Mahalliy

G‘uzorda paxtaga sepilgan dori oqibatida 22 nafar maktab o‘quvchisi zaharlandi

Qashqadaryoning G‘uzor tumanida dala yaqinidagi maktabning 22 nafar o‘quvchisi paxtaga sepilgan doridan zaharlanib, shifoxonaga yotqizildi. Hozirda ularning 15 nafariga uyiga javob berilgan, 7 kishi davolanmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

G‘uzorda paxtaga sepilgan dori sabab 22 nafar maktab o‘quvchisi zaharlandi

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 51-sonli maktabning 22 nafar yuqori sinf o‘quvchisi havo orqali kimyoviy vositadan zaharlangani haqida Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Voqea 23-sentabr kuni soat 11:45 lar atrofida sodir bo‘lgan. Maktabning 10−11-sinf o‘quvchilarida ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi belgilar kuzatilgach, ular tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ularga dastlab “oshqozon dispepsiya sindromi” tashxisi qo‘yilgan.

O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, maktab joylashgan “Yangiobod” mahallasiga tutash hududda “Shoxmalik Shermurod o‘g‘li” fermer xo‘jaligiga tegishli paxta maydonlari mavjud bo‘lib, uning 20 gektari bevosita maktab atrofida joylashgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni taxminan soat 09:00 atrofida fermer xo‘jaligi paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida maydonga “Agro Augron” nomli dori vositasini sepgan. Kislorod orqali tarqalgan ushbu vosita oqibatida o‘quvchilar zaharlangan.

Shifokorlar ko‘rsatgan yordamdan keyin 15 nafar o‘quvchining ahvoli yaxshilangani sababli ular uyiga javob berilgan. Ayni paytda yana 7 nafar o‘quvchi tuman tibbiyot birlashmasida statsionar sharoitda davolanishni davom ettirmoqda.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi 1-qismi (Atrof-muhitni ifloslantirish yoki zararli moddalarni oqizish/oqizish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tegishli ekspertizalar tayinlangan, hozirda Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.