Layfstayl

Hayvonlar bosqini, 3,5 soatlik grim, sun’iy to‘lqinlar: “Jumanji” filmi qanday suratga olingan?

Hayvonlar hujumi, 3,5 soatlik grim, sun’iy to‘lqinlar: “Jumanji” filmi qanday suratga olingan?

“Jumanji” filmi jungldagi xavf-xatarlarni haqiqiy dunyoga olib chiqishga qodir bo‘lgan g‘aroyib stol o‘yini haqida hikoya qiladi. 1969-yilda o‘smir Alan Parrish o‘yinni topib oladi va dugonasi Sara bilan birga o‘ynay boshlaydi, biroq tez orada o‘yin ichida yo‘qolib ketadi. 26 yil o‘tgach, eski uydan “Jumanji”ni topib olgan Judi va Piter ismli bolalar tufayli Alan qaytib keladi. Endi qahramonlar ko‘p yillar avval boshlangan o‘yinni tugatishlari, shuningdek, yovvoyi hayvonlar hujumi, tabiiy ofatlar va aqldan ozgan ovchi Van Peltdan omon qolishlari kerak.

Robin Uilyams ssenariyning dastlabki variantini ko‘rgach, suratga tushishdan bosh tortgan. Rejissyor Jo Jonston hamda ssenariynavislar Greg Teylor, Jim Streyn va Kris Van Ollsberg hikoyani qayta ishlaganidan keyingina aktyor bu rolga rozi bo‘lgan. Shu bilan birga, “TriStar Pictures” studiyasi loyihani faqat bosh rolni Uilyams ijro etsa, moliyalashtirishga tayyor edi.

Jonston aktyorning improvizatsiya qilishidan xavotirlangan. Oxir-oqibat ular murosaga kelishdi: Uilyams avval sahnalarni ssenariy bo‘yicha ijro etar, keyin esa qo‘shimcha dubllar yozilib, ularda improvizatsiya qilishi, jumladan, Bonni Hant bilan birga o‘ynashi ham mumkin edi.

1995-yilda film suratga olinayotganda maxsus effektlar jamoasi bir vaqtning o‘zida bir nechta texnologiyadan foydalangan.

Amalgamated Dynamics kompaniyasi hayvonlarning mexanik va animatsion modellarini tayyorladi, Industrial Light & Magic esa raqamli qahramonlarni yaratdi. Film uchun ILM mutaxassislari ikkita yangi dastur ishlab chiqdi: iSculpt kompyuter hayvonlarining mimikasini yaratishga yordam berdi, boshqa texnologiya esa junni realistik ko‘rsatish imkonini berdi.

Bu yondashuv suratga olish maydonchasidagi jismoniy obyektlarni karkidonlar, fillar, maymunlar va Jumanjining boshqa jonzotlarining raqamli podalari bilan birlashtirish imkonini berdi.

Perrishlar qasri bir vaqtning o‘zida bir nechta ko‘rinishda mavjud edi. Suratga olish uchun alohida xonalar, fasadlar va uyning yirik qismlari yaratildi, interyerlarning bir qismi esa Vankuver atrofidagi pavilyonlarda qurildi.

Ayniqsa, uyning vayron bo‘lish sahnasi juda murakkab bo‘lgan. Bu epizod uchun ILM moviy ekran fonida suratga olingan qasrning katta modelini yasadi. Natijada tomoshabin o‘yindagi voqealar ta’sirida bino tom ma’noda qulab tushayotganini ko‘radi.

O‘yindagi tropik jala haqiqiy suv toshqiniga aylanishi kerak edi. Shu sababli bu epizod uchun katta hajmdagi suvni boshqarish mumkin bo‘lgan maxsus pavilyonlar qurildi.

Yomg‘ir va to‘lqinlar sun’iy ravishda yaratildi, keyin material vizual effektlar bilan to‘ldirildi. Bu usul aktyorlarga yashil ekran oldida suvni tasvirlash o‘rniga, u bilan bevosita o‘zaro ta’sir qilish imkonini berdi.

Filmning eng ko‘lamli sahnalaridan biri — hayvonlarning shahar bo‘ylab qochishi — ham bir necha tarkibiy qismdan yig‘ilgan. Suratga olish maydonchasida dekoratsiyalar va maxsus konstruksiyalar ishlatilgan, hayvonlarning o‘zi esa keyinroq kompyuter grafikasi yordamida qo‘shilgan.

Masalan, poda va avtomobil ishtirokidagi epizod uchun maxsus effektlar jamoasi pachaqlash mumkin bo‘lgan haqiqiy mashina tayyorlagan, so‘ngra raqamli animatorlar bu vayronagarchilikni kompyuterda yaratilgan fil harakati bilan sinxronlashtirgan.

Asosiy suratga olish ishlari 1994-yil 14-noyabrda boshlangan va 1995-yil 7-aprelda yakunlangan. Ishlar bir vaqtning o‘zida AQSH va Kanadaning bir nechta hududlarida olib borilgan.

Asosiy suratga olish maydonchasi Nyu-Gempshirdagi Kin shahri bo‘lgan. Uning ko‘chalari xayoliy Brentfordni gavdalantirgan — bu yerda shahar bilan bog‘liq ko‘plab sahnalar, jumladan, hayvonlarning ommaviy bostirib kirishi suratga olingan.

Yana bir muhim lokatsiya Meyn shtatidagi Nort-Bervik bo‘lgan. U yerdagi eski Olde Woolen Mill fabrikasi Perrishlar oilasining poyabzal fabrikasi sifatida ishlatilgan. Qo‘shimcha suratga olish ishlari Britaniya Kolumbiyasida ham bo‘lib o‘tgan: Vankuver va uning atrofida uy dekoratsiyalari qurilgan, ayrim shahar epizodlari esa Savvassenda suratga olingan.

Film uchun taxminan 65 million dollar sarflangan. 1990-yillarning o‘rtalaridagi oilaviy sarguzasht filmi uchun bu katta byudjet edi, buni maxsus effektlar ko‘lami va ko‘plab murakkab sahnalar bilan izohlash mumkin.

Kartinaning butun dunyo bo‘ylab yig‘gan daromadi taxminan 262,8 million dollarni tashkil etdi va film 1995-yilning eng kassabop o‘nta filmi qatoridan joy oldi.

“Jumanji”ning murakkabligi faqat fantastik hayvonlarni yaratishda emas edi. Jamoa bir vaqtning o‘zida bolalar, murakkab grim, suv, keng ko‘lamli dekoratsiyalar va ob-havo bilan ishlashiga to‘g‘ri kelardi.

Eng ko‘p vaqtni Piter rolini o‘ynagan Bredli Pirsning grimi olardi. Qahramonning asta-sekin maymunga aylanish sahnalari uchun aktyorga har kuni murakkab protezli grim qilinardi. Bu jarayon taxminan uch yarim soat davom etar va ikki yarim oyga cho‘zilgandi.

Yana bir muammo turli suratga olish maydonlarini yagona dunyoga birlashtirish zarurati edi. Yangi Angliyadagi tabiiy manzaralar Kanadadagi pavilyon sahnalari va dekoratsiyalari bilan uyg‘unlashtirildi, shuning uchun ko‘chadan tortib uy interyerigacha bo‘lgan har bir unsur bitta shaharning qismi kabi ko‘rinishi kerak edi.

Hayvonlar yopirilib keladigan sahnalar uchun Kin ko‘chalarini ommaviy suratga olish va vayronagarchilik dekoratsiyalari bilan tayyorlashga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, bu epizodlardagi hayvonlarning o‘zi vizual effektlar bosqichida qo‘shilgan.

Bosh qahramon Alan Parrish rolini Robin Uilyams ijro etgan. Uning qahramoni bolaligida o‘yin ichida yo‘qoladi va 26 yil o‘tgach, haqiqiy dunyoga katta yoshli odam bo‘lib qaytadi.

Alanning do‘sti Sara Uittl rolini Bonni Hant ijro etgan. Uning qahramonining bolaligini esa Laura Bell Bandi gavdalantirgan.

Judi Shepard rolini Kirsten Danst, uning ukasi Piter rolini esa Bredli Pirs ijro etgan. Danst uchun “Jumanji” “Vampir bilan intervyu” filmidan keyingi dastlabki yirik rollardan biri bo‘lgan, Pirs esa bu filmgacha asosan dublyaj sohasidagi ishlari bilan tanilgan edi.

Jonatan Xayd bir vaqtning o‘zida ikkita qahramon — Alanning otasi Semyuel Perrish va ovchi Van Pelt rollarini gavdalantirgan. Ijodkorlarning bu qarori ikki qahramonni nafaqat vizual jihatdan bog‘laydi: Van Pelt katta yoshli Alan uchun uning o‘tmishi va oilaviy tarixining o‘ziga xos timsoliga aylanadi.

Filmda, shuningdek, politsiyachi Karl Bentli rolida Devid Alan Grir, Nora xola rolida Bibi Nyuvirt va Alanning onasi rolida Patrisha Klarkson suratga tushgan.

“Jumanji” ancha ixchamroq hikoya sifatida boshlangan edi. Kitob muallifi Kris Van Olsburgning aytishicha, u dastlab ekranlashtirishni “Sumerki zonasi”ning kengaytirilgan epizodiga o‘xshash narsa sifatida tasavvur qilgan. Biroq Jo Jonston undan kattaroq sarguzasht filmi yaratmoqchi bo‘ladi, shundan so‘ng ssenariy bir necha bor qayta yoziladi.

Film uchun yangi raqamli texnologiyalardan foydalanishga to‘g‘ri keldi. ILM hayvonlarning mimikasi va juni uchun maxsus vositalar yaratdi, chunki o‘sha paytda raqamli junni realistik tasvirlash jiddiy texnik vazifa bo‘lib qolayotgan edi.

Suratga olish maydonchasida faqat kompyuterda yaratilgan hayvonlardan foydalanilmagan. Film uchun hayvonlarning to‘liq o‘lchamli mexanik modellari va boshqa jismoniy elementlar yaratilib, keyin ular raqamli grafika bilan uyg‘unlashtirilgan. Shuning uchun “Jumanji”ning ko‘plab sahnalari bugun ham ishonarli ko‘rinadi: ularda raqamli effektlar bo‘shliqda emas, balki real obyektlar bilan o‘zaro ta’sirda ishlaydi.

To‘qima shaharning nomi real Kin shahrida saqlanib qolgan. Suratga olish ishlari tugagach, shahar devorlaridan birida film uchun maxsus yaratilgan Parrish Shoes peshlavhasi saqlanib qolgan. Bugungi kunda u mahalliy aholi va sayyohlarga film suratga olinganini eslatib turadi.

Filmning nafaqat sikveli, balki butun boshli franshizasi ham paydo bo‘ldi. Asl filmdan keyin animatsion serial chiqdi, so‘ngra “Zatura”, “Jumanji: Changalzor chorlovi” va “Jumanji: Yangi bosqich” kabi filmlar paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, Dueyn Jonson ishtirokidagi filmlar o‘yin konsepsiyasining o‘zini sezilarli darajada qayta ko‘rib chiqdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.