Germaniya tashqi razvedka xizmati vakolatlarini kengaytirmoqchi
Germaniya Federal razvedka xizmati - BNDga xorijdan kelayotgan tahdidlarga qarshi faol choralar ko‘rish imkonini beruvchi yangi vakolatlar taqdim etilishi kutilmoqda. Islohotlar doirasida razvedka xizmati xorijdagi IT-infratuzilmalarni zararsizlantirish, ma’lumotlarga kiberusulda ta’sir ko‘rsatish va milliy mudofaa zarurati tug‘ilganda chet elda diversiya operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Germaniya hukumati Federal razvedka xizmati (BND) va boshqa maxsus xizmatlarning vakolatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Berlin bu orqali xorijdan kelayotgan zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi samaraliroq kurashishni maqsad qilgan.
ntv telekanalining xabariga ko‘ra, yangi tartib BND xodimlariga kiberhujumlar vaqtida xorijda joylashgan IT-qurilma va infratuzilmalarni zararsizlantirish imkonini berishi mumkin. Milliy mudofaa bilan bog‘liq zarurat yuzaga kelgan taqdirda esa chet davlatlar hududida diversiya operatsiyalarini amalga oshirishga ham ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundestag razvedka xizmatlari vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar paketini 12-avgust kuni ovozga qo‘yishi kutilmoqda.
Islohotlarga ehtiyoj Germaniya va Yevropada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashgani bilan izohlanmoqda. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Germaniyada turli gibrid tahdidlar ko‘paygani ta’kidlangan.
Bunga aeroportlarda portlovchi moddalar bilan jihozlangan dronlarning aniqlanishi, energetika infratuzilmasiga kiberhujumlar, josuslik holatlari va mudofaa sanoati korxonalarida diversiyaga urinishlar misol sifatida keltirilgan.
Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt Bild nashriga bergan intervyusida rejalashtirilayotgan o‘zgarishlarni sharhlar ekan, mamlakat razvedka xizmatlarini zamonaviy talablarga moslashtirish zarurligini ta’kidlagan.
Uning fikricha, Germaniya maxsus xizmatlari dunyodagi hamkor razvedka tuzilmalari bilan teng darajada ishlay olishi kerak. Zamonaviy davlat miqyosidagi terrorizm va ekstremistik guruhlarga qarshi kurashish uchun razvedka organlariga tezkor imkoniyatlar va faol vakolatlar zarur, degan u.
Hozirgi vaqtda BNDʼning asosiy vazifasi xorijda Germaniya xavfsizligi va tashqi siyosati uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishdan iborat.
Yangi islohotlar esa razvedka xizmatiga “operativ” vakolatlar berishni nazarda tutadi. Bu BNDʼga tahdid haqida faqat ma’lumot to‘plash emas, balki uni bartaraf etishga qaratilgan muayyan harakatlarni ham amalga oshirish imkonini beradi.
Jumladan, BNDʼga ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki o‘chirish maqsadida xorijdagi kompyuter tizimlariga kiberoperatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda.
Ntv xabarida keltirilishicha, bunday imkoniyatlar, masalan, qurol tayyorlash bo‘yicha raqamli yo‘riqnomalarni o‘zgartirish yoki qurolni hali ishlab chiqarish jarayonidayoq ishga yaroqsiz holga keltirish uchun qo‘llanishi mumkin.
Shuningdek, diversiyalar uchun jalb qilinadigan quyi darajadagi ijrochilarga haq to‘lash mexanizmlariga ta’sir ko‘rsatish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Bunday to‘lovlar ko‘p hollarda raqamli valyutalar orqali amalga oshirilishi qayd etilgan.
Shu bilan birga, yangi vakolatlar BNDʼga xorijda jismoniy shaxslarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash huquqini bermaydi. Bunday harakatlar taqiqligicha qoladi.
Shu sababli Germaniya tashqi razvedkasining operativ imkoniyatlari AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi - CIA, Isroilning “Mossad”i yoki Fransiya Tashqi xavfsizlik bosh boshqarmasi kabi maxsus xizmatlarnikiga nisbatan cheklangan bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Biroq BND xodimlari, Bundesver harbiylari yoki federal politsiya xodimlari xorijdagi xizmat vazifasiga qurol olib chiqish uchun hozirgidek har safar alohida ruxsat olishi shart bo‘lmasligi mumkin.
Buning uchun Germaniyaning harbiy qurollarni nazorat qilish to‘g‘risidagi qonuniga tegishli o‘zgartishlar kiritilishi rejalashtirilgan. Rasmiylarga ko‘ra, ushbu chora xorijda vazifa bajarayotgan xodimlarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Islohotlar faqat BNDʼning operativ faoliyati bilan cheklanmaydi. Federal razvedka xizmati va Germaniya Konstitutsiyani himoya qilish idorasiga ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish bo‘yicha ham kengroq vakolatlar berilishi rejalashtirilmoqda.
Xususan, maxsus xizmatlarga katta hajmdagi ma’lumotlarni sun’iy intellekt dasturlari yordamida tahlil qilish imkoniyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Shu tariqa, Germaniya razvedka tizimi an’anaviy ma’lumot to‘plash modelidan tahdidlarni aniqlash va ayrim hollarda ularni faol ravishda bartaraf etishga qaratilgan tizimga o‘tishi mumkin.
Ayni paytda maxsus xizmatlarning yangi vakolatlari nazoratsiz qolmaydi. Germaniya razvedka organlari faoliyati ustidan Mustaqil nazorat kengashi nazorat olib borishi belgilanmoqda. Bundestagning tegishli parlament qo‘mitasi ham o‘z nazorat vakolatlarini saqlab qoladi.
Islohotlar paketi hozircha parlament tasdig‘idan o‘tishi kerak. Bundestag uni ma’qullagan taqdirda, BNDʼning Germaniya tashqarisidagi tahdidlarga qarshi harakat qilish imkoniyatlari sezilarli darajada kengayadi.

