Layfstayl

Gonduraslik chuchvarachi, ukrainalik ofitsiant, rus menedjer – Merilenddagi choyxona qanday ishlayapti?

Samarqandlik Aziza 18 yil avval AQShga kelganida birorta ovqat pishirolmasdi. Bugun esa u Merilend shtati Geiterberg shahrida o‘zbekona oshxonaning egasi. Azizaning palovi va salatlari, shirinliklarini yegani qo‘shni shtatlardan xo‘randalar keladi. Xo‘sh, choyxonaning o‘zgachaligi nimada? Kun.uz Merilendda bo‘lib, choyxonada o‘zbek tadbirkori bilan suhbatlashdi.

Gonduraslik chuchvarachi, ukrainalik ofitsiant, rus menejer – Merilenddagi choyxona qanday ishlayapti?

Samarqandlik Aziza 18 yil avval AQShga kelganida birorta ovqat pishirolmasdi. Bugun esa u Merilend shtati Geiterberg shahrida o‘zbekona oshxonaning egasi. Azizaning palovi va salatlari, shirinliklarini yegani qo‘shni shtatlardan xo‘randalar keladi. Xo‘sh, choyxonaning o‘zgachaligi nimada? Kun.uz Merilendda bo‘lib, choyxonada o‘zbek tadbirkori bilan suhbatlashdi.

Merilend Vashington shahriga qo‘shni shtat. Asosan lotin Amerikasi fuqarolari va qisman MDH davlatlaridan odamlar bu yerda qo‘nim topgan. Samarqandlik Aziza Amirqulova 18 yil avval AQShga o‘qigani kelgan va o‘tgan yillar davomida bir marta ham vataniga bormadi. U turmushga chiqqan, farzandlari bor. Biroq turmush o‘rtog‘i Azim 2019-yilda og‘ir xastalikdan vafot etdi, ro‘zg‘or Azizaning bo‘ynida qoldi. U turmush o‘rtog‘i bilan ochgan choyxonasini imkon qadar yuritib kelmoqda. Bu mening hayotimga aylandi, erkak ham, ayol ham o‘zimman, deydi suhbatdoshimiz oshxonasi yumushlariga to‘xtalib.

Yemakxonaga “Silk road choyxona” nomi berilgan. Restoran, kafe emas, choyxona deb kamtarona nomlashni istadik. Chunki Buyuk ipak yo‘lida tarixan boy va katta hududni qamrab olgan, ko‘pchilikka tanish, deydi o‘zbek tadbirkori.

Aziza Amirqulovaning ta’kidlashicha, uning qo‘lida 10 ga yaqin odamlar ishlaydi. Ular orasida chuchvara tugadigan gonduraslik ayol, ukrainalik va rossiyalik ofitsiantlar, o‘zbek oshpazi va boshqa ishchilar faoliyat yuritmoqda. Bu choyxonani yurgizish uchun 1 oyda kamida 30-40 ming AQSh dollari kerak, deydi egasi.

“Idish yuvadigan qizimiz kuniga 100 dollar, chuchvara va somsa qiladigan ayol haftasiga kamida 720 dollar, oshpazimiz esa undan ham ko‘p oladi. Haftasiga 3-4 ming dollarga bozorlik qilaman, oylik ijara haqi 6,5 ming, kommunal to‘lovlar 2,5 ming dollar”, deya qo‘shimcha qiladi Amirqulova.

Azizaning aytishicha, uning choyxonasi muvaffaqiyati – halol va toza, taomlarning mazasida. Ovqatlarimiz uydagidek, odamlar yoshligini yoki onasi, buvisini eslaydi. Aynan shu ta’m va his uchun uzoq shtatlardan ham ovqatlangani kelishadi, deydi u.

“Masalan, somsani pechda pishiramiz, tandirimiz yo‘q. Lekin o‘sha odamlar uyida ham pechda pishirib yegan-ku, to‘g‘rimi? Uyini, buvisini, onasini eslaydi. Palovimni hattoki, Vashingtondagi Jahon bankida ishlaydiganlar buyurtma qiladi”, deydi tadbirkor.

Amirqulovaning ta’kidlashicha, choyxonada bayram va banketlar, hattoki to‘ylar ham o‘tkaziladi.

“O‘zbek qizimiz dushanbelik bir yigitga turmushga chiqdi. Bizga kelishdi, hammalari yoshlar va pullari unaqa ko‘p emas. To‘ychilarga osh, shashlik, turli xil salatlar va shirinliklar tayyorlab berdim. Hammalari maza qilib o‘tirishdi, men uchun juda o‘zgacha tajriba bo‘ldi”, deydi Aziza.

Tadbirkorga ko‘ra, u choyxonasidagi sifat va ta’mni, halollikni hech nimaga alishmaydi. Bu uning oshxonasi tashrif qog‘ozi bo‘lib qoladi.

Suhbatni Kun.uzʼning YouTube’dagi sahifasida to‘liq tomosha qiling.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.