“Har bir kundan umid bor”: maxsus maktabda oʻqituvchi boʻlishning quvonch va iztiroblari haqida
Insonga bilim berish oson ish emas. Lekin mehrga, alohida eʼtiborga muhtoj murgʻak qalblarga hayot nurini ulashish - chinakam jasorat va qahramonlikdir. Poytaxtdagi 105-sonli maxsus maktab-internatdagi fidoyi ustozlarning mehnati evaziga jamiyatdan uzilib qolishi mumkin boʻlgan bolajonlar hayotga qaytmoqda, “Ona” degan muqaddas soʻzni yozishni va aytishni oʻrganmoqda.

“Har bir kundan umid bor”: maxsus maktabda oʻqituvchi boʻlishning quvonch va iztiroblari haqida
Kun endi boshlanayotgan erta tong. Toshkentning Qorasuv mavzesida joylashgan 105-sonli maxsus maktab-internat hovlisi asta-sekin odamlar bilan toʻladi. Bu joy oddiy maktablardan farq qiladi: bu yerda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan, aqliy rivojlanishida yengil va oʻrta darajadagi nuqsoni bor bolajonlarga mehr beriladi, ular hayotga moslashtiriladi.
Soat 8:30. Maktab tarbiyachisi Zulfiya opa bolalarni olib kelib, ularni boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Nargiza opa Hayitoxunovaga topshiradi. Har kuni darslar shu tarzda boshlanadi, darsdan keyin esa internatda qoladigan bolalar tarbiyachilar nazoratida uy vazifalarini bajarib, qoʻshimcha mashgʻulotlar bilan shugʻullanadi.
### Birinchi qadam: Doska qarshisidagi sabr sabogʻi
Sinfga kirishingiz bilan oʻzgacha muhitni sezasiz. Bugungi dars — “Ona tili”. Ustoz unli va undosh tovushlarni, lotin alifbosidagi harflarni shunchaki tushuntirib qoʻya qolmaydi, balki har bir bolaga alohida yondashib, uning qoʻlidan tutadi. Aqliy rivojlanishi sekinlashgan bolalarga bilim berish oddiy metodika bilan bitmaydi. Bu yerda eng asosiy qurol — cheksiz sabr va samimiyat. Bolalarning xarxashasi, eʼtiborsizligi yoki oʻzgacha feʼl-atvoriga Nargiza opa biror marta ham baqirmaydi, koyimaydi.
Ota-onalarning aytishicha, bola hech qachon aldamaydi. Baqirgan insondan oʻzini olib qochadigan murgʻak qalblar Nargiza opani koʻrganda yugurib kelib quchoqlaydi.
“Ўtgan oʻquv yilida birinchi sinfga kelishganida ancha qiyin boʻlgan edi. Bogʻchadan kelgan bola erkin boʻladi — xohlasa oʻynaydi, xohlasa oʻtiradi. Maktabda esa har bir oʻquvchining oʻz joyi va oʻquv quroli bor. Har bir farzand oʻz oilasida eng aziz. Ota-onalar kelib, farzandlaridagi kichik boʻlsa-da yutuqni koʻrib quvonganda mehnatimiz besamar ketmaganini his qilaman”, - deydi ustoz yuzida tabassum bilan.
Nargiza opa oddiy pedagog emas, u defektolog, logoped va 2-sinflar uchun moʻljallangan maxsus “Ona tili” darsligining hammuallifi hamdir. 36 yillik tajriba uning har bir sahifasi va har bir metodikasida aks etgan.
### Moʻʼjiza kabi roʻyobga chiqqan umidlar
Pedagoglik faoliyati davomida Nargiza opa 15 yil mobaynida tibbiy-pedagogik komissiyada ham ishlagan. Turli ogʻir tashxisli bolalarni koʻrib, insonning har bir sogʻlom aʼzosi uchun shukronalik hissini tuyganini yashirmaydi. Hatto uyda taʼlim oladigan (nadomnik), ogʻir gidrotsefaliya bilan ogʻrigan, harakatlanish va nutq imkoniyatidan mahrum boʻlgan Ibrohim ismli bolajonning taqdiri bu sabrning yorqin isbotidir.
Shifokorlar va mutaxassislar “oʻqitib boʻlmaydi” degan xulosaga kelgan boʻlsa-da, ustoz va fidoyi onaning qatʼiyati tufayli 4 yil davomida moʻʼjiza yuz berdi. Bola ruchkani ushlashni, rasmlardan hayvonlarni tanishni va hatto ovoz chiqarib munosabat bildirishni oʻrgandi.
“19 yoshimda ish boshlagan boʻlsam, hozir 55 yoshdaman. Agar yana oʻsha 19 yoshimga qaytsam ham, baribir shu kasbni tanlagan boʻlardim. Bu bolalar mening hayotim, borligʻim”, - deydi Nargiza opa.
### Toʻrt avlodni birlashtirgan muqaddas dargoh: Xonadondan reportaj
Maktabdagi dars jarayonlaridan soʻng reportajimizning ikkinchi qismi ustozning xonadonida davom etdi. Ajablanarlisi, Nargiza opa yashaydigan koʻp qavatli uyning deyarli barcha qoʻshnilari ham oʻqituvchilar. Biroq eng katta moʻʼjiza bu xonadonning ichida yashiringan edi. Bu oila — toʻrt avloddan beri oʻqituvchilik sharafini yelkasida olib kelayotgan haqiqiy pedagoglar sulolasi!
Sulola boshida Anora onaning 56 yillik fidoyiligi bugun 81 yoshni qarshilagan Naziraxon opa Shamsiyevada davom etgan. Naziraxon opa 40 yil davomida maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlagan va oʻz qizi Nargizaning ham birinchi ustoziga aylangan. Bugun esa Nargiza opaning qizlari — sulolaning toʻrtinchi avlodi ham shu qutlugʻ kasbni tanlagan.
Dasturxon atrofida samimiy suhbat boshlanadi. Onalik va ustozlik masʼuliyatini birdek olib borgan, vaqtida turmush oʻrtogʻining maʼnaviy qoʻllab-quvvatlovi bilan farzandlarini el qatorida voyaga yetkazgan ayollarning xotiralari har qanday insonni toʻlqinlantiradi.
Oshxonada palov damlanar ekan, Nargiza opa ayol kishining hayotida ishxona va roʻzgʻor masʼuliyati teng ekanini taʼkidlaydi:
“Ishda ustozmiz, uyda esa onamiz. Ikkala masʼuliyat ham bir xil ogʻir. Ishxonada ota-onalar ishonib topshirgan farzandlar uchun masʼul boʻlsak, uyda oʻz farzandlarimiz kelajagi uchun javobgarsiz. Qizlarim bilan har kuni maktab tajribalarini, yangi metodikalarni muhokama qilamiz. Biz bir-birimizga ham ustoz, ham shogirdlarmiz”.
Xonadondagi nabira Robiyaxonning sodda va mehrli soʻzlari esa bu oiladagi tarbiya zanjiri uzilmaganidan darak beradi:
“Buvijonim eng yaxshi buvijon. Ular oʻz bilimlarini boshqa bolalarga ulashib kelmoqda, men ularni juda yaxshi koʻraman!”
### Xulosa oʻrnida
Insoniyatga bilim berish — eng oliy neʼmat. Ammo mehrga, alohida eʼtiborga muhtoj murgʻak qalblarga hayot nurini ulashish — chinakam jasorat va qahramonlikdir.
105-sonli maxsus maktab-internatda har kuni ana shunday sukutdagi jasoratlar sodir boʻladi. Nargiza opa va u kabi yuzlab fidoyi ustozlarning mehnati evaziga jamiyatdan uzilib qolishi mumkin boʻlgan bolajonlar hayotga qaytmoqda, “Ona” degan muqaddas soʻzni yozishni va aytishni oʻrganmoqda.
Mehr bor joyda esa har doim moʻjizalar yuz beradi.

