Heytfolloving: nega yoqtirmaydigan odamlarimizga ham obuna bo‘lamiz?

**Heytfolloving: Nega biz yoqtirmaydigan insonlarga ham obuna bo‘lamiz?**
Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan bizni g‘azablantiradigan, asabiylashtiradigan yoki yoqtirmaydigan shaxslarni kuzatishda davom etamiz. Hatto ularning har bir postini ko‘rib, izohlarda bahslashishgacha boramiz. Psixologlar bu holatni "heytfolloving" deb atashadi. Xo‘sh, nega inson o‘ziga yoqmaydigan kishini ataylab kuzatadi?
**Heytfolloving nima?**
Heytfolloving – bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisining o‘zida salbiy his-tuyg‘ular uyg‘otadigan odamga obuna bo‘lishi yoki uni yashirincha kuzatib borishi. Bunda g‘azab, nafrat, jahldorlik yoki bezovtalik kabi hislar paydo bo‘lishi mumkin.
Ba’zilar shunchaki yoqtirmaydigan insonining sahifasini muntazam kuzatadi. Boshqalar esa uning postlari ostida salbiy izohlar qoldiradi.
**Nega odamlar yoqtirmaydigan kishilarni kuzatadi?**
Bir qarashda, kimdir sizni asabiylashtirsa, shunchaki undan obunani bekor qilish mumkin. Ammo buning ortida turli sabablar bo‘lishi mumkin.
**1. Yangi his-tuyg‘ularni boshdan kechirish uchun**
Psixiatr-psixoterapevt Pavel Beschastnovning ta’kidlashicha, inson doimo qandaydir hislarni boshdan kechirishga ehtiyoj sezadi. Ijobiy hislar yoqimliroq, albatta, ammo salbiy hislar ham his-tuyg‘u hisoblanadi.
Shuning uchun ayrim odamlar g‘azab, norozilik yoki keskin bahslar orqali ham kuchli hissiyotlarni boshdan kechirishni xohlashi mumkin. Xuddi odam qo‘rqinchli bo‘lsa-da, ekstremal attraksionlarga chiqib, bundan zavq olgani kabi.
**2. Vaziyatni nazorat qilayotgandek his qilish uchun**
Inson ongsiz ravishda o‘zini bezovta qilayotgan odamni xavf manbai sifatida qabul qilishi mumkin. Shu sababli uni kuzatib borish vaziyat ustidan nazorat o‘rnatayotgandek taassurot beradi.
Masalan, o‘rmonda ilonga duch kelsangiz, u uzoqlashib ketmaguncha ko‘zingizni undan uzmaysiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatiladi. Bundan tashqari, salbiy izohlar yozish odamga boshqa turdagi hissiy qoniqish beradi. Analitik psixolog va neyropsixolog Natalya Kaurovaning fikricha, ayrimlar mashhur inson yoki bloger ustidan qandaydir “hokimiyat”ga ega ekanini his qilishdan zavq oladi.
**3. Ichidagi g‘azabni chiqarish uchun**
Internet odamga o‘z his-tuyg‘ularini deyarli qarshiliksiz chiqarish imkonini beradi. Psixolog Mariya Bogrovaning ta’kidlashicha, kundalik hayotda g‘azabini ko‘rsatishga qiynaladigan odamlar ba’zan uni internet orqali chiqaradi. Ya’ni odam istagan salbiy fikrini yozishi mumkin va buning oqibati ko‘pincha bloklanish yoki tanbeh bilan cheklanadi.
**4. O‘zining haq ekanini isbotlash uchun**
Ba’zan bizni kuchli g‘azablantirayotgan inson biz o‘zimizga ruxsat bermaydigan ishni qilayotgan bo‘lishi mumkin. Masalan, kimdir boshqacha yashaydi, boshqacha kiyinadi yoki hayotga boshqa qarashda bo‘ladi. Bunday vaziyatda odam “Men to‘g‘ri yashayapman, u esa noto‘g‘ri” degan fikrini o‘ziga qayta-qayta isbotlashga urinishi mumkin.
**5. O‘zini boshqalardan ustun his qilish uchun**
Internetda o‘zidan “yomonroq” deb hisoblagan odamni topish ham o‘ziga bo‘lgan bahoni oshirishning oson yo‘li bo‘lishi mumkin. Masalan, blogerning imlo xatolarini qidirish, tashqi ko‘rinishini yoki fikrlarini tanqid qilish orqali odam o‘zini undan aqlliroq yoki yaxshiroq ekanini his qiladi.
**6. Haqiqiy muammolardan chalg‘ish uchun**
Yoqtirmaydigan blogerning sahifasini ko‘rish yoki uning postlari ostida bahslashish ham vaqtincha kundalik muammolarni unutishga yordam beradi. Bu ham vaqt o‘tkazishning bir turi.
**Heytfollovingning zarari nimada?**
* **Bu sizni ranjitadi:** Salbiy his-tuyg‘ularning o‘zi yomon emas. Ular bizga nimadir noto‘g‘ri ekanini bildirishi mumkin. Ammo sizni doimiy ravishda g‘azablantiradigan insonni ataylab kuzatish — o‘zingizni qayta-qayta ranjitish bilan barobar.
* **Bu vaqtingizni oladi:** Gap faqat birovning sahifasini ochishga ketadigan bir necha daqiqada emas. Undan keyin ham odam o‘qigan postlari haqida o‘ylashi, ichida bahslashishi va salbiy hissiyotlardan chiqishga vaqt sarflashi mumkin.
* **Bu sizni jahlingizni chiqarayotgan odamga foyda keltiradi:** Ijtimoiy tarmoq algoritmlari sizning u insonni yaxshi ko‘rishingiz yoki yomon ko‘rishingizni ajratmaydi. Ko‘rishlar, obunalar va izohlar uning faolligini oshiradi. Demak, sizning e’tiboringiz u insonning mashhurligini yanada kuchaytirishi mumkin.
**Heytfollovingga berilib ketganingizni sezsangiz, nima qilish kerak?**
Agar kimdir sizni doimiy ravishda asabiylashtirsa, o‘zingizga bir nechta savol berib ko‘ring:
* Nega men bu odamga obuna bo‘lganman?
* Nega uning postlarini muntazam ko‘raman?
* Nega izoh yozaman?
* Bu menga nima beradi?
* Nima uchun obunani bekor qila olmayapman?
* Agar uni kuzatishni to‘xtatsam, bo‘shagan vaqtimni nimaga sarflayman?
Psixolog Mariya Bogrovaning fikricha, eng muhimi — bu odat orqali qanday ehtiyojingizni qondirayotganingizni tushunish. Keyin esa o‘sha ehtiyojni boshqa, sog‘lomroq yo‘l bilan qondirish mumkin.
Ba’zan bizni eng ko‘p asabiylashtiradigan odam aslida biz haqimizda boshqalardan ko‘ra ko‘proq narsani ko‘rsatib berishi mumkin.

