Hindiston ikki yilda Made in India yoʻlovchi samolyotini ishlab chiqarmoqchi
Hindiston qoʻshma korxona orqali ikki yil ichida mamlakatda ishlab chiqarilgan fuqarolik samolyotiga ega boʻlishni maqsad qilgan. Bu haqda fuqaro aviatsiyasi vaziri K. Rammoxan Naydu Dehlidagi simpoziumda maʼlum qildi.

Hindiston ikki yil ichida Made in India yoʻlovchi samolyotini yaratmoqchi
Vazirning soʻzlariga koʻra, mamlakatda aviatsiya texnikasini ishlab chiqarish uchun zarur sanoat muhit shakllanib bormoqda.
«Ikki yil ichida Hindistonda ishlab chiqarilgan fuqarolik samolyotiga ega boʻla olamiz», - degan Naydu.
Shu bilan birga, u loyihani amalga oshirishi kutilayotgan qoʻshma korxona haqida batafsil maʼlumot bermagan. Samolyot modeli, sigʻimi, hamkor kompaniyalar hamda ishlab chiqarishda mahalliy qismlar ulushi ham oshkor etilmagan.
Shu sababli, bayonot mamlakatda samolyot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadini anglatadi. Uning butunlay yangi, mustaqil ishlab chiqilgan samolyot boʻlishi haqida hozircha aniq maʼlumot yoʻq.
Naydu Hindiston aviatsiya bozoridagi talabga ham toʻxtalgan. Uning maʼlumotiga koʻra, mahalliy aviakompaniyalar umumiy qiymati qariyb 100 mlrd dollar boʻlgan 1 600 tadan ortiq samolyotga buyurtma bergan.
Hozir mamlakatda 165 ta aeroport bor. Hindiston aviakompaniyalari parki esa taxminan 850 ta havo kemasidan iborat.
Kelgusi oʻn yilda yana 100 tadan ortiq yangi aeroport ochilishi kutilmoqda.
Hukumat aviatsiya dvigatellarini ham mamlakat ichida ishlab chiqarish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Biroq vazir bunday ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish ancha vaqt olishini taʼkidlagan.

