Har bir idish uchun 150 soʻm: Oʻzbekistonda fandomatlar oʻrnatildi
Oʻzbekistonda plastik, shisha va alyumin ichimlik idishlarini qabul qilib, har biri uchun 150 soʻm toʻlaydigan fandomatlar ishga tushirildi. Fuqarolar mablagʻni Click elektron hamyoniga oʻtkazishi yoki xayriyaga yoʻnaltirishi mumkin.

Har bir idish uchun 150 soʻm: Oʻzbekistonda fandomatlar oʻrnatildi
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi bergan maʼlumotga koʻra, qurilmalardan biri Ekologiya qoʻmitasi binosi oldiga, yana biri esa Surxondaryo viloyati markaziga oʻrnatilib, foydalanishga topshirildi.
Bu tashabbus agentlik va Norvegiyada chiqindilarni avtomatik yigʻish hamda saralash texnologiyalari yoʻnalishida faoliyat yurituvchi TOMRA kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan pilot loyiha doirasida yoʻlga qoʻyildi. Loyiha ichimlik idishlarini alohida yigʻish va ularni qayta ishlashga topshirishni ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Fandomatdan foydalangan fuqaro ikki yoʻldan birini tanlashi mumkin. Birinchi variantda qabul qilingan har bir idish uchun 150 soʻm uning Click elektron hamyoniga oʻtkaziladi. Ikkinchi variantda esa mablagʻ xayriya maqsadlari va daraxt ekish tashabbuslariga yoʻnaltiriladi.
Agentlik maʼlumotiga koʻra, loyihaning asosiy maqsadi chiqindilarni saralashni kundalik odatga aylantirish va aholining ekologik madaniyatini oshirishdan iborat. Shuningdek, foydalanilgan ichimlik idishlari qayta ishlanadigan va iqtisodiy qiymatga ega resurs ekanini ko‘rsatish ham ko‘zlangan.
Pilot loyiha o‘zini oqlasa, fandomatlarni respublikaning boshqa hududlaridagi aholi gavjum joylarga ham bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.

