Dunyo

Gretsiyada muhojirlar va politsiya to‘qnashdi: 35 kishi hibsxonadan qochib ketdi

Gretsiyada muhojirlar saqlanadigan muassasada tartibsizliklar yuz berdi, natijada 35 kishi qochib ketdi. Deutsche Welle nashrining 23-avgustdagi huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, politsiya ularning yarmiga yaqinini qayta qo‘lga olgan.

Voqea Bolgariya chegarasi yaqinidagi Sintiki markazida sodir bo‘lgan. Muhojirlar politsiya xodimlariga tosh otganidan so‘ng, hududga qo‘shimcha kuchlar jalb qilingan. Politsiya tartibsizlik ishtirokchilariga qarshi portlovchi qurollarni qo‘llagan. To‘qnashuvlar 23-avgust kuni ertalabgacha davom etgan.

Hodisa oqibatida kamida besh nafar migrant jarohat olib, kasalxonaga yotqizilgan. Qochib ketgan 35 kishidan 17 nafari politsiya tomonidan qo‘lga olingan, qolgan 18 kishini qidirish ishlari davom etmoqda.

Ushbu hibsxonada 450 ga yaqin kishi saqlanadi va ular o‘z arizalari ko‘rib chiqilishini kutmoqda. Biroq bu jarayon juda uzoq vaqt oladi.

Gretsiya Yevropaga kirishni istagan muhojirlar uchun asosiy yo‘lak hisoblanadi. Mamlakatning konservativ bosh vaziri boshpana berilmagan shaxslarni deportatsiya qilish bo‘yicha qat’iy qoidalarni joriy etgan.

Hozirda Gretsiya Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari bilan birga Afrika mamlakatlari bilan muzokaralar olib bormoqda. Ular boshpana ololmaganlar uchun maxsus markazlar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotlari bu qarorni tanqid qilmoqda.

Avvalroq Shri Lanka bo‘ylab turli qamoqxonalarda tartibsizliklar yuz bergani va oqibatda uch nafar mahbus halok bo‘lib, 23 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.