Guliston obodonlashtirish boshqarmasida 1 mlrd so‘m talon-toroj qilindi

Guliston obodonlashtirish boshqarmasida 1 mlrd so‘m talon-toroj qilindi
Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasida 1 milliard so‘m talon-toroj qilingani aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari fuqarolarni ishchi sifatida rasmiylashtirib, amalda ishlamagan ushbu fuqarolarga 1 milliard so‘m ish haqi hisoblab, bu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sharof Rashidov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari xarid qilingan 348,7 mln so‘mlik 634 tonna asfaltni naqd pulga sotib yuborib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Parkent tumani Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul shaxslari esa 540 tonna asfalt yetkazib berilgani haqida soxta hisob-fakturalar rasmiylashtirib, 324 mln so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

