«Hind Rajabning ovozi» – Isroil askarlari falastinlik 5 yoshli qizchani qanday oʻldirgandi?

«Hind Rajabning ovozi» – Isroil askarlari falastinlik 5 yoshli qizchani qanday oʻldirgandi?
Soʻnggi kunlarda Isroil bosh vaziri Netanyahuning BMTdagi nutqi keng muhokama qilinmoqda. U Isroil Gʻazoda genotsid sodir etgani haqidagi ayblovlarni «asrning eng katta yolgʻoni» deb atadi. Ammo Isroil Falastin zaminida amalga oshirayotgan bu safargi qilmishlar avvalgilarga oʻxshamaydi: bu galgi urush toʻlqinini deyarli butun dunyo onlayn tarzda kuzatib bormoqda. Gʻazoda shunchalik koʻp urush jinoyatlari sodir etildiki, endi ularni inkor etishning iloji qolmadi.
2024-yil yanvarida Gʻazoni qamal qilib turgan Isroil harbiylari navbatdagi qirgʻinni amalga oshiradi. Ular 5 yoshli qizcha, uning olti nafar qarindoshi va Falastin Qizil yarim oy jamiyati xodimlarini oʻldiradi. Bu voqea xalqaro miqyosda qoralangan boʻlsa-da, Isroil hodisa yuz berganini rad etadi. Yaqinda esa yahudiy davlati qirgʻinni tan oldi va surishtiruv boshlandi. Biroq huquq himoyachilari tekshiruvlar samarasiz yakunlanishi, harbiy jinoyatchilar esa jazodan qutulib qolishini taxmin qilmoqda.
Isroil davlati tashkil topganidan beri Falastin xalqiga nisbatan shafqatsizlik qilib keladi. Zulm 1980-yillar oʻrtalarida Falastin oʻzini mustaqil davlat deb eʼlon qilganidan keyin ham toʻxtamadi va hanuz davom etmoqda. Oʻtgan yillar davomida Isroil Falastinga tegishli juda katta hududni bosqinchilik yoʻli bilan oʻziga qoʻshib oldi. Keyin falastinliklarni quvib chiqardi, uylarni buzdi va ularning oʻrniga yahudiylar uchun uy-joylar qurdi.
2023-yilda Hamasning Isroilga hujumiga javoban boshlangan urush Gʻazoni vayronaga aylantirdi. 2024-yil yanvarida oila aʼzolari bilan birga oʻldirilgan 5 yoshli qizcha Hind Rajab vahshiylik qurboni boʻlgan navbatdagi arab bolasi edi.
2024-yil 29-yanvar kuni Hind Rajab va uning olti nafar qarindoshi Isroil harbiylari tomonidan oʻqqa tutilayotgan Gʻazodan chiqib ketishga qaror qiladi. Ular Tel al-Hava tumanidan Kia mashinasiga oʻtirib yoʻlga chiqadi. Oʻsha atrofda boʻlgan Isroil tanki mashinaga qarata snaryad otadi. Natijada Hindning xolasi, togʻasi va uch nafar amakivachchasi halok boʻladi. Qizcha va uning 15 yoshli yana bir amakivachchasi Hamada yaralanadi.
Hamada Falastin Qizil yarim oy jamiyatiga qoʻngʻiroq qilib, yordam soʻraydi va «roʻparamizda tank turibdi, ular bizni oʻqqa tutyapti, biz yengil mashinadamiz. Qarindoshlarimiz halok boʻlishdi», deydi. Shu paytda isroillik harbiy Hamadani otib oʻldiradi. Telefonni Hind Rajab oladi, xodimlar unga aloqani uzmaslikni, tez orada yordamga borishlarini aytishadi.

