Germaniyada politsiya Hellouin shirinliklaridan igna topilgani haqida 80 dan ortiq xabar oldi
Kamida ikki nafar bola og‘iz bo‘shlig‘idan jarohat olgani ma’lum qilindi. Rasmiylar buni TikTok’dagi chellenj yoki internetdagi chaqiriqlar bilan bog‘lamoqda.

Germaniyada politsiya Hellouin shirinliklari orasidan igna topilgani haqida 80 dan ortiq murojaat qabul qildi
Germaniyada politsiyaga bolalar Hellouin bayramida yig‘ib olgan shirinliklar ichida igna va boshqa o‘tkir buyumlar borligi yuzasidan 80 dan ortiq xabar kelib tushdi. Natijada kamida ikki nafar bola jarohat oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bremerfyorde shahrida bir qizcha tarkibida kamida besh santimetrli to‘g‘nog‘ich bo‘lgan shokoladni tishlab, tilini shikastlagan. Meklenburg shahrida esa bir bola shirinlik ichidagi igna sabab og‘iz bo‘shlig‘idan yengil jarohat olgan.
Bunday holatlarning eng ko‘pi, 25 ta holat, Bavariyada qayd etilgan. Tergovchilarning taxminiga ko‘ra, ayrim jinoyatchilar internetdagi chaqiriqlardan ilhomlangan bo‘lishi mumkin.
Essen politsiyasi vakili Mattias Verk Bild nashriga huquq-tartibot xodimlari bunday g‘oyalar tarqalgan manbani izlayotganini aytdi. Quyi Bavariya politsiyasi ham bu voqealarning TikTok’dagi chellenj bilan bog‘liqligini tekshirmoqda.
11-noyabr kuni nishonlanadigan Muqaddas Martin kuni arafasida bolalar Germaniyaning ayrim hududlarida yana xonadonma-xonadon yurib, shirinliklar yig‘adi. Shu sababli politsiya ota-onalarga barcha shirinliklarni tekshirib ko‘rishni tavsiya qilmoqda.

