Har kuni o‘zingizga beriladigan uch savol...
Konfutsiy har kuni o‘ziga quyidagi uch savolni berar ekan: «Odamlarga biror yaxshilik qildimmi? Do‘stlarim bilan

Har kuni o‘zingizga beriladigan uch savol...
Buyuk xitoy faylasufi Konfutsiy «O‘zingga ravo ko‘rmagan narsalarni boshqalarga ham ravo ko‘rma, ajdodlar xotirasini yodingda tut, jamiyatda, oilada qaror topgan an’analarni hurmat qil», deydi.
Bo‘lajak olim bir yarim yoshga to‘lganida otasidan yetim qoladi, qiyinchilik bilan katta bo‘ladi, qorin to‘ydirish uchun ishlashga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga, ilm olishga astoydil qiziqadi, yog‘och, shoyi, bambuk parchalariga yozilgan kitoblarni qayta-qayta o‘qiydi.
Yigirma ikki yoshida donishmandlik darajasiga yetib, millatning buyuk muallimi maqomiga erishadi, o‘ttiz yoshida mamlakat tarixida birinchi bo‘lib xususiy maktab ochadi.
«O‘n besh yoshimda menda o‘qishga ishtiyoq tug‘ildi. O‘ttiz yoshimda qat’iy bir qarorga keldim. Qirqqa kirganimda shubha-gumonlardan xoli bo‘ldim. Elligimda Falak irodasini angladim. Oltmishimda samimiyat, sidqidillik meni zabt etdi. Yetmishga kirgach, qalb amriga ko‘ra ish tutayapman», der ekan u shogirdlariga.
Konfutsiy ta’limoti yillar, asrlarni ortda qoldirib, o‘zining ma’naviy-axloqiy qudrati, hayotiyligi, ayni paytda sodda va tushunarliligi bilan hamon yashab kelmoqda. Bu ta’limot nafaqat Xitoy va janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga, balki dunyoning turli boshqa burchaklariga ham yoyilgan.
Uning nomi dunyoning to‘rt buyuk donishmandlari qatorida tilga olinadi. 1988 yilda xalqaro Nobel mukofoti hay’atining Parijdagi yig‘ilishida qabul qilingan murojaatnomada shunday so‘zlar bor: «Insoniyat yangi XXI asrda yashab qolishni istasa, bundan 25 asr avval yashab o‘tgan Konfutsiy ta’limotidan yaxshi xabardor bo‘lmog‘i va unga amal qilmog‘i darkor».
Konfutsiy har kuni o‘ziga quyidagi uch savolni berar ekan: «Odamlarga biror yaxshilik qildimmi? Do‘stlarim bilan samimiy munosabatda bo‘ldimmi? Olgan tarbiyam va ta’limimga rioya qildimmi?»
Konfutsiyning mazkur hikmatlari g‘oyat chuqur ma’noga ega: «Qushlar o‘lim oldidan alamli qichqiradi, odamlar esa muhim va eng zarur narsalar to‘g‘risida so‘zlashadilar. Olijanob odam hayoti yo‘lida uch qadriyatni puxta egallaydi: tashqi qiyofasi va xatti-harakatlari qo‘pollik va dimog‘dorlikdan xoli bo‘ladi, yuzidagi jiddiylik alomatlari bilan ishonch qozona oladi, gap-so‘zlari va ohangida mug‘ombirlik bo‘lmaydi», «O‘z xalqining urf-odatlari va musiqasini o‘rgangan odamlar oq ko‘ngil bo‘ladilar», «Odamlar uchun suv va olov muhim, ammo insongarchilik ulardan ko‘ra ham muhimroq. Men suv va olov tufayli halok bo‘lgan odamlarni ko‘rdim, ammo insongarchiligi uchun halok bo‘lgan birorta odamni ko‘rganim yo‘q».

