“Har kuni qo‘ng‘iroq qilishingizni kutdim” — Messi otasiga maktub yozdi

“Har kuni qo‘ng‘iroq qilishingizni kutdim” — Messi otasiga maktub yozdi
Argentina terma jamoasi va “Inter Mayami” klubi sardori Lionel Messi otasi vafotidan so‘ng futbolchilik faoliyatini davom ettirmasligi mumkin. Messining otasi Xorxe uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng o‘tgan hafta 68 yoshida Argentinaning Rosario shahridagi klinikada hayotdan ko‘z yumgan edi.
Messi Instagram’dagi otasiga bag‘ishlangan postida shunday yozdi:
“Men sizsiz nima qilishimni, hayotimni qanday davom ettirishni ham bilmayman. Men faqat futbol o‘ynadim, endi esa buni yana uzoq vaqt davom ettira olishim qiyin. Siz boshidanoq yonimda bo‘ldingiz. Oxirigacha juda oz qolgandi. Nega yana biroz sabr qilmadingiz, shunda buni birgalikda yakunlashimiz mumkin edi?”
Xorxe Messi o‘g‘lining butun faoliyati davomida, jumladan, “Barselona”dagi ilk yillaridan boshlab, uning yonida bo‘lgan. U Lionel uchun muhim tayanch bo‘lib, bir necha yil davomida uning agenti sifatida ham faoliyat yuritgan.
39 yoshli Argentina terma jamoasi sardori 2026-yilgi JCHda ishtirok etishining sabablaridan biri otasining istagi bo‘lganini ma’lum qildi. Argentina finalda qo‘shimcha vaqtda Ispaniyaga mag‘lub bo‘lib, turnirni ikkinchi o‘rinda yakunlagan edi.
“Siz doimo mendan so‘nggi Jahon chempionatida o‘ynashimni so‘rardingiz. Turnir boshlanishiga bir necha kun qolganida ahvolingiz yomonlashdi. Bu siz turnirda bo‘la olmagan birinchi holat edi. Har safar o‘yin tugaganida sizdan xabar kutardim va umid qilardim. O‘shanda vaziyat qanchalik jiddiy ekanini angladim”, deya yozdi Messi.
Jahon chempionati davomida Messi turli xil hissiyotlarni boshdan kechirdi. U Jazoirga qarshi guruh bosqichidagi ilk o‘yinda xet-trik qayd etib, birinchi golini nishonlayotganda ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Keyinchalik Messi yig‘laganiga “futbolga aloqasi bo‘lmagan” sabablar tufayli, bir necha “og‘ir va murakkab kunlar”ni boshdan kechirgani sabab bo‘lganini tushuntirdi.
Messi finalda otasi uchun g‘alaba qozonishni xohlaganini, ammo Argentinaga ikkinchi Jahon chempionligi kubogini olib kelish uchun kuchi qolmaganini qayd etdi:
“Endi oyoqlarim boshqa chiday olmadi. Bu safar jismoniy imkoniyatlarim chegarasidan oshib ketishga harakat qildim, ammo uddalay olmadim. O‘zimni hech qachon yaxshi his qilmadim. Biz chempion bo‘la olmadik, ammo har bir o‘yindan qanchalik zavq olganimizni tasavvur ham qila olmaysiz. Yana bir bor siz haq bo‘lib chiqdingiz: men u yerda bo‘lishim va o‘ynashim kerak edi”.
“Inter Mayami” hujumchisi o‘z farzandlarini tarbiyalash orqali otasining yo‘lini davom ettirishini ta’kidlagan.
“Sizni juda sog‘inaman, ammo siz doimo yonimda bo‘lasiz, ayniqsa farzandlarimni tarbiyalashda. Chunki men ularni siz meni qanday tarbiyalagan bo‘lsangiz, xuddi shunday voyaga yetkazaman”, deydi Messi.
Avvalroq Xorxe Messi 68 yoshida Rosario shahridagi klinikada vafot etgani xabar qilingandi. U uzoq vaqt davomida kasallik bilan kurashgan, biroq uning aynan qanday turdagi xastalik ekani ma’lum qilinmagan. U joriy yilda salomatligi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekkan va Jahon chempionati uchrashuvlarini tomosha qilish uchun AQSHga bora olmagandi.

