Hollivudda ulkan birlashuv: Paramount va Warner Bros. yagona mediaguruhga aylandi
Paramount Skydance raqibi Warner Bros. Discovery’ni qariyb 110 mlrd dollarga sotib olish jarayonini yakunladi. Skydance deb nomlanadigan birlashgan mediaguruh CBS bilan birga CNN telekanalini ham nazorat qiladi.

Hollivudda yirik qoʻshilish yuz berdi: Paramount va Warner Bros. endi yagona mediaguruhga aylandi. Paramount 6-oktabr kuni bitim yakunlanganini maʼlum qildi. Bu AQSH mediaindustriyasi tarixidagi eng katta birlashuvlardan biri sanaladi.
Bitimni yakunlash yoʻlidagi oxirgi toʻsiq bir necha kun oldin olib tashlangan edi: Kaliforniyadagi sudya kompaniyaning 12 shtat bilan tuzgan kelishuvini tasdiqlagan.
Mazkur shtatlar ikki yirik kinostudiyaning birlashuvi raqobatni cheklab qoʻyishi mumkinligidan xavotirlanib, bitimga qarshi chiqqan edi. Kelishuvga koʻra, Paramount AQSH hududida kino ishlab chiqarishga qoʻshimcha sarmoya kiritish majburiyatini olgan.
Endilikda yangi mediaguruh oldida kompaniyalar faoliyatini birlashtirish va oʻnlab milliard dollarlik qarzlarni toʻlash vazifasi turibdi. Hollivudda bitimdan soʻng ish oʻrinlari ommaviy qisqarishi mumkinligi borasida xavotirlar bildirilmoqda.
Birlashuvning siyosiy oqibatlari, ayniqsa CNN tahririy mustaqilligiga taʼsiri ham bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.
Paramount 2025-yildan beri texnologik milliarder Larri Ellison oilasi nazoratida. Oracle korporatsiyasi asoschisi boʻlgan Ellison AQSH prezidenti Donald Trampni bir necha bor ochiq qoʻllab-quvvatlagan va uning saylov kampaniyasiga mablagʻ ajratgan.
Paramount ilgari CBS telekanaliga egalik qilgan. Tramp esa CNN'ni oʻzi va maʼmuriyati haqida yolgʻon xabarlar tarqatishda bir necha bor ayblagan.
Shu bois bitim atrofidagi muhokamalar faqat kino bozoridagi raqobat bilan cheklanib qolmayapti. Yirik axborot telekanallarining bir mulkdor nazoratida jamlanishi va ularning tahririy mustaqilligini saqlash masalasi ham diqqat markazida turibdi.

