Germaniyadagi saylovlar: Mers partiyasi barcha joyda pozitsiyalarni boy bermoqda
«Soʻllar» Berlinda gʻalaba qozondi, oʻnglar Meklenburg – Old Pomeraniyani ham oʻziniki qildi.

Germaniyadagi saylovlar: Mers partiyasi hamma joyda pozitsiyalarini yoʻqotmoqda
20-sentabr kuni Germaniya poytaxti Berlin hamda Meklenburg – Old Pomeraniya yerida federal saylovlar oʻtkazildi. Ikkala partiya ham avvalgi saylovlardagi natijasini ikki baravarga yaxshiladi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, «Soʻl partiya» Berlinda jami ovozlarning 25,7 foizini qoʻlga kiritgan — bu 2023-yilda boʻlib oʻtgan oldingi saylovlarga nisbatan 13,5 foiz punktga yuqori. Oldingi saylovlar gʻolibi boʻlgan XDI esa bu safar 18,8 foiz ovoz bilan kifoyalangan (9,4 foiz punkt pasayish), undan keyingi oʻrinlarda AfD (16,3 foiz), «Yashillar» (14,3 foiz) va Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (12,1 foiz) joylashgan. Qolgan partiyalar, jumladan, «Sara Vagenknext ittifoqi» (BSW) ham 5 foizlik chegaradan oʻta olmagan. Saylovda qatnashish darajasi 74 foizdan oshgan.
«Soʻllar» uchun bu Berlindagi saylovlar tarixidagi eng yuqori natija boʻldi. Soʻnggi yillardagi rebrending va tarkibni jiddiy oʻzgartirish partiyaning muvaffaqiyatini taʼminladi. Partiyadagi rahbarlik lavozimlarini yosh siyosatchilar, jumladan, ayollar egalladi va ularning koʻpchiligi «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga murosasiz pozitsiyani tutadi.
«Soʻllar» oʻz saylovoldi dasturini berlinliklar uchun eng dolzarb va ogʻriqli mavzu — uy-joy masalasi atrofida shakllantirdi. Partiya saylovlarga allaqachon shaharga tegishli boʻlgan xonadonlarda ijara haqini cheklash va yirik xususiy ijaraga beruvchilarning 220 mingga yaqin kvartiralarini jamoat mulkiga oʻtkazishga erishish vaʼdasi bilan kirdi. Partiyadagi ichki islohotlar hamda tanlangan kun tartibi bir yil ichida tarafdorlar sonini ikki baravarga oshirishga yordam berdi: 2025-yil oxiriga kelib partiya aʼzolari soni 123 ming kishini tashkil etayotgandi.
Gʻalabadan soʻng Berlin shahri merligini «Soʻllar» yetakchisi — 45 yoshli Elif Eralp egallashi kerak, Financial Times uni «Berlinning Mamdaniyga javobi» deb taʼriflagan. Eralp — 1980-yilgi davlat toʻntarishidan keyin Turkiyani tark etgan muhojirlar farzandi. U Berlinning muhojirlardan chiqqan ilk meri boʻlishi mumkin.
Meklenburg – Old Pomeraniyada esa «Germaniya uchun muqobil» partiyasi 38,2 foiz ovoz oldi — bu 2021-yilgi saylovlarga qaraganda ikki baravar yaxshiroq natija. Bungacha ushbu hududda hokimiyatni boshqargan sotsial-demokratlar esa 35,5 foiz bilan ikkinchi oʻrinni egalladi. Shuningdek, «Soʻllar» 6,5 foiz, «Yashillar» 5,7 foiz ovoz bilan landtagga kirdi.

