Hayot qimmatlashdi: xizmatlar, oziq-ovqat va transport Oʻzbekistonda inflyatsiyani tezlashtirmoqda
Oʻzbekistonda 2026 yilning yetti oyida inflyatsiya 3,2% ni tashkil etdi. Birinchi qarashda bu koʻrsatkich nisbatan moʻʼtadil boʻlib koʻrinadi. Biroq, ushbu raqam ortida bir qator kundalik xarajatlarning — eng avvalo xizmatlar, nooziq-ovqat tovarlari, kommunal toʻlovlar va transportning sezilarli darajada qimmatlashgani yashiringan. Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar-iyul oylarida isteʼmol narxlari oʻsishining asosiy manbalari uchta yirik blok boʻldi: […]

Hayot qimmatlashdi: xizmatlar, oziq-ovqat va transport Oʻzbekistonda inflyatsiyani tezlashtirmoqda
Oʻzbekistonda 2026 yilning yetti oyida inflyatsiya 3,2 foizga yetdi. Bir qarashda bu koʻrsatkich nisbatan moʻʼtadil boʻlib tuyuladi. Ammo uning ortida bir qator kundalik xarajatlarning — eng avvalo xizmatlar, nooziq-ovqat tovarlari, kommunal toʻlovlar va transportning sezilarli darajada qimmatlashgani yotibdi.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar-iyul oylarida isteʼmol narxlari oʻsishining asosiy manbalari uchta yirik blok boʻldi: uy-joy xizmatlari, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa yoqilgʻi turlari; oziq-ovqat mahsulotlari va alkogolsiz ichimliklar; transport.
Ular birgalikda narxlar umumiy oʻsishining 2,12 foiz punktini yoki isteʼmol narxlari yigʻma indeksi ortishiga qoʻshilgan hissaning 67,1 foizini taʼminladi. Qolgan boʻlimlar hissasiga yana 1,04 f.p. yoki 32,9% toʻgʻri keldi.
Boshqacha aytganda, inflyatsion bosimning taxminan uchdan ikki qismini aksariyat oilalar voz kechishi deyarli imkonsiz boʻlgan xarajatlar tashkil etdi: uy-joy va kommunal xizmatlar, oziq-ovqat va transport.
Narxlar oʻsishining tarkibi ayniqsa eʼtiborga loyiqdir.
Odatda aynan oziq-ovqat mahsulotlari aholi uchun eng sezuvchan toifa hisoblanadi. Biroq 2026 yilning yanvar-iyul oylarida oziq-ovqat mahsulotlari xizmatlar va nooziq-ovqat tovarlariga qaraganda sezilarli darajada sekinroq qimmatlashdi.
Inflyatsiya tarkibi shuni koʻrsatmoqdaki, Oʻzbekistonda hayot qiymatining oshishini endi faqat oziq-ovqat qimmatlashuvi bilan izohlab boʻlmaydi.
Narxlarning 3,2 foizlik umumiy oʻsishidan oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga 0,61 f.p. toʻgʻri keldi. Shu bilan birga, xizmatlar 1,20 f.p.ni, nooziq-ovqat tovarlari esa yana 1,35 f.p.ni taʼminladi.
Shu tariqa, oziq-ovqat mahsulotlari umumiy narxlar oʻsishining beshdan bir qismidan kamrogʻini tashkil etdi, asosiy hissani esa nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar qoʻshdi.
Bunda aynan xizmatlar inflyatsion bosimning eng sezilarli manbalaridan biriga aylanmoqda. Bu oilaviy byudjetlar uchun juda muhim: gap nafaqat keyinga qoldirish yoki arzonroq muqobillari bilan almashtirish mumkin boʻlgan xaridlar, balki muntazam va koʻpincha majburiy xususiyatga ega boʻlgan xarajatlar haqida bormoqda.
Binobarin, Oʻzbekistonda 2026 yildagi inflyatsiya tobora koʻproq «nooziq-ovqat» xususiyatiga ega boʻlmoqda.
Oziq-ovqat qimmatlashishda davom etmoqda, biroq isteʼmol narxlari oʻsishining asosiy manbaiga insonga deyarli har kuni hamroh boʻladigan xarajatlar aylanmoqda: uy-joy, kommunal xizmatlar, transport va keng turdagi xizmatlar.
Isteʼmolchi uchun bu hayot qiymati oshishining real sezilishi umumiy inflyatsiya raqamining oʻzi koʻrsatganidan koʻra kuchliroq boʻlishi mumkinligini anglatadi. Zero, qimmatlashuvning salmoqli qismi aynan oilaviy byudjetdan chiqarib tashlash qiyin boʻlgan xarajat moddalariga toʻgʻri kelmoqda.

