“Heyt qilmang, aks holda ketaman”: Jennifer Lourens ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochdi va obunachilariga ultimatum qo‘ydi

“Heyt qilmang, aks holda ketaman”: Jennifer Lourens ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochdi va obunachilariga ultimatum berdi
Jennifer Lourens ko‘p yillar davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmay kelgan kam sonli Gollivud yulduzlaridan biri edi. Hamkasblari selfilar, reklama integratsiyalari va postlari bilan bo‘lishayotgan bir paytda “Oskar” sovrindori o‘zini chetda tutib keldi. Ammo bu hafta u akkaunt ochdi va buni o‘ziga xos uslubida — samimiy, dangal va hazil-mutoyiba bilan amalga oshirdi.
@jlaw akkaunti 9-sentyabr, chorshanba kuni ochildi. Profil tavsifidayoq Jennifer Lourens nega o‘zining to‘liq ismini ololmaganini izohladi: “jenniferlawrence band edi”. Shuning o‘rniga u muxlislar va matbuot allaqachon ishlatib kelayotgan nikni tanladi. Avatarda aktrisaning sartaroshxona kreslosida o‘tirgan kulgili surati joylashtirildi, birinchi videoni esa u uyqusirab yotgan holatda tasvirga oldi.
Ushbu videoda “Hayot-mamot o‘yinlari”ning 36 yoshli yulduzi obunachilariga ogohlantirish bilan murojaat qildi va bu xabar darhol tarqalib ketdi.
“Men bunga imkon beryapman, agar kimdir biror salbiy gap aytsa, men ketaman. Darhol. Gap-so‘zsiz”, dedi u. Va yana qo‘shimcha qildi: “Agar kimdir yomon narsa o‘ylasa ham, men buni bilib olaman. Va ketaman”.
Video bir zumda ommalashdi. Dastlabki sutkada akkaunt 978 mingdan ortiq obunachi yig‘di, payshanba kuni kechqurunga kelib esa bu ko‘rsatkich 3,6 milliondan oshdi. Muxlislar Lourensning ijtimoiy tarmoqdagi paydo bo‘lishini xuddi sovg‘adek qabul qilishdi va agar kimdir unga nojo‘ya biror narsa yozishga jur’at etsa, bu tarixdagi eng qisqa ijtimoiy tarmoq tajribasi bo‘lishi haqida darhol hazillasha boshlashdi.
Qizig‘i shundaki, Lourens uzoq vaqtdan beri ijtimoiy tarmoqlarni tanqid qilib kelgan. 2018-yildagi intervyusida u ular “miyani yemirishi”ni va odamlar nega ularga bunchalik ko‘p vaqt sarflashini tushunmasligini aytgan edi. O‘shanda aktrisa o‘z hayotini omma oldida ko‘z-ko‘z qilishdan ma’no ko‘rmasligini tan olgandi. Biroq zamon o‘zgarmoqda va, aftidan, aktrisa buni sinab ko‘rishga qaror qildi — ammo o‘z shartlari asosida.
Bu qadam Jennifer Lourensning Marvel’ga qaytishi mumkinligi haqidagi muhokamalarning yangi to‘lqiniga to‘g‘ri keldi. Aktrisa “Iks odamlar” turkumining to‘rtta filmida — “Birinchi klass” (2011), “O‘tgan kelajak kunlari” (2014), “Apokalipsis” (2016) va “Qora Feniks” (2019) filmlarida Mistik rolini ijro etgan. Muxlislar uning qaytishini uzoq vaqtdan beri kutayotgan bo‘lsa-da, Marvel tomonidan rasmiy tasdiq yo‘q. Bundan tashqari, bo‘lajak “Qasoskorlar: Qiyomat kuni” filmida Mistik rolini asl trilogiyada ushbu qahramonni o‘ynagan Rebekka Romeyn ijro etadi.
Jennifer Lourensning o‘zi yana soatlab vaqtini grimxonada o‘tkazishidan xursand emasligini bir necha bor aytgan. Marvel uni qaytarmoqchi bo‘lsa ham, aktrisaning bu rolga rozi bo‘lishi aniq emas. Hozircha esa aktrisaning akkaunti kundan kunga o‘sib bormoqda.

