Boshqa

Germaniyada NUJlar haqidagi xabarlar rekord miqdorda ko‘paydi

Germaniyada noma’lum uchar jismlar (NUJ) haqidagi xabarlar soni rekord darajada oshdi. Deutsche Welle nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘pincha odamlar sun’iy yo‘ldoshlar, dronlar va kosmik chiqindilarni o‘zga sayyoraliklar kemasi deb o‘ylashadi.

Mamlakatning G‘ayritabiiy osmon hodisalarini o‘rganish markaziy tarmog‘iga (CENAP) har kuni uchdan oltitagacha yangi xabar kelib tushmoqda. Xabarlarda ko‘pincha osmonda porlayotgan shar shaklidagi obyektlar yoki sirli chiroqlar haqida so‘z boradi.

CENAP rahbari Hansyurgen Kyolerning ta’kidlashicha, "G‘ayrioddiy narsaga duch kelganda har xil taxminlar qila boshlaydigan odamlarni tushunaman. Hatto men ham shunday vaziyatga tushib qolishim mumkin".

Tashkilot tashkil etilganidan buyon CENAP’ga NUJlar haqida 14 000 dan ortiq xabar kelib tushgan. 2025-yilda tashkilot Germaniya, Avstriya va Shveysariyadan 1348 ta murojaatni qayd etgan bo‘lsa, bir yil avval bu ko‘rsatkich 1084 tani tashkil etgan edi. 2026-yilda Pentagon tomonidan o‘zga sayyoraliklar haqidagi fayllar e’lon qilingach, g‘ayrioddiy osmon hodisalariga bo‘lgan qiziqish keskin ortgan.

Biroq, Kyolerning alohida ta’kidlashicha, 2025-yilda ro‘yxatga olingan obyektlarning birortasi ham o‘zga sayyoraliklarning kosmik kemasi bo‘lib chiqmadi. Aksariyat hollarda ular yorqin sayyoralar, yulduzlar, sun’iy yo‘ldoshlar yoki kosmik chiqindilar bo‘lib chiqqan. Faqatgina Starlink yo‘ldosh tizimi bo‘yicha 120 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

Bundan tashqari, CENAP vakillarining qayd etishicha, dronlar ham tez-tez bunday xabarlarga sabab bo‘lmoqda. CENAP – 1973-yilda tashkil etilgan Germaniya xususiy havaskor astronomiya tashkilotidir.