz internet nashri muxbiri Gulmira Toshniyozova ham oʻz ish tajribasida shunga oʻxshash holatlarga duch kelganini aytadi:

«Ish jarayonimdan kelib chiqib aytaman, koʻchirilgan daraxtlar masalasida 16-martda Ekologiya qoʻmitasi tizimidagi idoralarga soʻrov yuborganman, “rahbardan soʻrayman” kabi turli vajlar bildirildi va oradan bir oy oʻtib ham javob ololmadim. Bosh prokuratura axborot xizmatiga 3-martda yuborgan soʻrovimga esa 3-avgustda javob oldim. Yuridik universitetga yuborgan soʻrovimga qariyb bir oy boʻldi, hali ham javob yoʻq. Holbuki, bu masala yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin hal qilinishi kerak edi».

Bu kabi holatlarda muammo faqat javobning kechikishida emas, balki «rahbardan ruxsat olish kerak» qabilidagi vajlarning oʻzini javob oʻrnida taqdim etilishida ham koʻrinadi. Daryo internet nashri muxbiri Musulmonbek Ibrohimov mazkur holatga alohida eʼtibor qaratdi:

«Mana, masalan, 7 kunda “javob berolmayman” dedimi yoki “rahbarimdan soʻrashim kerak” dedimi - boʻldi, berish kerak uni. Bu rahbardan soʻrar ekan, keyin berar ekan deb, yaʼni ikkinchi tomonni javob sifatida berish kerak. Buning huquqiy oqibatlari ham bor. Lekin ularning jamoatchilik bilan qanchalik ishlayotganini jamoatchilikning oʻzi baholashi kerak. Yaʼni u “rahbarimdan soʻrayman” deyaptimi - demak, rahbari javob bermagan. Tamom. Demak, uning ham, rahbarining ham jamoatchilikka nisbatan munosabati rasvo. “Undan soʻrayman, bundan soʻrayman” degan masala boʻlmasligi kerak», - deydi u.

Huquqshunos «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida»gi qonunga koʻra, tashkilotlardagi axborot xizmati va uning vakillari OAV bilan ishlash va soʻrovlarga javob berish uchun masʼul hisoblanishini, jurnalistning soʻroviga javob berish esa axborot xizmatining majburiyati ekanini taʼkidladi.

«Jurnalistlar tashkilot faoliyatiga oid juda koʻp maʼlumotlarni soʻrashi mumkin: qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, ularning ijrosi, davlat dasturlari, tenderlar, byudjetdan va byudjetdan tashqari mablagʻlar, xarajatlar hamda davlat tashkilotining jismoniy va yuridik shaxslar bilan munosabatlari haqida axborot olish huquqi bor. Albatta, qonunchilikda axborot berilishi cheklangan holatlar ham mavjud. Masalan, davlat siri, tergov siri, advokatlik, notariat yoki bank siriga oid maʼlumotlar berilishi mumkin emas. Lekin bunday istisnolardan tashqari, qonun bilan ochiq deb belgilangan axborotni taqdim etish axborot xizmatining vazifasidir. Shuning uchun “rahbarimdan soʻrashim kerak” degan vajning oʻzi jurnalist soʻroviga javob oʻrnini bosmaydi. Axborot xizmati oʻz vakolati doirasida jurnalistga javob berishi, agar maʼlumotni berish mumkin boʻlmasa, buning huquqiy asosini koʻrsatishi kerak», - deydi advokat Shohjahon Shomurodov

Jurnalistlarning axborot soʻrovi bilan bogʻliq yana bir muammo - murojaat shakli masalasida ham turli yondashuvlar borligi. Ayrim holatlarda matbuot xizmatlari telefon yoki Telegram orqali berilgan savollarga javob berish oʻrniga jurnalistdan, albatta, yozma soʻrov yuborishni talab qiladi. Huquqshunoslar esa qonunchilikda murojaatning ogʻzaki, yozma yoki elektron shakllari nazarda tutilganini taʼkidlamoqda:

«Biz telefon qilib yoki Telegram orqali yozsak, “yozma soʻrov yuboring” deyishadi. Hatto huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda ishlaydigan yoki qonunchilik bilan bevosita ishlaydigan odamlar ham shunday deydi. Holbuki, qonunchilikda murojaat ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda boʻlishi mumkinligi belgilangan. Siz masʼul idoraga oʻz soʻrovingizni yuboryapsizmi, tamom, uni qabul qilish va koʻrib chiqish kerak. Senga jurnalist soʻrov bilan chiqyaptimi - jurnalistga javob ber. “Biz eʼlon qilamiz, xohlasang eʼlon qil, xohlasang eʼlon qilma”. Mening nazarimda, oʻsha matbuot xizmatida ishlaydiganlarning birinchi muammosi - oʻzining mavjud funksional vazifalarini bilmasligi. Ikkinchi masala - shu tashkilotlarning rahbarlari bilan bogʻliq. Amaliyotda matbuot xizmati ochiqlikni xohlaydi, jurnalistlar bilan ishlashni xohlaydi, afsuski, rahbarlar qoʻymaydi. Bizga oʻzlari ham aytadi: “Sizga berishim mumkin, lekin men rahbarim bilan teskari boʻlib qolaman, bu yerda ishim bor», - deydi Musulmonbek Ibrohimov.

Gulmira Toshniyozova matbuot xizmatlarining bugungi faoliyatida ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlaydi:

«Bugun matbuot xizmatlariga rahbariyat tomonidan katta yuklama berilgan. Ular tashkilotning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yuritish, Instagram, Telegram va boshqa platformalarni toʻldirish bilan koʻproq ovora boʻlib qolyapti. Bu esa ulardan juda koʻp vaqt va resurs talab qiladi. Natijada matbuot xizmatining eng asosiy vazifasi - ommaviy axborot vositalari bilan ishlash funksiyasi orqaga surilib qolyapti. Ular koʻproq tashkilotning ijobiy imijini koʻrsatish, tadbirlar va turli loyihalarni yoritish bilan band. Holbuki, matbuot xizmatining vazifasi faqat ijtimoiy tarmoqlarni yuritish emas», - deydi u

Matbuot xizmatlarining bugungi vazifalari va ularga ajratilayotgan resurslar haqida soʻz borganda, Botirjon Shermuhammad ularning ayrim hollarda OAV bilan hamkorlik qilish oʻrniga medianing oʻziga xos vazifalarini bajarishga urinayotganini taʼkidlaydi:

«Hozir matbuot xizmatining xarajati oshib ketgan. Ayniqsa, markaziy davlat tashkilotlarida matbuot xizmati rahbarlari katta maosh olyapti, xodimlari ham koʻpayib, 8-10 nafargacha yetib ketgan holatlar bor. Nega? Baʼzi holatlarda bular OAVning oʻrnini egallashga harakat qilyapti. Katta davlat tashkilotlari podkastlar qiladi, filmlar oladi. Kechirasizlar-u, cizning vazifangiz - tashkilot ishini yoritish, bizga ulash, ekspert yoki rahbar bilan intervyu tashkil qilishga yordam berish. OAVning ishini qilib, unda biz OAVni yopaylik, oʻzlari bemalol yurishaversin, nima qilamiz bekordan bu yerda. Eng asosiy vazifasi qolib ketib, qoʻshimcha vazifalarni olyapti. Hatto ayrim hollarda ixtisoslashgan saytlar bilan raqobatlashayotgandek boʻladi. Biz haqimizda maʼlumot bermaslikka, bizda chiqqan materialni boshqacha koʻrinishda berishga harakat qilishadi. Bu nosogʻlom vaziyat. Nega ularga shunchalik koʻp mablagʻ ajratilgani va bu xarajatlar oʻzini oqlayaptimi, degan savol bor. Axir davlat tashkilotining matbuot xizmati OAV bilan raqobatlashishi kerak emas».

Uning fikricha, ochiqlikka toʻsqinlik qilayotgan yana bir masala - jamoatchilik uchun muhim maʼlumotlarni «xizmat doirasida foydalanish uchun» degan gap bilan cheklash amaliyoti.

«Juda koʻp davlat tashkilotlari saytlarida cheklangan maʼlumotlar roʻyxatini eʼlon qilgan. U yerda juda koʻp hujjatlar XDFU qilib koʻrsatilgan. Masalan, Migratsiya agentligi chetga yuborish xizmati tarifini - 50 BHM miqdoridagi toʻlovni ham XDFU qilib qoʻygan. Biz uni manbalar orqali olib, eʼlon qilganimizdan keyin “bu XDFU emas” deb tan olishdi va oʻzgartirishini aytdi. Lekin yillar davomida jamoatchilik bu katta tarifdan xabarsiz boʻlib kelgan. Jamoatchilikka kerakli maʼlumotlarni XDFU yoki xizmat siri degan vaj bilan yashirib, keyin ochiqlik haqida gapirish mumkin emas. Bu yerda erkin maʼlumot olish huquqi bilan davlat tashkiloti amaldorlarining manfaati toʻqnashyapti».

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.