«Hokim bova: «Mikrofonni mendan uzoqroq tutlaring!» (Hajviya)
Hokim bovaning ishlari juda yaxshi ekan. Faqat uning bitta muammosi bor ekan, uyam bo‘lsa –

«Hokim bova: «Mikrofonni mendan uzoqroq tutlaring!» (Hajviya)»
Hokim bovaning ishlari juda yaxshi ekan. Faqat uning bitta muammosi bor ekan — u ham bo‘lsa jurnalist. Yo‘lda chuqurlik bo‘lsa, jurnalist ko‘radi. Ko‘chada chiqindi bo‘lsa, jurnalist ko‘radi. Odamlarning muammosi bo‘lsa, jurnalist eshitadi. Qayerda muammo bo‘lsa, faqat va faqat jurnalist ko‘radi.
Hokim bova esa bularning hammasini faqat «Majlis bayonnomasi»da ko‘rar ekan.
Bir kuni hokim bova jurnalistni qabuliga chaqirtiribdi:
Hokim bova:
– Siz meni nega tanqid qilasiz?
Jurnalist:
– Sizda kamchilik bor.
Hokim bova:
– Kamchilik hammada bor.
Jurnalist:
– To‘g‘ri, lekin hammada hokimlik yo‘q.
Hokim bova:
– Har narsaniyam yozavermang. Masalan, yo‘lda chuqur borligini.
Jurnalist:
– Nima deb yozay?
Hokim bova:
– «Yo‘l infratuzilmasida yangi formatdagi tabiiy relef shakllanmoqda», deng.
Jurnalist:
– Unda odamlar mashinasini qayerda haydaydi?
Hokim bova:
– Buni o‘zimiz nazorat qilamiz.
Jurnalist:
– Qachon?
Hokim bova:
– Chuqurlar to‘lganda.
Jurnalist:
– Chuqurni kim to‘ldiradi?
Hokim bova:
– Ko‘p savol bermang!
Jurnalist kuldi:
– Siz ishlamagan joyda savol ko‘payib ketayapti, xolos!
Hokim bova bir zum jim qolibdi va:
– Mening yaxshi tomonlarimni yozing!
Jurnalist:
– Yozaman, mayli!
Hokim bova:
– Qachon?
Jurnalist:
– Kamchiliklaringiz kamayganida!
Hokim bova:
– Qachon kamayadi?
Jurnalist:
– Tanqiddan qochmay, muammolarni tuzatishni boshlaganingizda.
Hokim bova:
– Biz siz, jurnalistlar bilan hamkorlik qilamiz!
Jurnalist:
– Qanday hamkorlik?
Hokim bova:
– Biz ham gapirmaymiz, siz savol bermaysiz.
Jurnalist:
– Bu hamkorlik emas!
Hokim bova:
– Nima unda?
Jurnalist:
– Ikki tomonlama sukut.
Hokim bovaning asabi chiqib:
– Jurnalistlar hamma narsani kattalashtirib, bo‘rttirib ko‘rsatadi!
Jurnalist:
– Chunki hokimlar ko‘p muammolarni kichraytirib ko‘rsatishga allaqachon mutaxassis bo‘lib ketishgan.
Hokim bova:
– Sizlarga nima kerak o‘zi?
Jurnalist:
– Oddiy narsa.
Hokim bova:
– U nima?
Jurnalist:
– Savol bersak, javob. Xato ko‘rsatsak, tuzatish. Muammo aytsak, yechim.
Hokim bova:
– Yana boshqa nima?
Jurnalist:
– Boshqa narsa yo‘q.
Hokim bova:
– Maqtov-chi?!
Jurnalist:
– Ishlasangiz, xalqning o‘zi maqtaydi.
Hokim bova:
– Unda jurnalistlarning keragi ham yo‘q ekan-da...
Shu payt kotib kirib qoladi:
– Hokim bova, jurnalistning operatori ham shu yerda ekan...
Hokim bova boshini ushlab:
– Nima, maqsadi nima ekan? Nima demoqchi?
Kotib:
– «Men hech nima demayman», deyapti...
Hokim xursand bo‘lib:
– Ana, operatorlar yaxshi ekan...
Kotib:
– Yo‘q, u efir uchun mikrofon ham olib kelgan.
Hokim bova angrayib qolibdi.
Jurnalist:
– Qo‘rqmang, hokim bova, mikrofon odamni yemaydi.
Hokim bova:
– Yo‘qotinglar, buniyam, operatoriniyam!
Shu payt hokimning xizmat xonasiga mikrofon tutgan operator kirib keldi. Hokim bova qo‘rqib, stol ostiga kirib ketdi.
Jurnalist:
– Hokim bova, qo‘rqmang, biz faqat haqiqatni ko‘ramiz.
Hokim bova:
– Haqiqatni o‘chirib qo‘yinglar.
Operator:
– Hali buni o‘chirish tugmachasi chiqmagan.
Shu payt kotib yana hovliqib kirdi:
– Video internetga chiqib ketibdi!
Hokim bova:
– Qaysi video internetga chiqib ketibdi?
Kotib:
– Sizni mikrofondan qochib, stol ostiga kirib olganingiz.
Hokim bova:
– Ko‘rishlar soni?
Kotib:
– Bir millionga yaqin...
Hokim bova xursand bo‘lib:
– Demak, shuncha xalq meni yaxshi ko‘rarkan-da?!
Jurnalist:
– Yo‘q, hokim bova, bir million kishi stol ostidagi «ijtimoiy faolligingiz»ni ko‘rgan...
Hokim bova:
– O‘chiringlar, darhol o‘chirtiringlaaaar...
Jurnalist:
– Hokim bova, bitta savol...
Hokim bova:
– Yo‘qollaring savol-pavollaring bilan...
Jurnalist:
– Hali savol berganim yo‘q-ku?!
Hokim bova:
– Berma!
Va jahl bilan o‘shqirib:
– Hamma muammoni senlar qilasanlar!
Jurnalist:
– Biz muammo qilmaymiz, biz bor muammoni olib chiqamiz!
Hokim bova:
– Men senlardan qo‘rqmayman!
Shu zahoti mikrofon unga yaqinlashdi. Hokim bova ikki qadam orqaga chekindi va:
– Mikrofonni mendan uzoqroq tutlaring!
Jurnalist:
– Efir uchun sarlavha tayyor! Buni o‘zingiz berdingiz.
Hokim bova:
– Qanday?
Jurnalist:
– «Hokim bova: «Mikrofonni mendan uzoqroq tutlaring!»
Hokim bova:
– E-e, jurnalistlardan qochib bo‘lmas ekan-da...
Jurnalist:
– Qochmang, hokim bova, qochmang! Jurnalistdan qochsangiz, kamera orqangizdan boradi.
Hokim bova:
– Unda qayerga boraman?!
Jurnalist:
– Ishlashga, hokim bova, ishlashga. U yerda mikrofon ham, xalq ham sizdan rozi bo‘ladi...

