Hindiston fuqarolari endi 8 davlat va Shengen vizasi bilan O‘zbekistonga vizasiz kira oladi
1-sentabrdan Hindiston fuqarolari Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Janubiy Koreya, Shengen davlatlari, Yangi Zelandiya yoki Yaponiyaning ko‘p martalik biznes yoki turizm vizasiga ega bo‘lsa, O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishi mumkin. Buning uchun o‘z yoki uchinchi davlatga aviachiptasi bo‘lishi kerak.

Hindiston fuqarolari endilikda 8 ta davlat va Shengen vizasi bilan O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab, Hindiston fuqarolari ma’lum davlatlarning amaldagi ko‘p martalik biznes yoki turizm vizasiga ega bo‘lgan taqdirda, O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishlari mumkin bo‘ladi. Bu yangi tartib Prezidentning 2026-yil 29-avgustdagi PF-180-sonli farmoni bilan tasdiqlandi.
Vizasiz kirish huquqiga ega bo‘lish uchun Hindiston fuqarosi quyidagi davlatlardan birining amaldagi ko‘p martalik biznes yoki turizm toifasidagi kirish vizasiga ega bo‘lishi shart:
* Kanada
* AQSh
* Buyuk Britaniya
* Shengen hududi davlatlari
* Yaponiya
* Avstraliya
* Yangi Zelandiya
* Janubiy Koreya
Bundan tashqari, fuqaro o‘z mamlakatiga yoki uchinchi davlatga uchish uchun aviachipta taqdim etishi lozim.
Vizasiz rejim xorijiy viza amal qiladigan davr mobaynida O‘zbekistonga kirgan kundan boshlab 30 kungacha bo‘lgan muddatga amal qiladi.
Ya’ni, Hindiston fuqarosi yuqorida sanab o‘tilgan davlatlardan birining amaldagi ko‘p martalik biznes yoki turizm vizasiga ega bo‘lsa va O‘zbekistondan keyingi yo‘nalishga aviachipta ko‘rsatsa, alohida O‘zbekiston vizasini olishi talab etilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, 29-30-avgust kunlari Hindiston bosh vaziri Narendra Modi O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi. Muzokaralar davomida ikki davlat 2030-yilgacha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Hukumatlar o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 12 ta hujjat imzolandi.

