Dunyo

“Granatani atayin portlatib, urushdan qochdim”. Rossiya armiyasi safida bo‘lgan samarqandlik erkak sudlandi

“Granatani atayin portlatib, urushdan qochdim”. Rossiya armiyasi safida bo‘lgan samarqandlik erkak sudlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudi chiqargan hukmga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan samarqandlik 30 yoshli erkakning ozodligi 4 yilga cheklangan.

Payariq tumanida istiqomat qiluvchi I.A. 2022-yil iyun oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borgani, Moskva viloyatining Podolsk va Balashixa shaharlarida qurilish hamda yetkazib berish ishlari bilan shug‘ullangani aytiladi. 2025-yil iyulida Balashixada kuryerlik qilayotgan paytida yo‘lda skuterga urilib yiqilgan. Shu vaqtda fuqarolik kiyimidagi ikki kishi uni urib, sumkasini tekshirgan va ichidagi turli rangdagi tabletkalarni psixotrop modda sifatida ko‘rsatgan.

I.A. tabletkalar o‘ziga tegishli emasligini bildirgan bo‘lsa ham, notanish shaxslar uni Moskvadagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan biriga olib ketishgan.

“Idoraga borgandan keyin bir kun qo‘l-oyog‘im bog‘liq holda saqlandim. Keyin bir haftaga yaqin har kuni psixotrop moddalarni kimdan olganim bo‘yicha so‘roq qilishdi. Menga tegishli emasligini aytsam-da, ishonmasdan turli xil yo‘llar bilan qiynashardi. Oxiri ular menga jazodan qutulish evaziga bir yil harbiy poligon qurilishida ishlash taklifini berishdi. Qurilishda ishlaganim uchun bunga rozi bo‘ldim”, deydi I.A. o‘z ko‘rsatuvida.

Biroq keyingi voqealar boshqacha kechgan. Uni o‘sha kuniyoq Moskvadagi mudofaa bo‘limiga olib borishgan. I.A. rus tilidagi hujjatlarning mazmunini tushunmagan holda ularga imzo qo‘ygan. Ular orasida Rossiya Qurolli kuchlari bilan harbiy xizmat shartnomasi ham bo‘lgan. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng uni “Avangard” harbiy maskaniga olib borishgan. U yerda avtomat va granatadan foydalanish o‘rgatilgan, kartasiga 2 mln rubl tushirib berilgan.

Shundan keyin 1-sentyabr kuni I.A. avval Voronej shahriga, so‘ng Lugansk hududidagi Belolutsk shahrida joylashgan 12-tank polkiga olib borilgan. 28 sentyabr kuni front hududiga yuborilib, blindajga joylashtirilgan.

3-oktyabr kuni dron hujumi paytida urushdan qutulish maqsadida granatani atayin portlatib, chap oyog‘ini jarohatlagan. Shundan keyin avval Belolutsk, so‘ng Belgoroddagi gospitallarda davolangan.

“Urushdan qochishning boshqa yo‘lini topolmasdan o‘zimda mavjud granatani atayin portlatishga majbur bo‘ldim. Oqibatda chap oyog‘im jarohatlanib, davolanish uchun gospitallarga yuborildim. Keyinchalik Moskvaga olib borishdi”, deydi I.A.

Moskvada u 6-noyabrdan pul evaziga mehnat ta’tiliga chiqqan. 26-noyabrda esa harbiy qismga qaytmasdan O‘zbekistonga qochib kelgan. Biroq qaytganidan keyin urushda qatnashgani haqida tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bermagan.

Sudda I.A.ning onasi uning otasi 1999-yilda ichki ishlar organlarida xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgani, tibbiy yordamga muhtojligi hamda ukasi 2026-yil yanvarda ishlash uchun Rossiyaga ketib, bedarak yo‘qolgani, uni topish uchun Interpolga ham murojaat qilinganini bildirib, yengillik so‘ragan.

Sud hukmi bilan I.A. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topilib, unga 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.