Har 30 daqiqada bir odam Eboladan oʻlmoqda — BMT

BMT: Har yarim soatda bir kishi Eboladan vafot etmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkilotining xabar berishicha, Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola isitmasi avvalgidan tezroq tarqalmoqda, mamlakatda har 30 daqiqada bir kishi ushbu kasallikdan hayotdan koʻz yummoqda.
BMT Bosh kotibi oʻrinbosari va favqulodda yordam koordinatori Tom Fletcherning taʼkidlashicha, "virus bizning javob choralarimizdan oʻzib ketishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi".
Uning soʻzlariga koʻra, BMT hududga Ebolaga qarshi kurash boʻyicha bosh koordinatordan tashqari yana 20 nafar xodimni yuborgan. Xalqaro donorlar epidemiyaga qarshi kurash uchun qariyb 300 million dollar ajratgan.
Shuningdek, KDR va unga qoʻshni toʻrtta davlatga ilgari yoʻnaltirilgan 24 million dollardan tashqari, yana 30,5 million dollar ajratish buyurilgan.
Tom Fletcherning soʻzlariga koʻra, "marhumlarni xavfsiz va munosib dafn etishni taʼminlovchi guruhlar sonini ikki baravarga oshirish, davolash markazlari resurslarini uch baravarga koʻpaytirish, muloqotda boʻlganlarni kuzatish tizimini yaxshilash hamda tajribaliroq rahbarlarni jalb qilish zarur".
Bundan tashqari, hududning toza suv, sanitariya, tibbiy yordam va boshqa asosiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish ham rejalashtirilmoqda.
BMT vakili oʻz soʻzlarini yakunlar ekan, "allaqachon ikki mingdan ortiq odam halok boʻldi va yana koʻpchilik xavf ostida qolmoqda. Dunyo uygʻonishi va loqayd boʻlmasligi kerak", deya taʼkidladi.
Ebola KDRning jami oltita viloyatida qayd etilgan. 12-avgust holatiga koʻra, 4660 dan ortiq kasallik holatlari va 2184 oʻlim holati qayd etilgan.

