Global Chess League. Javohir Sindorov Magnus Karlsenga mag‘lub bo‘ldi

Global Chess League. Javohir Sindorov Magnus Karlsenga yutqazdi
Hindistonning Bangalor shahrida Tech Mahindra Global Chess League turniri davom etmoqda.
O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov boshchiligidagi “Fyers American Gambits” 9-turda Magnus Karlsen yetakchilik qilayotgan “Alpine APL Pipers” jamoasiga 7:9 hisobida imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi qora donalarda norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsenga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Javohir Sindorovning jamoadoshi, qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Assubayeva “Alpine APL Pipers” vakili, hindistonlik Divya Deshmuh ustidan g‘alaba qozondi. Bundan tashqari, Daniel Dubov yana bir hindistonlik sportchi Vidit Gujrathi bilan bahs olib borib, mag‘lubiyatga uchradi. Qolgan 4 bahs durang bilan yakunlandi.
“Ganges Grandmasters” jamoasi “CheQ Mumba Masters”ni 16:1 hisobida taslim qildi. Jamoa sardori Yan Nepomniashi raqib jamoa yetakchisi, fransiyalik Maksim Vashye-Lagravni mag‘lub etdi.
Yan Nepomniashi hamda Magnus Karlsen boshchiligidagi jamoalar bir xil 18 ochko to‘plagan. Biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha “Ganges Grandmasters” 1-o‘rinda bormoqda. Javohir Sindorov jamoasi “Fyers American Gambits” 15 ochko bilan 3-o‘rindan joy olgan.
12-sentyabr kuni “Fyers American Gambits” 12 ochko bilan 4-o‘rinni egallab turgan “CheQ Mumba Masters” jamoasiga qarshi bahs olib boradi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilda Global Chess League musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 mln dollarni tashkil etadi. Uning yarmi — 500 ming dollar — jamoaning yakuniy o‘rniga qarab taqsimlanadi: chempion 250 ming, kumush medal sohibi 125 ming, uchinchi o‘rindagi jamoa 75 ming, to‘rtinchi o‘rindagi jamoa 50 ming dollar oladi.
Yana 450 ming dollar barcha jamoalar o‘rtasida butun turnir davomida to‘plagan o‘yin ochkolari soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Qo‘shimcha 50 ming dollarni liga g‘olibi oladi. Shu tariqa mukofot puli miqdori nafaqat yakuniy o‘ringa, balki har bir alohida partiya natijasiga ham bog‘liq. Turnir 13-sentyabrgacha davom etadi.

