Hokimiyatni hokimiyatdan kim himoya qiladi? | 5 daqiqa
Qonunlar ruhi haqida eshitganmisiz? Har bir insonning tanasi va ruhi boʻlganidek, qonunlarning ham jismi va joni bor. Qonunning tanasini qogʻozda, ruhini esa hayotda koʻramiz. Qogʻozda adolatli tuyulgan qoida amalda kimnidir himoya qilishi, boshqani esa himoyasiz qoldirishi mumkin. Mutafakkirlar uch asr avval aynan shu masala haqida bosh qotirishgan.

Hokimiyatni hokimiyatdan kim himoya qiladi? | 5 daqiqa
Monteske bu asarda faylasuf, huquqshunos va siyosiy mutafakkir sifatida davlat, jamiyat, qonun va inson erkinligi haqida fikr yuritadi. Ushbu qimmatli kitob o‘zbek tiliga siyosatshunos Hamid Sodiq tomonidan tarjima qilingan.
Kitobdan odatiy qahramonlar, keskin burilishlar va sirli voqealarni kutmang. Bu yerda asosiy qahramon — hokimiyat, markaziy qarama-qarshilik esa erkinlik bilan mutlaq vakolat o‘rtasida kechadi.
Asarda hokimiyatni cheklash masalasi ko‘tariladi. Monteske inson tabiatini yaxshi anglagan mutafakkir sifatida bir xavfga e’tibor qaratadi: hokimiyat qo‘lidagi vakolat cheksiz bo‘lsa, uni suiiste’mol qilish ehtimoli ham ortadi. Shu bois jamiyat erkinligi faqat rahbarning yaxshi inson ekaniga bog‘liq bo‘lib qolmasligi kerak. Hokimiyatni nazorat qiladigan, uning o‘zboshimchaligini cheklaydigan tizim ham ishlashi lozim.
Monteskega ko‘ra, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bir qo‘lda jamlansa, haqiqiy dahshat boshlanadi. Erkinlik xavf ostida qoladi. Chunki bunday vaziyatda hokimiyatning o‘zini nazorat qilish imkoniyati deyarli yo‘qoladi. Tizim yoki shaxsning o‘zini tiyib turishi, faoliyatiga tanqidiy nazar bilan qarashi har doim ham oson emas.
Oddiyroq aytganda, imtihon savollarini tuzgan odamning o‘zi javoblarni tekshirib, o‘ziga baho qo‘ysa, natijaga qanchalik ishongan bo‘lardingiz? Albatta, bu davlat boshqaruvi bilan bir xil emas, ammo vakolatlarni ajratish nima uchun kerakligini tushunishga yordam beradigan kichik misol.
Muallif inson o‘z huquqlariga ishonib yashashi, qonun bilan himoyalanishi va hokimiyatning o‘zboshimchaligidan qo‘rqmasligiga urg‘u beradi. Qonun fuqaroni cheklash vositasi bo‘lish bilan birga, uni himoya qilish kafolatini ham ta’minlashi kerak.
Biroq, hamma narsada hokimiyatni ayblashga shoshilmang. Monteske faqat hokimiyat haqida yozmaydi. U nima uchun turli mamlakatlarda qonunlar bir-biridan farq qilishini ham tushunishga harakat qiladi. Uning fikricha, qonunlar tarix, urf-odatlar, iqtisodiy sharoit, din, turmush tarzi va boshqa omillar bilan bog‘liq. Demak, bir mamlakatda ish bergan qoida boshqasida xuddi shunday natija bermasligi mumkin. Qonunni jamiyatdan uzib olib o‘rganib bo‘lmaydi.
Bugun ham qonunlar qabul qilinmoqda. Yangi qarorlar chiqadi. Turli idoralar o‘z vakolatlarini amalga oshiradi. Ammo har qanday jamiyat uchun muhim savollar o‘zgarmay qolaveradi. Ya’ni qonun oldida hamma tengmi? Fuqaroning huquqlari buzilsa, u kimdan himoya izlaydi? Hokimiyat o‘z xatosini tan olishiga va uni tuzatishiga qanday sharoit yaratilgan? Sud haqiqatan ham qonunga tayanib qaror chiqarishi uchun nimalar kerak?

