Germaniyaning sakkizta federal viloyati bosh vazirlari kelajak borasidagi mulohazalar fonida Mertsni qoʻllab-quvvatlamoqda
Xristian-demokratik ittifoq rahbariyati shu dam olish kunlari boʻlib oʻtadigan ikkita hududiy saylov oldidan kantslerni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

Germaniyaning sakkizta federal yer bosh vaziri Mertsning siyosiy kelajagi borasidagi bahslar kuchayayotgan bir paytda uni qoʻllab-quvvatlamoqda
Fridrix Merts kantsler lavozimida qolishi va XDPga rahbarlik qilishni davom ettirishi kerakmi-yoʻqmi degan masalada tobora kuchayib borayotgan bosimga duch kelmoqda.
Germaniyaning sakkizta federal yeri rahbarlari mamlakat kantslerining siyosiy kelajagi borasidagi bahslar kuchaygan bir paytda uni qoʻllab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Bosh vazirlar — ularning barchasi Fridrix Mertsning Xristian-demokratik ittifoqi (XDP) aʼzolaridir — partiyaga boʻlgan ishonchni qayta tiklash «kadrlar boʻyicha bahs-munozaralarda emas, balki quloq solish va siyosiy choralar koʻrishda» ekanini taʼkidlashdi.
Lavozimda bor-yoʻgʻi 16 oydan beri faoliyat yuritayotgan Merts past reytinglar bilan kurashmoqda, ayni paytda immigratsiyaga qarshi boʻlgan oʻta oʻngchi «Germaniya uchun muqobil» (Gum) partiyasining mavqei yuksalib borayotgani uning saylovlarda partiyaga zarar yetkazuvchi omil ekanligi haqidagi shubhalarni uygʻotmoqda.
U oʻz lavozimida qolishga vaʼda berdi, biroq yakshanba kuni boʻlib oʻtadigan yana ikkita yer saylovlari uning rahbarligi uchun muhim sinov sifatida koʻrilmoqda.
«Kanzlertausch» — yoki «Kantslerni almashtirish» haqidagi gap-soʻzlar bir necha oydan beri yuribdi, ammo sentyabr oyi boshida konservativ XDP sharqiy Saksoniya-Anxalt yerida Gumdan ancha orqada qolib, ikkinchi oʻringa tushib ketganidan beri bu bahslar yanada kuchaydi.
Gum ovozlarning 43,8 foizini qoʻlga kiritdi, XDP esa 17,2 foizga tushib ketdi. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri oʻta oʻngchi partiyaning Germaniya federal yerida hokimiyatni qoʻlga kiritishga bu qadar yaqin kelishi birinchi marta kuzatilishidir.
Unga mutlaq koʻpchilik ovozga ega boʻlish uchun uchta oʻrin yetishmayapti va asosiy partiyalar Gum bilan koalitsiya tuzmaydi, garchi u ozchilik hukumatini tuzishga harakat qilishi mumkin boʻlsa-da.
Magʻlubiyatdan soʻng Merts javob qaytarib, Rossiya bilan aloqalarni tiklashni xohlayotgan Gumni «vayronkor kuch» deb atadi va uning migratsiya siyosati malakali ishchilarni «etnik tozalash» bilan barobar ekanini aytdi.
Mertsning migratsiya haqidagi fikrlariga javoban, Gum kantsler ustidan «asossiz» va «jirkanch» daʼvolari uchun tuhmat yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilayotganini bildirdi.
Kantslerning qoʻpol muloqot uslubi va shaxsiy mashhur emasligi — yaqinda oʻtkazilgan Bild soʻrovnomasiga koʻra, faqat 14 foiz aholi uni ushbu lavozimga loyiq deb hisoblaydi — uning ham Germaniyaga, ham XDPga rahbarlik qilish qobiliyatiga nisbatan savollarni paydo qildi.
Shunday boʻlsa-da, XDPning sakkizta yer bosh vaziri «hozir har qachongidan ham koʻproq Germaniya siyosiy maydoniga barqarorlik kerak» deb yozdi.
Shlezvig-Golshteyn, Saksoniya, Gessen, Reynland-Pfalts, Saksoniya-Anxalt, Tyuringiya, Berlin va Shimoliy Reyn-Vestfaliya rahbarlari: «Mamlakatimizga Bundestagda [Germaniya parlamentida] oʻz koʻpchiligiga ega boʻlgan barqaror va samarali federal hukumat kerak boʻlishda davom etadi», — deyishdi.
Ularning bayonoti Bavariya bosh vaziri va XDPning qardosh partiyasi — XSI (Xristian-sotsial ittifoq) rahbari Markus Zyoderning Mertsni qoʻllab-quvvatlashi ortidan yangradi.
Partiyadagi ismi oshkor etilmagan manba Reuters agentligiga maʼlum qilishicha, XDP rasmiylari yakshanba kuni Berlin va Meklenburg-Oldingi Pomeraniyadagi yer saylovlari natijalariga partiyaning munosabatini muvofiqlashtirish uchun uchrashadilar. U yerda Gum yanada koʻproq ovoz olishi, XDP esa yanada koʻproq yoʻqotishlarga uchrashi kutilmoqda.
Shunga qaramay, Germaniya poytaxtidagi kurash Saksoniya-Anxaltdagiga qaraganda ancha muvozanatli boʻlib, XDP va «Die Linke» (Chaplar) birinchi oʻrin uchun kurashmoqda, Gum va «Yashillar» esa soʻrovnomalarda ulardan sal orqada bormoqda.
Meklenburg-Oldingi Pomeraniyada soʻrovnomalar Gumni markazchi-chapchi SDPdan oldinga qoʻymoqda, ammo mutlaq koʻpchilikdan ancha yiroqda.
Merts uchun eng yomon stsenariy XDPning Berlinda hokimiyatni yoʻqotishi va Meklenburg-Oldingi Pomeraniya parlamentida hatto oʻz ishtirokini taʼminlash uchun ham yetarli ovoz toʻplay olmasligi boʻladi.
Buyuk Britaniyadan farqli oʻlaroq, Germaniya oʻz rahbarini muddatidan oldin oʻzgartirishga oʻrganmagan, garchi nazariy jihatdan Merts isteʼfoga chiqishga majbur qilinishi yoki unga nisbatan ishonchsizlik votumi eʼlon qilinishi mumkin boʻlsa-da, koʻpchilik bu ehtimolni kam deb hisoblaydi.
XDP ichida hali hech kim Mertsga qarshi chiqishga tayyorligini aytgani yoʻq, biroq uning kelajagi haqidagi bahslar ehtimoliy vorislar sifatida bir nechta nomlar — jumladan, Zyoder, Shimoliy Reyn-Vestfaliya bosh vaziri Xendrik Vyust va Germaniya Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindtning tilga olinishiga sabab boʻldi.
Merts rasman kantsler boʻlishidan oldin ham mudofaa infratuzilmasi uchun 500 milliard yevrolik ($547 mlrd; £420 mlrd) ulkan jamgʻarmani qoʻllab-quvvatlashga muvaffaq boʻlgan edi va uning toʻgʻridan-toʻgʻri uslubi hamda Yevropa xavfsizligiga eʼtibor qaratgani xalqaro miqyosda olqishlarga sazovor boʻlgandi.
Ammo unga XDP rahbari boʻlish uchun uchta urinish kerak boʻldi va u SDP bilan koalitsiya kelishuvi orqali texnik jihatdan yetarli ovozga ega boʻlishiga qaramay, kantsler boʻlish uchun dastlabki ovoz berishda yutqazdi. Bu urushdan keyingi Germaniyada birinchi marta sodir boʻldi.
Bu uning hatto oʻz lageridagi odamlarni ham ishontirishda qiynalganidan dalolat beradi va u uzoq vaqtdan beri orzu qilgan lavozimidan osonlikcha voz kechmasligi mumkinligini koʻrsatadi.

