Harbiy politsiyaga SAS qotilligi boʻyicha surishtiruvda dalillarni kuzatishga xalaqit berilgan, demoqda surishtiruv komissiyasi
Harbiy politsiya tergovchisi surishtiruv jarayonida gumon qilingan qotilliklar boʻyicha tekshiruv yuqoridan «diktovka qilinganini» aytdi.

**SAS tomonidan sodir etilgan qotilliklar boʻyicha surishtiruvda harbiy politsiyaga dalillarni toʻplashga toʻsqinlik qilingani surishtiruv komissiyasida maʼlum qilindi**
Harbiy politsiya tergovchisi SAS elita boʻlinmasi tomonidan sodir etilgani aytilayotgan qotilliklar boʻyicha olib borilgan tergovni tanqid qilib, yuqori martabali ofitserlar uning guruhiga dalillar ortidan borishga xalaqit berganini aytdi.
SAS boʻlinmalaridan biriga qarshi ayblovlarni oʻrgangan Delme Uilyams jamoatchilik surishtiruv komissiyasiga shunday dedi: "Bu tergovchilar dalillar qayerga yetaklasa, shunga qarab qaror qabul qiladigan standart tergov boʻlmagan."
Uning taʼkidlashicha, u hali ham Britaniya maxsus kuchlari aʼzolari jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak edi, deb hisoblaydi.
SAS Afgʻonistonda qotilliklar sodir etgani va keyinchalik ularni yashirgani haqidagi ayblovlarni oʻrganayotgan surishtiruv komissiyasi ilk bor maxsus kuchlar operatsiyalari boʻyicha harbiy politsiya tergovlarida qatnashgan shaxslarning koʻrgazmalarini eshitmoqda.
SASning 11 ta operatsiyasini oʻrgangan Operation Northmoor surishtiruv guruhi rahbari oʻrinbosari boʻlgan Uilyams dushanba kuni komissiyaga tergov yoʻnalishi uning guruhiga yuqoridan "majburan singdirilganini" aytdi.
U shuningdek, Qirollik harbiy politsiyasining masʼul yuqori martabali ofitseri (Gold commander sifatida tanilgan) "tergovni yopish uchun taʼsir ostiga olinganmikin", deb oʻylab qolganini bildirdi.
Uilyams Operation Northmoor davomida tergovchilar gumon qilingan qotillik boʻyicha oʻrganilayotgan 11 ta SAS operatsiyasidan birida olingan fotosuratlarni muhokama qilgan vaziyatni tasvirlab berdi.
Operatsiya 2011 yil fevral oyida Hilmand viloyatining Nad Ali tumanidagi xonadonda toʻqqiz kishining otib oʻldirilishi bilan bogʻliq edi. Oʻldirilgan eng yosh shaxs 14 yoshda boʻlgan.
Uilyams komissiyaga jinoyat joyini koʻzdan kechirish boʻyicha tajribali tergovchi sifatidagi tajribasiga tayanib, ushbu tasvirlarni kriminalist ekspertga koʻrsatmoqchi boʻlganini aytdi.
Operation Northmoor tergovchilari otilgan odamlar noqonuniy ravishda oʻldirilgan deb gumon qilishgan, fotosuratlarda esa yerga yaqin joyda oʻq izlari koʻringan. Bu holat oʻldirilganlar oʻrnidan turib, birinchi boʻlib Britaniya kuchlariga qarata oʻt ochgani, shundan soʻng SAS javob oʻti ochgani haqidagi SAS talqiniga ziddek tuyulardi.
Uilyams ommaviy surishtiruv komissiyasiga: "Bitta surat mingta soʻzdan afzal - fotosuratlar eng yaxshi dalildir", dedi.
Harbiy politsiya ofitserining aytishicha, Gold commander uni "qatʼiy ravishda tezda toʻxtatib qoʻygan" va u eʼtiroz bildirishga uringanida, yuqori martabali ofitser oʻz unvoni va mavqeini ishga solgan, shundan soʻng ishni davom ettirish "boʻysunmaslik" boʻlib tuyular edi.
U fotosuratlar baribir ekspert tomonidan tekshirilishi kerak edi, deb hisoblashini aytdi.
BBC Panorama koʻrsatuvi ham xuddi shu hodisani surishtirib, otishma sodir boʻlgan joyga tashrif buyurish uchun Hilmandga borgan edi.
Qirollik harbiy politsiyasi (RMP) tergovchisi BBC'ga jinoyat joyidan olingan fotosuratlarni koʻrishganini va oʻq izlarining joylashuvi Operation Northmoor guruhida xavotir uygʻotganini aytdi.
"Nima uchun xavotirga tushganimizni tushunishingiz mumkin", dedi tergovchi. "Devorlardagi yerga juda yaqin joylashgan oʻq izlari maxsus kuchlarning voqealar talqinini puchga chiqarayotgandek tuyulardi."
Panorama guruhi reyddan qolgan va hali ham devorlarda, yerga yaqin joyda toʻplanib turgan oʻq teshiklarini koʻzdan kechirdi.
BBC voqea joyidan olingan fotosuratlarni kriminalistika va ballistika ekspertlariga koʻrsatdi. Ekspertlarning taʼkidlashicha, oʻqlarning toʻplanib joylashgani yuqoridan pastga qarab koʻplab oʻqlar uzilganini koʻrsatadi va bu otishma boʻlganidan dalolat bermaydi.
Bu halok boʻlganlardan baʼzilarining yaqinlari bergan koʻrgazmalarni tasdiqladi. Ushbu qarindoshlar BBC'ga oʻlganlarning hammasi oʻz toʻshagida otib oʻldirilgan qurolsiz tinch aholi vakillari boʻlganini aytishgan va bu RMP tergovchilarining gumonlarini tasdiqlayotgandek tuyuladi.
BBC 2022 йилда Operation Northmoor'ning boshqa bir tergovchisi bergan koʻrgazmalarni xabar qildi, u Panorama'ga shunday degan edi: "Men tergovni yopish uchun yuqoridan bosim boʻlgan deb hisoblayman. Menga shu narsa tobora ayon boʻlib bordiki, biz qanday dalil yigʻishga muvaffaq boʻlishimizdan qatʼi nazar, bu ishlarning sudga oshirilishiga hech qachon yoʻl qoʻyilmas edi."
Oʻsha paytda Mudofaa vazirligi hodisalar RMP tomonidan "atroflicha va mustaqil ravishda surishtirilganini" va hech qanday jinoiy taʼqib amalga oshirilmaganini bildirgan edi.
RMP'ning ogʻir jinoyatlarni surishtirish guruhi tomonidan tashkil etilgan Operation Northmoor 2011 yilda Afgʻonistondagi bir martalik xizmat safari davomida SAS eskadroni tomonidan sodir etilgan 45 ta qotillikni oʻrganayotgan edi.
Harbiy politsiya ofitseri komissiyaga tergov guruhi operatsiya fotosuratlari muhim dalil boʻlishi mumkin deb hisoblaganini va ularni "juda batafsil" oʻrganib chiqqanini, bu dalillarning rad etilishi esa tergov qanday olib borilganini koʻrsatishini aytdi.
Uilyams komissiyaga tergov yoʻnalishini boshqarayotganday tuyulgan "tashqi kuchlar" mavjud boʻlganini aytdi.
"Soʻroqlar juda erta toʻxtatilayotgani va hamma surishtiruv yoʻnalishlarini oxirigacha yetkazish yoki kimnidir jinoiy javobgarlikka tortish uchun yuborishga hech qanday xohish yoʻqligi haqidagi umumiy his-tuygʻuni yaxshi eslayman."
Qasamyod ostida berilgan koʻrgazmasi davomida Uilyamsga komissiya yuristlari tomonidan bir nechta ichki harbiy hujjatlar koʻrsatildi.
Ushbu yozuvlar 2017 yil sentyabr oyida RMP yuqori martabali xodimlarining yigʻilishida, uning guruhi hali ham dalillar toʻplayotgan bir paytda, "Op NORTHMOOR tugatilishi kerakligi tasdiqlanganini" koʻrsatdi.
Uilyams bundan "hayron boʻlmaganini", ammo jinoiy tergovlar hech qachon yuqoridan qoʻyilgan "yakuniy sana bilan boshqarilmasligi kerakligini" aytdi.
Harbiy politsiya umumiy qurolli kuchlardan mustaqil boʻlishi kerak, ammo Uilyamsga 2017 yil oxirida yuqori martabali harbiy politsiya ofitserlari va Armiya qoʻmondoni oʻrinbosari oʻrtasidagi uchrashuv uchun tayyorlangan axborot xati koʻrsatilgani, unda Northmoor'ni yopish niyati bayon qilinganini aytdi.
U buning "qogʻozga tushirilganini koʻrib hayron boʻlganini", ammo bu tergov boshdan kechirgan va oʻzi his qilgan "bosimni" tushuntirib berganini aytdi.
Uilyams topilgan dalillar asosida shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak edi, deb hali ham ishonishini taʼkidladi.
Surishtiruv davomida, shuningdek, Britaniya armiyasining sobiq rahbari ser Nik Karter RMP'dan qotillik surishtiruvida ishlayotgan xodimlar sonini 25 kishigacha kamaytirishni soʻragani maʼlum boʻldi. Bu 2016 yilda Operation Northmoor'da ishlagan guruhning toʻrtdan bir qismidan ham kamroq deganidir.
Komissiyaning yetakchi barristeriga koʻra, oʻsha paytdagi masʼul ofitser, podpolkovnik Djon MakAllister buni tergovga zarar yetkazmasdan amalga oshirishning imkoni yoʻq deb hisoblagan.
Operation Northmoor Qirollik harbiy politsiyasi tarixidagi eng yirik qotillik tergovi boʻlgan, ammo hech qanday ayblovga olib kelmagan.
Jamoatchilik surishtiruvi eksperti Alan Pugsli Operation Northmoor'ga yetarli resurslar ajratilmaganini keskin tanqid qildi va ishni yopish haqidagi qarorni "bevaqt va nooʻrin" deb atadi.
Mustaqil jamoatchilik surishtiruvi 2022 yilda, BBC Panorama reportaji SAS eskadronlaridan birini Afgʻonistondagi olti oylik bitta xizmat safari davomida 54 ta shubhali oʻlimga bogʻlaganidan soʻng tashkil etilgan.
Panorama SAS aʼzolari qoʻllari kishanlangan hibsga olinganlarni va bolalarni qatl etganini koʻrsatuvchi dalillarni topdi.
Afgʻoniston boʻyicha mustaqil surishtiruv komissiyasi SAS 2010 va 2013 yillar oraligʻida Afgʻonistondagi hibsga olish operatsiyalari paytida odamlarni oʻldirgani va yuqori martabali mulozimlar qotilliklarning haqiqiy holatlarini yashirishga uringani haqidagi ayblovlarni oʻrganmoqda.
U shuningdek, Qirollik harbiy politsiyasining bunday qotilliklar boʻyicha oʻtkazgan tergovlari yetarli darajada boʻlgan-boʻlmaganini ham koʻrib chiqmoqda.
RMP dalillari ommaviy surishtiruv komissiyasi ishiga sirli bir nazar solish imkonini beradi, chunki dalillarning aksariyati yopiq eshiklar ortidagi majlislarda eshitilmoqda.
Oʻtgan yilning yanvar oyida, oxirgi ochiq koʻrgazma berish sessiyalarida komissiya oʻz eksperti Alan Pugslining koʻrgazmalarini eshitdi. U Kent politsiyasining sobiq sherifi va tajribali qotillik tergovchisidir.
U juda murakkab boʻlgan ushbu tergovni "boshidan oxirigacha" tubdan resurslar bilan taʼminlanmaganini, yuqori martabali ofitserlarning "ikkilanishi va beparvoligi", shuningdek, Buyuk Britaniya Maxsus kuchlari qoʻmondonligi tomonidan hamkorlikning yoʻqligi tufayli toʻsqinliklarga uchraganini tasvirladi.
Pugsli, ayniqsa, asosiy tergov yoʻnalishlari hali hal qilinmay turganda, tergovni hech qachon yopmagan boʻlishini aniq va ravshan aytdi.

