“Hali metropoliten balansiga o‘tkazilmagan”. Toshkent metrosida elektron panduslar nega to‘liq ishlamayapti?
Toshkentda metro bekatlariga o‘rnatilgan 38 ta elektron pandus sozlash ishlari hali yakunlanmagani va metropoliten balansiga qabul qilinmagani sababli to‘liq ishlamayapti. Metropolitenga ko‘ra, mas’ullarga jarayonni tezlashtirish va panduslar sifatini ta’minlash bo‘yicha bir necha marta murojaat qilingan.

“Metropoliten balansiga hali o‘tkazilmagan”. Toshkent metrosida elektron panduslar nega to‘liq ishlamayapti?
Toshkent metrosi bekatlarida elektron panduslarni o‘rnatish va sozlash ishlari hali yakuniga yetmagani, shuningdek ular metropoliten balansiga qabul qilinmagani sababli to‘liq ishga tushirilmayapti. Bu haqda 16-oktabr kuni Kontent tayyorlash markazida Transport vazirligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.
Toshkent shahri transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, deputatlar bilan bir hafta avval o‘tkazilgan o‘rganishda panduslar o‘rnatilgani, biroq ularni rasman ekspluatatsiyaga qabul qilish jarayoni hali tugallanmagani aniqlangan.
“Pudratchi ularni o‘rnatib bergan, lekin oxirigacha ekspluatatsiyaga topshirmagan. Shuning uchun ayrim bekatlarda ishlayotgan bo‘lsa, ayrimlarida ishlamaydigan holatlar bor”, — deydi u.
“Toshkent metropoliteni” matbuot kotibi Doniyor Nurullayevning ma’lum qilishicha, elektron panduslarni o‘rnatish Toshkent shahri hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj va sozlash ishlariga Texnopark MCHJ mas’ul etib belgilangan.
“Ishlar to‘liq yakunlangach, o‘rnatilgan panduslar yo‘lovchilarga haqiqatan ham qulay sharoit yaratib berayotganiga ishonch hosil qilganimizdan keyin ularni metropoliten balansiga qabul qilish rejalashtirilgan”, — deydi Nurullayev.
Uning aytishicha, metropoliten panduslarni o‘rnatishni jadallashtirish va ularning sifatini ta’minlash bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga bir necha bor rasmiy murojaat qilgan.
Nurullayevning ma’lum qilishicha, elektron panduslarni barcha yerosti bekatlariga o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozircha ularning 38 tasi sinov tariqasida yo‘lovchilar foydalanishi uchun mavjud. Birinchi pandus Xalqlar do‘stligi bekatida test rejimida ishga tushirilgan.
“Yo‘lovchilar panduslardan foydalanib, ularning kamchiliklari va qulayliklarini baholashlari mumkin. Har bir pandusda undan qanday foydalanish, qaysi tugmani bosib chaqirish kerakligi ko‘rsatilgan yo‘riqnoma bor. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham qulayliklar yaratilgan”, — deydi matbuot kotibi.
Doniyor Nurullayevning aytishicha, Sergeli yo‘nalishi va yerusti halqa yo‘lidagi beshta bekatda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus liftlar o‘rnatilgan. Biroq ayrim yo‘lovchilar belgilangan qoidalarga amal qilmasdan, ushbu liftlardan foydalanishi oqibatida ularda bir necha bor nosozliklar kuzatilgan.
“Takror ogohlantirishlarga qaramasdan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa yoshdagilar va homilador ayollar uchun mo‘ljallangan liftlardan boshqa yo‘lovchilar ham foydalanishi holatlari kuzatilmoqda”, — deydi matbuot kotibi.
Uning ma’lum qilishicha, metropoliten rahbariyati tashabbusi bilan Chinor bekatida barcha yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan katta sig‘imli lift o‘rnatilmoqda.
“Avvalgi liftlar bir vaqtning o‘zida besh nafar yo‘lovchini tashigan bo‘lsa, yangi liftlar bir vaqtda 50−60 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi. Ulardan barcha yo‘lovchilar foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, liftlar favqulodda vaziyatlarda odamlarni tezkor evakuatsiya qilish talablariga ham javob beradi”, — deydi Nurullayev.
Uning ta’kidlashicha, kelgusida bunday liftlarni yerusti halqa yo‘lidagi boshqa bekatlarda ham yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.

