Hindiston fuqarosi Everest bazaviy lageri yaqinida ikkita vertolyot toʻqnashib ketishi oqibatida halok boʻldi
Ikkita vertolyot bazaviy lager yaqinidagi bir xil joyga qoʻnishga uringanidan soʻng, yerdan atigi bir necha metr balandlikda toʻqnashib ketdi.

Everest bazaviy lageri yaqinida ikki vertolyot toʻqnashib ketishi oqibatida Hindiston fuqarosi halok boʻldi
Everest togʻining bazaviy lageri yaqinida qoʻnishga urinayotgan ikki vertolyot toʻqnashib ketishi oqibatida hindistonlik sayyoh halok boʻldi, deb xabar berdi ikki nafar rasmiy BBC’ga.
Halokatning tasdiqlangan videotasvirlarida mahalliy vaqt bilan soat 08:15 atrofida (Grinvich boʻyicha 02:30) Everest bazaviy lageridan taxminan 12 km (7 mil) janubda joylashgan Feriche qishlogʻida qoʻnishga kelayotgan ikki vertolyotning parraklari bir-biriga tegib ketganini koʻrish mumkin.
Fishtail Air vertolyot kompaniyasi halok boʻlgan shaxs Hindiston fuqarosi Vasant Kumar Balaramudu ekanini maʼlum qildi.
Kompaniya toʻqnashuvda uning havo kemalaridan biri ishtirok etganini, yana bir yoʻlovchi va vertolyot kapitani jarohat olganini bildirdi.
Fishtail Air bayonotida aytilishicha, jarohatlangan yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolari qutqarilib, Katmanduga evakuatsiya qilingan.
Soluxumbu okrugi rasmiysi Bxupendra Txapa BBC Nepal xizmatiga jarohatlangan yoʻlovchi Yangi Zelandiyadan kelgan sayyoh ekanini aytdi.
Halokatda ishtirok etgan ikkinchi vertolyot Air Dynasty kompaniyasi tomonidan boshqarilgan va yuk tashiyotgan edi, deyiladi kompaniya xabarida.
Bortda bir nafar ekipaj aʼzosi boʻlgan va hech kim jarohat olmagani qoʻshimcha qilingan.
Nepal Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi namoyandasi Gyanendra Bxul shunday dedi: "Halokat ikki vertolyot... bir joyga qoʻnishga uringanida sodir boʻlganga oʻxshaydi".
Hodisa videosida havo ochiq boʻlgani, kuchli shamol taʼsiri koʻrinmagani aks etgan. Vertolyotlardan biri boshqasiga qaraganda tezroq pastlayotganini koʻrish mumkin.
Himalay togʻlaridagi ushbu mamlakatda murakkab relyef sababli transport vositasi sifatida vertolyotlardan keng foydalaniladi. Biroq, ob-havoning tez oʻzgarishi va yuqori balandlik koʻpincha parvozlarni xavfli qiladi.
Dunyoning eng baland togʻi boʻlmish Everest choʻqqisiga chiqish alpinistik yoʻnalishida joylashgan Feriche qishlogʻi dengiz sathidan 4,000 metrdan (13,120 fut) ortiq balandlikda joylashgan.
Kuz fasli ommabop alpinizm mavsumi boʻlgani sababli, hozirda bu mintaqada Everest va Ama Dablam choʻqqilariga chiqish ekspeditsiyalari boʻlib oʻtmoqda.

