Honda elektromobilni harakat vaqtida quvvatlantiruvchi yoʻl maketini namoyish etadi
Honda elektromobillarni harakat vaqtida, toʻxtamasdan simsiz quvvatlash imkonini beruvchi texnologiyani namoyish etadi. Buning uchun elektr energiyasini avtomobildagi qabul qilgichga uzatuvchi maxsus modullar yoʻl qoplamasiga oʻrnatiladi.

Honda harakatlanayotgan elektromobilni quvvatlantiruvchi yo‘l maketini ko‘rsatadi
Yaponiyaning Honda kompaniyasi Japan Mobility Show Bizweek ko‘rgazmasida harakatdagi elektromobilni simsiz quvvatlash tizimi maketini namoyish etadi.
Tadbir 13–16-oktabr kunlari Makuhari Messe ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tadi.
Tizimda yo‘l qoplamasiga o‘rnatilgan uzatkichlar energiyani harakatlanayotgan avtomobildagi qabul qilgichga uzatadi. Ushbu texnologiya Honda R&D kompaniyasi tomonidan Taisei qurilish kompaniyasi va Taisei Rotec yo‘l qurilishi kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan: Honda uzatkichlar va qabul qilgichga, Taisei yuqori tezlikdagi o‘zgarmas tok manbaiga, Taisei Rotec esa uskunalarni yo‘l qoplamasiga joylashtirish usullariga mas’ul hisoblanadi.
Honda bayonotiga ko‘ra, uning yo‘l modullari invertor va g‘altakni bitta korpusda birlashtirgan ilk ishlanmadir. Bu butlovchi qismlar soni hamda yo‘l ishlari hajmini kamaytirib, modullarni amaldagi yo‘llarga ham o‘rnatish imkonini beradi. Sinov trassasida modullar va qoplama taxminan 20 tonnalik transport vositalari keltirib chiqargan yuklamani ko‘tara oldi. 2026-yil oxiridan boshlab qurilishi rejalashtirilgan Tamuradagi ikkinchi poligonda esa g‘ildiraklarning million marta bosib o‘tishi hamda elektromagnit maydon sizib chiqishi sinovdan o‘tkaziladi.
Umumiy foydalanishdagi yo‘llarda sinovlar 2027-yildan boshlanishi ko‘zda tutilgan. Dastlabki sinovlar logistika va yirik tijoriy transportlarda, jumladan, Tibadagi Tateyama tezyurar avtomagistralida o‘tkaziladi. Honda tizimning an’anaviy tezkor quvvatlash tarmog‘iga nisbatan narxi haqida hozircha ma’lumot bermadi: uning iqtisodiy jihatdan qanchalik foydali ekani ham hali baholanishi kerak.

