Hellouin shirinliklari narxining keskin oshishi xaridorlarni vahimaga solmoqda
Shirinliklar, ayniqsa, shokolad narxi keskin koʻtarildi va Hellouin uchun arzon mahsulot qidiruvchilar chegirmalar hamda xarajatlarni kamaytirish yoʻllarini izlamoqda.

**Xellouin shirinliklari narxining keskin oshishi xaridorlarni vahimaga solmoqda**
Ushbu vahimali mavsumda shirin xaridlardan taskin topmoqchi boʻlgan AQShdagi Xellouin xaridorlari turmush darajasi xarajatlarining oilalar byudjetiga bosimi tufayli mavsumiy shirinliklarning juda qimmatligidan hayratda qolmoqda.
Xellouin bayramida bolalarga tarqatish uchun arzonroq shirinliklar qidirayotgan 33 yoshli moliyaviy maslahatchi Demetrio Beltres bu yil narxlar ancha yuqori boʻlgani sababli odatdagi 15 dollardan (11 funt sterling) 20 dollargacha boʻlgan xarajatidan koʻproq pul sarflayotganini aytdi.
«Bolalarga nimadir bera olishimga ishonch hosil qilish uchun kamida 20 dollardan 30 dollargacha sarflashga harakat qilyapman», dedi u Manxettendagi Target doʻkonida rastalardagi turli rangli mahsulotlarni koʻzdan kechirar ekan.
Bu yil yana koʻplab boshqa kishilar ham Demetrio kabi vaziyatga tushib qolishgan.
Kolumbiya biznes maktabining dotsent-professori Stiven Zagorning aytishicha, odamlarning xarajat qilish imkoniyati cheklangan va kundalik ehtiyoj mollari qimmatlashganda, ular Xellouinni alohida hashamat bilan nishonlashni xohlamasliklari mumkin.
«Fikrimcha, bu bayram eshik oldida odamlarni qoʻrqitishdan koʻra, iqtisodiy nuqtai nazardan koʻproq qoʻrqinchli boʻlib qoldi», dedi u.
Soʻl yoʻnalishdagi "Groundwork Collaborative" notijorat tashkiloti va "Century Foundation" tomonidan oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatdiki, mashhur Xellouin shokoladlari va qandolat mahsulotlari narxi bu yil 2025 yilga nisbatan 15,3 foizga yuqori boʻlgan.
"Finance Buzz" shaxsiy moliya firmasining alohida tadqiqotiga koʻra, soʻnggi besh yil ichida Xellouin shirinliklari narxi 71 foizga oshgan — bu xuddi shu davrdagi umumiy narxlar oʻsish surʼatidan ancha yuqori.
Umuman olganda, qandolat mahsulotlari narxining oshishiga kakao tannarxining koʻtarilishi sabab boʻldi.
Sent-Luis Federal zaxira banki orqali Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlariga koʻra, bir tonna kakao narxi 2025 yilning yanvar oyida eng yuqori choʻqqiga — 10 700 dollardan oshiqroqqa yetdi, chunki iqlim oʻzgarishi taʼminotga zarba bergan noqulay ob-havo sharoitlariga olib keldi.
«Hozirda isteʼmol qilinayotgan kakao narxlar yuqori boʻlgan paytda sotib olingan edi», dedi oziq-ovqat biznesi boʻyicha mutaxassis Zagor.
Turmush darajasi xarajatlari bosimi ham kuchaydi, inflyatsiya 3,7% ni tashkil etmoqda va yonilgʻi narxlari yuqoriligicha qolmoqda. Dizel yonilgʻisi bir galloni uchun 6,32 dollarni tashkil etib, sentyabr oyida oʻrnatilgan rekorddan bor-yogʻi 20 tsentga pastdir.
Nyu-Yorkda Xellouin shirinliklarini sotib olayotgan xaridorlar narxlar ogʻirligini his qilishmoqda.
«Hamma narsa qimmat, shuning uchun Xellouin shirinliklari ham qimmatligi meni hayron qoldirmaydi», dedi familiyasini aytishni xohlamagan Mellori.
«Nielsen IQ» isteʼmolchilar va bozorni tadqiq qilish kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, turmush darajasi xarajatlarining umumiy bosimi bayram oldidan odamlarning qancha mahsulot sotib olishiga taʼsir koʻrsatdi. Aniqlanishicha, Xellouin shirinliklari sotuvi sentyabr oyi oʻrtalariga kelib 11,7 foizga, oktyabr oyi oʻrtalariga kelib esa 6,7 foizga kamaygan.
NielsenIQ kompaniyasining AQSh oziq-ovqat sanoati tahlili boʻyicha vitse-prezidenti Kris Kostaglining aytishicha, xaridorlar Xellouin yaqinlashgani sababli koʻproq xarajat qilishga tayyordek koʻrinsa-da, baribir ehtiyotkorlik qilishmoqda.
«Sotuvlar sentyabrda boshlagan nuqtamizga nisbatan ancha yaxshilandi, kichik qadoqdagi mahsulotlar ommalashmoqda, katta hajmdagilar esa qiyinchilikka duch kelmoqda», dedi u.
«Bu bayramni hamon nishonlashni xohlaydigan, lekin xarid savatiga nima tushayotganiga ancha sinchkovlik bilan eʼtibor beradigan isteʼmolchiga oʻxshaydi».
Xellouinni va anʼanaviy Xellouin shirinliklarini yoqtiradigan Zagorning aytishicha, xarajatlarni kamaytirish — bolalar eshigingizga kelganida ularga oʻzgacha taassurot ulashish imkoniyati boʻlishi mumkin.
«Bu siz beradigan bir boʻlak shirinlik bilan bir qatorda, bolalar uyingizga kelganida shirinlikni qanday taqdim etishingizga ham bogʻliq boʻlishi mumkin», dedi u.
Mumkin boʻlgan gʻoyalar orasida bolalarning idishga qoʻl uzatishiga yoʻl qoʻymasdan, shirinliklarni vahimali soxta skelet qoʻli bilan tarqatish yoki mehmonlarni kutib olish uchun bayramona liboslar kiyish kiradi.
Zagorning taʼkidlashicha, shirinliklarni oʻzingiz tayyorlashingiz ham yana bir variant boʻlib, buning uchun odamlarni birgalikda tayyorlashga taklif qilish mumkin.
«Siz albatta biroz sehrli, biroz qiziqarli narsa qilishingiz mumkin», deb taklif kiritdi u.
«Shoʻxlik yoki kutilmagan sovgʻa [trick] beriladigan shirinlik [treat] kabi muhim boʻlishi mumkin».

