Mahalliy

Gulistonda mahkumdan har oy 1 mln so‘m talab qilgan sobiq probatsiya inspektori jazolandi

Gulistonda mahkumdan har oy 1 mln so‘m so‘ragan sobiq probatsiya inspektori jazoga tortildi

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida o‘z nazoratidagi mahkumdan har oy 1 mln so‘mdan pul talab qilgan sobiq probatsiya inspektoriga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.

Ma’lum bo‘lishicha, O.P. 2024-yil avgustidan 2025-yil mayigacha Guliston shahar IIBda tezkor vakil sifatida ishlagan. 2025-yil noyabrida esa probatsiya inspektori lavozimiga o‘tgan.

2025-yil dekabr boshida unga ozodlikni cheklash jazosini o‘tayotgan mahkumni nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.

Inspektor 5-dekabr kuni mahkumni xizmat xonasiga chaqirib, uning hujjatlari va jazoni o‘tash tartibi bilan tanishgan. Mahkumning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, uchrashuvdan keyin inspektor undan “tushlikka biror nima tashlab ketish”ni so‘ragan.

“Shunda cho‘ntagimdagi 200 ming so‘mni tashlab ketishga majbur bo‘ldim. Keyinchalik uyimga tekshiruv uchun kelganida ham 200 ming va 150 ming so‘mdan pul berdim”, deydi mahkum o‘z ko‘rsatuvida.

O.P. erkakning santexnik bo‘lib ishlashini bilib, uni o‘z uyiga chaqirgan. Mahkum u yerda isitish tizimi va boshqa santexnika ishlarini bajargan, biroq buning uchun haq olmagan.

“Har oy 1 mln so‘m berasan”

Jabrlanuvchining aytishicha, inspektor undan muntazam ravishda har oy 1 million so‘mdan pul berib turishni talab qilgan va buning evaziga nazorat tartibini yumshatishga va’da bergan.

Xususan, IIB xodimlari tekshiruvga kelishidan oldin xabar berish, belgilangan vaqtda uyda bo‘lishi kerakligiga qaramay, kechasi bir-ikki soat ko‘chaga chiqishiga ko‘z yumish hamda qoidabuzarlik aniqlansa, boshqa xodimlar oldida uni himoya qilishini aytgan.

Bundan tashqari, mahkumga avval berilgan “ogohlantirish” intizomiy jazosini bekor qildirishga yordam berishini bildirgan.

2026-yil yanvar boshida O.P. pul masalasini yana ko‘targan. Mahkum 7-yanvar kuni unga pul berishi kerak bo‘lgan, biroq mablag‘ topa olmagan.

Ertasi kuni ular uchrashgan. Mahkum yonidagi pulning bir qismiga inspektorga sigareta olib bergan, qolgan pulini hamda avtomobilidagi 60 dona tuxumni unga qoldirgan.

9-yanvar kuni inspektor mahkumni Gulistondagi banklardan biri oldiga chaqirgan. Suhbat chog‘ida O.P. 6—7 mln so‘m pul kerakligini aytgan. Mahkum buncha mablag‘ni birdan topa olmasligini bildirib, yonidagi 997 ming so‘mni bergan va qolganini keyin topib berishini aytgan.

Shundan so‘ng mahkum talab qilingan pulni topa olmagani sabab DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmasiga murojaat qilgan.

O.P. sudda aybning bir qismiga iqror bo‘lgan. U mahkumdan ayrim pullarni olganini inkor etmagan, biroq ularni pora sifatida emas, qarzga olganini bildirgan.

Xizmat tekshiruvi davomida O.P. avval tezkor vakil bo‘lib ishlagan davrida bir nechta qonunbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘ygani ham aniqlangan. Jumladan, 2025-yil may oyida bir ayol bank kartasidan noma’lum shaxslar 10 mln so‘m yechib olgani yuzasidan IIBga murojaat qilgan. Holatni tekshirish O.P.ga topshirilgan. Biroq u pul qayerga o‘tkazilganini aniqlash va zarur tekshiruvlarni o‘tkazish o‘rniga, ayol nomidan boshqa mazmundagi tushuntirish xatini rasmiylashtirgan.

Unda go‘yoki pul ayolning o‘z ehtiyotsizligi sabab kartadan yechilgani, uning hech kimga da’vosi yo‘qligi va zarar ko‘rmagani yozilgan. Hujjatdagi ayolning imzosi ham qalbakilashtirilgan. Shu hujjatlar asosida holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.

Shuningdek, O.P. avtomobildan 4 mln so‘m, xonadondan velosiped hamda kurka va xo‘roz o‘g‘irlangani haqidagi ayrim murojaatlarni tegishli tartibda tekshirmagani ham aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqoltin tuman sudi O.P.ni Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) hamda 230-1-moddasi 3-qismi (dalillarni soxtalashtirish) bilan aybdor deb topgan. Unga 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.