Haydovchiga qo‘pollik qilgan IIBB xodimlariga tekshiruv tayinlandi
fuqaroga tegishli transport vositasining kuzov hamda oynalariga, harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir etuvchi yozuvlar (reklama tasvirlari)

Haydovchiga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan IIBB xodimlari yuzasidan tekshiruv boshlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar organlari xodimlari va haydovchi o‘rtasidagi kelishmovchilik aks etgan video keng tarqaldi.
Aniqlanishicha, joriy yilning 2-avgust kuni soat 21:30 atrofida Toshkent viloyati, Toshkent tumani hududida tungi xizmatni o‘tayotgan IIO xodimlari va "Damas" rusumli avtomobil haydovchisi, fuqaro A.Sh. o‘rtasida nizo kelib chiqqan.
Ushbu holatda fuqaroga tegishli transport vositasining kuzovi va oynalariga harakat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi yozuvlar (reklama tasvirlari) tushirilgani sababli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Fuqaro bilan muloqot jarayonida ayrim xodimlar tomonidan qo‘pollikka yo‘l qo‘yilgan. Hozirda mazkur holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan qat’iy nazoratga olinib, belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Toshkent viloyati Ichki ishlar Bosh boshqarmasi har qanday vaziyatda IIO xodimlarini fuqarolar bilan muloqotda qonuniylik prinsiplariga qat’iy rioya qilishga chaqirgan.

