Germaniyada sudlar sunʼiy intellekt yordamida yozilgan daʼvo arizalariga toʻlib ketdi
Sudlardan biriga 4500 sahifadan iborat daʼvo arizasi kelib tushgan.

Germaniyada sudlar sunʼiy intellekt yordamida yozilgan daʼvo arizalari bilan toʻlib bormoqda
Germaniya sudlarida sunʼiy intellekt yordamida tayyorlangan daʼvo arizalari soni keskin oshdi, deb yozadi Bild.
Qayd etilishicha, ChatGPT fuqarolarga bir necha soniya ichida hajmi katta yuridik hujjatlarni yaratish imkonini bermoqda. Biroq bunday hujjatlarda koʻpincha toʻqib chiqarilgan sud qarorlari va mavjud boʻlmagan huquqiy normalarga havolalar uchramoqda. Sudlardan biriga 4500 sahifadan iborat daʼvo arizasi kelib tushgan.
Ayniqsa, fuqarolar advokatsiz murojaat qilishi mumkin boʻlgan ijtimoiy sudlarga tushayotgan yuklama sezilarli darajada oshgan.
Baden-Vyurtemberg federal yerida bir yil ichida shoshilinch sud ishlari soni 60 foizga, ijtimoiy nafaqalar boʻyicha nizolar esa 80 foizga koʻpaygan. Bavariyada 2026-yilning birinchi yarmida nafaqalar bilan bogʻliq daʼvolar soni 60 foizga oshgan.
Shu bilan birga, sudyalar kelib tushgan hujjatlarni, hatto ulardagi matnning katta qismi ishga aloqador boʻlmasa ham, koʻrib chiqishga majbur.
Sudlarga tushayotgan yuklama ortib borayotgani fonida Germaniya Adliya vazirligi protsessual qonunchilikni isloh qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Islohot doirasida sud hujjatlarining hajmi va rasmiylashtirilishiga nisbatan talablar belgilanishi mumkin.
Shuningdek, sudlar ham uzun arizalarni tahlil qilish va qisqartirishda sunʼiy intellektdan foydalanishi nazarda tutilmoqda.

