Hindiston Oʻzbekiston achchiq qalampiri va anorlari importiga ruxsat berdi
Hindiston belgilangan fitosanitariya talablariga rioya qilingan taqdirda Oʻzbekistondan yangi uzilgan chili qalampiri va anor import qilishga ruxsat berdi. Bu qaror Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 29–30 avgust kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifidan koʻp oʻtmay qabul qilindi. 31 avgust kuni Hindiston Qishloq xoʻjaligi va fermerlar farovonligi vazirligi fitosanitariya xavflarini boshqarish tizimi doirasida Oʻzbekiston mahsulotlarini kiritish toʻgʻrisida bildirishnoma eʼlon qildi. Yangi uzilgan chili qalampiri yetkazib berish uchun […]

Hindiston Oʻzbekiston achchiq qalampiri va anorlarini olib kirishga ruxsat berdi
Hindiston belgilangan fitosanitariya talablariga rioya qilingan holda Oʻzbekistondan yangi uzilgan achchiq qalampir va anor import qilishga ruxsat berdi. Ushbu qaror Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining 29–30 avgust kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifidan koʻp oʻtmay qabul qilindi.
31 avgust kuni Hindiston Qishloq xoʻjaligi va fermerlar farovonligi vazirligi fitosanitariya xavflarini boshqarish tizimi doirasida Oʻzbekiston mahsulotlarini olib kirishga ruxsat berish toʻgʻrisida bildirishnoma eʼlon qildi.
Yangi uzilgan achchiq qalampir yetkazib berish uchun pomidor zang kanasi va pomidor mevalarining jigarrang burishish virusi yoʻqligini tasdiqlash zarur. Bundan tashqari, mahsulot turkumlari tuproq va oʻsimlik qoldiqlaridan tozalangan boʻlishi kerak.
Anor uchun alohida talablar nazarda tutilgan. Mahsulot tarkibida tuproq, begona oʻtlar urugʻlari va oʻsimlik qoldiqlari boʻlmasligi lozim. Shuningdek, behi kuyasi, Yevropa uzum barg oʻrovchisi, Komstok qurti va kulrang chirish kabi bir qator zararkunandalar hamda kasalliklardan xoli ekanligi toʻgʻrisidagi sertifikat talab etiladi.
Hindiston bozoriga chiqish Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochadi va ikki mamlakat oʻrtasidagi agrooziq-ovqat savdosini kengaytiradi.
Hindiston achchiq qalampir yetishtirish va isteʼmol qilish boʻyicha dunyodagi eng yirik davlatlar qatoriga kiradi. Shu bilan birga, mamlakatda yetishtiriladigan mahsulotning asosiy qismi ichki bozorga yoʻnaltiriladi, Hindiston ziravorlar eksportining qariyb 31 foizi esa achchiq qalampir hissasiga toʻgʻri keladi.
Oʻzbekiston achchiq qalampiri va anorlarini Hindiston bozoriga olib kirishga ruxsat berish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi iqtisodiy va agrar hamkorlik faollashgan bir paytda qabul qilindi.

