Germaniyaning oʻta oʻngchi AfD partiyasi sharqdagi saylovlarda ilk bor hokimiyatga kelishga intilmoqda
Agar u Saksoniya-Anxaltda mutlaq koʻpchilik ovozini qoʻlga kiritsa, Ikkinchi jahon urushidan beri Germaniyada birinchi marta oʻta oʻngchi partiya viloyat darajasidagi hokimiyatni egallagan boʻladi.

Germaniyaning oʻta oʻngchi AfD partiyasi sharqdagi saylovlarda hokimiyatning ilk taʼmini tatib koʻrmoqchi
AfD vakili Ulrix Zigmund yakshanba kuni Saksoniya-Anxalt federal yerida boʻlib oʻtadigan saylovlarda soʻrovnomalar yetakchisi boʻlib turibdi
Germaniya shu dam olish kunlari mamlakat sharqida kutilayotgan jiddiy saylovlar oldidan nafasini ichiga yutib turibdi.
«Germaniya uchun alternativa» (AfD) partiyasi Saksoniya-Anxalt mintaqaviy parlamentida koʻpchilik oʻrinni qoʻlga kiritishga harakat qilmoqda.
Yaqqol gʻalaba Germaniyaning urushdan keyingi davrida ilk bor oʻta oʻngchi partiyaning yer (viloyat) darajasida hokimiyatga kelishini anglatadi.
AfD tanqidchilari uchun bu juda xavotirli istiqboldir. Partiya esa, oʻz navbatida, buni milliy miqyosdagi hokimiyatga erishish yoʻlidagi navbatdagi qadam deb hisoblaydi.
Ushbu saylovlar Germaniya tarixini oʻzgartirib yuborishi mumkin.
Natijalar, shuningdek, murakkab vaziyatda qolgan konservativ (CDU) kantsler Fridrix Merts uchun yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin, chunki uning oʻz muddati oxirigacha lavozimida qola olishi borasidagi bahs-munozaralar davom etmoqda.
Yaqinda boʻlib oʻtgan ommaviy tadbirlarda hushtaklar bilan kutib olingan Mertsni saylovlarda ustunlik beruvchi omil deb atash qiyin.
Ehtimol, kantsler hozir oʻta oʻngchilarning oldinga siljishini toʻxtatishga vaʼda berganidan afsusdadir, chunki buning tamomila teskarisi yuz berdi.
Bundan farqli oʻlaroq, AfD partiyasining ushbu yerdagi xarizmatik yetakchi nomzodi Ulrix Zigmund bahs-munozaralar va OAV eʼtiborida ustunlik qilishdan foyda koʻrganga oʻxshaydi.
Der Spiegel jurnali tomonidan «Germaniyaning eng xavfli odami» deb taʼriflangan Zigmund uning atrofida nufuzli lavozimlarni egallab turganlar orasida oʻtmishda neofashistlar harakati bilan aloqasi boʻlgan shaxslar borligi haqidagi xabarlarni rad etdi.
35 yoshli siyosatchi tez-tez, jumladan, ijtimoiy tarmoqlardagi koʻplab shaxsiy postlarida ham, oʻziga havas bilan boqayotgan olomon qurshovida yoki Sharqiy Germaniyaning retro skuterini quvnoq haydab ketayotgan holatda tasvirlanadi.
Oʻtmishga boʻlgan tinimsiz nostalgiya va hozirgi kundan chuqur norozilik partiyaning sharqiy tayanch nuqtalarida qoʻllab-quvvatlanishini kuchaytirishga yordam berdi.
Saylovchilar immigratsiya, jamoat xavfsizligi, Germaniyaning zaif iqtisodiyoti, yuqori energiya narxlari va Ukraina kabi xorijiy davlatlarga yuborilayotgan yordamlardan shikoyat qilmoqdalar.
Men suhbatlashgan baʼzi odamlar AfD tub oʻzgarishlar uchun haqiqiy imkoniyat taqdim etishiga qatʼiy ishonishadi va Ulrix Zigmund ularga umid bagʻishlaganini aytishadi.
Boshqa tarafdorlar esa bunga unchalik amin emas, lekin oʻnlab yillar davomida siyosatda ustunlik qilib kelgan anʼanaviy partiyalarga boʻlgan ishonchni yoʻqotganliklarini bildirishmoqda.
AfD qonun chiqaruvchilaridan biri bir safar menga agar ularga mintaqaviy darajada boshqarish imkoniyati berilsa, odamlar «osmon uzilib yerga tushmasligini» koʻrishlarini aytgan edi.
Harakatning baʼzi muxoliflari bunga qoʻshilmasliklari mumkin. Partiyaning Saksoniya-Anxalt boʻyicha rejalari Germaniyada katta bahs-munozaralarga sabab boʻlmoqda.
Partiya qochqin bolalarni maxsus sinflarga ajratishni xohlaydi: «Qochqin bolalarga ularning Germaniyada boʻlishi faqat vaqtinchalik ekanligi haqidagi xabar yetkazilishi kerak».
Uning dasturida aytilishicha, «normal oila» tuzilmalariga nisbatan «jinsiy ogʻishlar va koʻpayishga qaratilmagan turmush tarzi» faol targʻib qilingan.
Partiya LGBT kamalak bayroqlarini maktablarda taqiqlash kerakligini, bolalar esa natsistlar haqida kamroq, Germaniya tarixining ijobiy tomonlari haqida koʻproq oʻrganishi kerakligini taʼkidlamoqda.
Immigratsiya masalasida u yerda qolish huquqiga ega boʻlmagan migrantlarni ushlab turish va deportatsiya qilish rejalari doirasida tezkor guruh tuzishni taklif qilmoqda, shu bilan birga «noqonuniy, madaniy jihatdan begona» ommaviy migratsiyaga chek qoʻyishga chaqirmoqda.
AfDning Rossiyaparast pozitsiyasi ham unga maxfiy razvedka maʼlumotlarini ishonib topshirib boʻlmasligi haqidagi daʼvolarni kuchaytirdi. Saksoniya-Anxaltdagi AfD yetakchi namoyandasi Xans-Tomas Tilshnayderning kabinetida Rossiya armiyasi tasvirlangan krujka koʻrilganda, u bu shunchaki suvenir ekanligini va «bu bizning urushimiz emas»ligini aytdi.
Bu voqea Berlin shu hafta Leyptsig/Halle aeroportiga uyushtirilgan muvaffaqiyatsiz dron hujumida Moskvani ommaviy ravishda ayblagan paytga toʻgʻri keldi. Kreml har qanday aloqadorlikni rad etdi.
Sven Shultse (markazda) — Mertsning Xristian-demokratlar partiyasidan nomzod boʻlib, ular AfD bilan hamkorlik qilishni istisno etishgan
Shu bilan birga, Germaniya xavfsizlik manbalari Rossiya tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan va koʻpincha AfD raqiblarini nishonga oluvchi dezinformatsiya kampaniyalari kuchayayotganidan ogohlantirdi — Moskva vakillari buni «antirossiya vahimasi» deb atamoqda.
Yer hukumatlari mahalliy taʼlim, politsiya va madaniyat kabi sohalarda sezilarli vakolatlarga ega, ularning vakillari esa federal hukumatning yuqori palatasi — Bundesratda oʻtirishadi.
Saksoniya-Anxaltdagi AfD hukumati mahalliy darajada oʻzgarishlar kiritish va milliy sahnada yanada balandroq ovozga ega boʻlish imkoniyatiga ega boʻladi.
Partiya sobiq kommunistik Sharqiy Germaniyada eng kuchli boʻlib qolmoqda, ammo u butun mamlakat boʻylab soʻrovnomalarda ham yetakchilik qilmoqda.
Bu uning 2013 yilda tashkil etilgan yevroskeptik partiyadan ekstremistik qarashlarni qoʻllab-quvvatlovchi yoki oʻziga jalb qiluvchi partiyaga aylangani haqidagi ogohlantirishlarga qaramay yuz bermoqda.
Saksoniya-Anxalt — partiya rasman oʻng qanot ekstremistik deb tasniflangan bir nechta yerlardan biridir.
Ichki razvedka mahalliy boʻlimni «irqchilik mafkurasi» va konstitutsiyaga zid maqsadlar asosida shakllanganlikda ayblamoqda.
Oʻzini konservativ, libertarian harakat deb ataydigan AfD bu yorliqlarni siyosiylashtirilgan tuhmat sifatida rad etadi va milliy sotsializm bilan har qanday qiyoslashni inkor etadi.
Ulrix Zigmund agar AfD koʻpchilik ovozni qoʻlga kiritsa, ushbu yerda ichki razvedkani (BfV) tugatishni istisno qilmadi.
Boshqa partiyalar oʻta oʻngchilarni hukumatdan uzoqlashtiruvchi «Brandmauer» yoki «yongʻinga qarshi devor» deb nomlanuvchi tizim doirasida AfD bilan koalitsiya tuzmaydilar.
Shu sababli, hokimiyatni qoʻlga kiritishi aniq boʻlishi uchun u parlamentda koʻpchilik oʻrinni egallashi kerak.
Saksoniya-Anxaltda masala endi ushbu devorda darzlar hosil qilish emas, balki uni butunlay aylanib oʻtishga harakat qilish haqida bormoqda.
Buning muvaffaqiyati boshqa kichikroq partiyalar parlamentga kirish uchun zarur boʻlgan 5 foizlik toʻsiqdan oʻtish uchun yetarli ovoz toʻplay olishiga bogʻliq boʻladi.
Siyosat — bu arifmetika, va Germaniya ham bundan mustasno emas, hatto bu arifmetika juda murakkab boʻlishi mumkin boʻlsa ham.
Ammo agar AfD hal qiluvchi gʻalabaga erishsa, u holda qoʻllab-quvvatlanishga erishish uchun elitaga qarshi ritorikadan foydalangan partiya ilgari hech qachon duch kelmagan sinovga duch keladi.
Noroziliklar hali ham Berlindagi federal hukumatga qaratilishi mumkin, ammo AfD endi hokimiyatdagilarni faqat tashqaridan turib tanqid qila olmaydi, chunki uning oʻzi hokimiyatda boʻladi.
Saksoniya-Anxalt aholisi boʻyicha nisbatan kichik yer boʻlishi mumkin, ammo u juda katta saylovni oʻtkazish arafasida turibdi.

