«Har kuni qotillik sodir boʻlmoqda»: Tinchlik bitimi boʻyicha muzokaralar boshi berk koʻchaga kirib qolgan bir paytda, gʻazoliklar sulhga qaramay Isroil zarbalariga duch kelmoqda
AQShning urushni tugatish rejasi asosan boshi berk koʻchaga kirib qolgan bir paytda, koʻplab falastinliklar hanuzgacha tiqilinch chodirli shaharchalarda yashamoqda.

«Har kuni qotillik sodir boʻlmoqda»: Gʻazoliklar sulhga qaramay Isroil zarbalaridan aziyat chekmoqda, tinchlik bitimi esa boshi berk koʻchada qolmoqda
Fida al-Tutahning qarindoshlari ikki hafta oldin uning oʻz chodiri ichida Isroil oʻqlaridan halok boʻlganini koʻrishganini aytishmoqda
Oʻtgan oyning tong saharida Gʻazo markazidagi chodirida besh farzandning onasi, 31 yoshli Fida al-Tutah qizining sochini tarayotgan edi, toʻsatdan oʻq ovozlari eshitildi.
«Onam bizga pastga yotishni aytib baqirdi», dedi uning oʻgʻli Ezz yigʻlab.
U oʻqlar uchib kelayotganda onasini mahkam ushlab turgan ukasining qoʻllari qonga belanganini koʻrmaguncha, Fidaning yaralanganini payqamagan.
«Onamiz juda mehribon va saxiy edilar. U kishi nima gunoh qilgandilar?» dedi Ezz.
Fida 21 sentyabr kuni boshidan olgan oʻq jarohati tufayli vafot etdi.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi (uning maʼlumotlari BMT tomonidan ishonchli deb hisoblanadi) xabariga koʻra, u oʻtgan yilning 10 oktyabrida sulh boshlanganidan beri Isroil hujumlarida halok boʻlgan 1400 dan ortiq gʻazoliklar qatoridadir.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Fida sulh boshlanganidan beri halok boʻlgan 1400 dan ortiq kishidan biri boʻldi
Sulh Isroil tomonidan ushlab turilgan minglab falastinliklarni Gʻazodagi qolgan barcha 48 nafar garovga olinganlarga almashtirish evaziga ozod qilinishiga, shuningdek, urushni tugatish toʻgʻrisidagi kelishuvga olib keldi. Urush 2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi Isroilga qilingan hujumdan soʻng boshlangan edi, oʻshanda 1200 ga yaqin odam halok boʻlgan va 251 kishi garovga olingan edi.
Gʻazoda bu Isroilning keng koʻlamli bombardimonlari toʻxtaganini anglatardi, bu esa katta yengillik keltirdi hamda hududga kiradigan insonparvarlik yordami va tibbiy buyumlar hajmini oshirdi.
Ammo sulh sharoitida ham Isroil deyarli har kuni Gʻazoga zarbalar berishni davom ettirmoqda. Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, birgina oʻtgan haftaning oʻzida 30 dan ortiq kishi halok boʻlgan.
Isroil Hamas jangarilarini nishonga olayotganini aytmoqda va Hamasni sulhni buzishda davom etayotganlikda ayblamoqda.
«Bu [sulh] hammasi yolgʻon. Har kuni otishma boʻladi. Har kuni qotillik va oʻlim xavf solib turadi», dedi Fidaning eri Ahed.
Bi-bi-si Fidaning oʻldirilishi haqida soʻraganda, Isroil Mudofaa Kuchlari (IDF) ushbu hodisa haqida hech qanday maʼlumotga ega emasliklarini bildirdi.
Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, uch yil oldin Gʻazoda urush boshlanganidan beri Isroil hujumlari oqibatida halok boʻlganlarning umumiy soni hozirda 74 000 dan oshdi.
Ibrohim 2023 yilda urush boshlanganidan beri toʻrt nafar aka-uka va opa-singlisini, jumladan Fidani yoʻqotdi
Fidaning chodiri tashqarisida uning akasi Ibrohim Isroil kuchlari tomonidan otilgan oʻqlar natijasida paydo boʻlgan teshiklarni koʻrsatdi.
«Bu chodir shunchaki bir parcha mato. Tasavvur qiling, bu yerga harbiy mashina kelib, oʻq yomgʻirini yogʻdirdi», dedi u. «Osmondan ham, yuqoridan, kvadrokopterlardan qurolsiz tinch aholiga qarata oʻq uzildi».
Fida urush boshlanganidan beri halok boʻlgan Ibrohimning toʻrtinchi jigaridir. «Biz omon qolish uchun Zaytun mahallamizni tark etdik, ammo oʻlim bizni taʼqib qilmoqda», dedi u.
Oila yetti marta koʻchib oʻtdi, ammo xavfsizlikka erisha olmadi. BMTning bildirishicha, Gʻazoning 2,1 million aholisining aksariyati urush tufayli bir necha bor uy-joyini tark etishga majbur boʻlgan, ularning koʻpchiligi chodirli lagerlar va xavfli binolarda yashashga majbur boʻlmoqda.
Fida halok boʻlgan kuni 14 yoshli Ismoil al-Bardavil ham otib oʻldirilgan. U Gʻazo janubidagi Rafahning Al-Mavasi hududida vafot etdi.
Uning oilasi Bi-bi-siga maʼlum qilishicha, u aka-ukalari bilan sohildan taxminan 20 metr (66 fut) uzoqlikda Oʻrta yer dengizida baliq ovlayotganda Isroil kuchlari tomonidan otib oʻldirilgan. Gʻazo Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumotlariga koʻra, u sulh boshlanganidan beri halok boʻlgan 300 dan ortiq bolalardan biridir.
IDF ushbu hodisa haqida ham hech qanday maʼlumotga ega emasligini aytdi.
Oʻtgan yil davomida IDF Gʻazoda Hamas va boshqa guruhlarga qarshi qaratilgan operatsiyalari aks etgan videolarni eʼlon qildi. Sulh boshlanganidan beri Gʻazoda kamida yetti nafar isroillik askar halok boʻldi.
Fida ham, Ismoil ham Gʻazoda Isroil harbiylari tomonidan bosib olingan hududlarni gʻarbda Hamas nazoratidagi hududlardan ajratib turuvchi «Sariq chiziq» yaqinida yashashgan.
Ushbu chiziq atrofidagi hududlar eng xavfli hisoblanadi, chunki Isroil kuchlari u yerda tez-tez oʻt ochadi. Ammo koʻchib oʻtish uchun joy juda cheklangan.
Urush boshlanishidan oldin ham bu hududda aholi zich joylashgan edi. Hozirda uning aholisi Hamas nazorati ostidagi hududning 40 foizdan kamroq qismiga siqib chiqarilgan.
Ushbu hududlarda guruh qattiq nazoratni saqlab qolmoqda, noroziliklarni bostirmoqda va hamon jangchilarni yollamoqda.
Shu yilning may oyida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu IDFga Isroil nazorati ostidagi Gʻazo hududini 70 foizgacha kengaytirishni topshirganini aytgan edi.
Sulh kuchga kirganidan bir yil oʻtib ham Gʻazoda qayta tiklash ishlari hali boshlanmadi
Urushdan oldin shinam xonadonda yashagan meʼmor Amal Alabadla hozirda sohildagi chodirda yashaydi.
«Har safar yomgʻir yoqqanda, suv bosadi. Shamol kuchli boʻlganda juda qoʻrqib ketaman, chunki chodirimiz vayron boʻladi yoki shikastlanadi», dedi u.
Amal ikki oʻgʻli — Muhammad va Nuhni yolgʻiz tarbiyalamoqda.
Urush boshlanganda uning eri Gʻazoda boʻlmagan va uch yil davomida ular qayta birlasha olishmadi. Bolalarga gʻamxoʻrlik qilishda yordam bergan Amalning uch aka-ukasi sulh boshlanishidan oldin alohida hujumlarda halok boʻlishgan.
Amal Alabadla Gʻazo sohilidagi chodirda oʻgʻillarini yolgʻiz tarbiyalashga qiynalayotganini aytmoqda
«Qishda oʻgʻlim sovuq tufayli tutqanoq (epilepsiya) xurujlaridan aziyat chekadi. Baʼzan uni quruq va issiq saqlash juda qiyin boʻladi», dedi u.
«Urushdan oldin mening ishim, uyim, oddiy hayotim bor edi, lekin keyin hamma narsa ostin-ustun boʻlib ketdi. Hozir bizda umid yoʻq, hech vaqo yoʻq. Faqat kunlik omon qolish, bolalarimni tirik, toza, sogʻlom va toʻq saqlash haqida qaygʻuramiz».
Gʻazoning ichki qismida hatto dengiz sathidan pastda qurilgan lagerlar ham bor, bu esa ularni suv toshishi xavfi ostida qoldiradi.
2025 yil oktyabridagi tinchlik bitimi Gʻazoni qayta tiklashga yoʻl ochishi kerak edi, biroq kelishuvning ikkinchi bosqichidagi boshi berk koʻcha tufayli qayta qurish ishlari hali ham boshlanmadi.
Isroil oʻz xavfsizligini roʻkach qilib, Gʻazoga qaysi materiallar va texnikalar kiritilishini qattiq nazorat qiladi.
Shu yil boshida AQSh Prezidenti Donald Tramp Hamasni qurolsizlantirish rejasini taklif qilgan edi, biroq avgust oyida Netanyaxu Hamas «haqiqatan» qurolsizlantirilmaguncha harbiy kuchlar olib chiqilmasligini aytib, buni rad etdi.
Hamas esa ogʻir qurollarini topshirishi Isroilning «tajovuzning barcha shakllarini» toʻxtatishi va oʻz kuchlarini Gʻazodan olib chiqib ketishiga bogʻliqligini bildirgan.
Mintaqadan uzoqda, Trampning Tinchlik kengashi Gʻazoni tiklash uchun 2,45 milliard dollarlik (1,85 milliard funt sterling) rejani taklif qildi.
Ammo sulhdan bir yil va urush boshlanganidan uch yil oʻtib, Amal kabi koʻplab odamlar yerda biror narsa haqiqatan ham oʻzgarishiga qattiq shubha qilishmoqda.
«Biz qiynalyapmiz va bizga qayta qurishga ruxsat berilmayapti», dedi u. «Ular bolalarimiz uchun xavfsiz kelajakni qayta qurishimizga ruxsat berishlari haqida bizga haqiqatni aytayotganlariga ishonmayman».

