Germaniya milliardlab yevro evaziga yangi harbiy-dengiz bazasi quradi
Germaniya Shimoliy dengiz sohilidagi Emden shahrida yangi harbiy-dengiz bazasi qurishni rejalashtirmoqda. Bir necha milliard yevro sarflanadigan baza 2030-yillar boshida ishga tushirilishi kutilmoqda. Kelgusida u yerda harbiylar uchun 2 mingtagacha shtat oʻrni yaratilishi mumkin.

Germaniya milliardlab yevro sarflab yangi harbiy-dengiz bazasini barpo etadi
5-oktabr kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va Quyi Saksoniya bosh vaziri Olaf Lis Emdenda harbiy-dengiz bazasi qurish bo‘yicha niyatlar deklaratsiyasini imzoladi. Yangi baza mamlakat flotining Shimoliy dengiz sohilidagi ikkinchi tayanch nuqtasiga aylanadi.
Pistorius Emden yana Germaniya harbiy-dengiz kuchlari bazasi bo‘lishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hozirgi flot Bundesver tarixidagi eng kichigi bo‘lsa-da, uning zimmasidagi vazifalar hajmi har qachongidan ham katta.
«Shuning uchun harbiy-dengiz floti kengayishi kerak va u kengayadi», - dedi vazir.
Emdenning tanlanishi uning strategik joylashuvi hamda qurilish uchun yetarli bo‘sh maydonlar mavjudligi bilan izohlanmoqda. Loyiha doirasida kemalar uchun to‘xtash joylarini ko‘paytirish, prichallar uzunligini oshirish va harbiy xizmatchilar sonini kengaytirish rejalashtirilgan.
Hozir Germaniyaning Shimoliy dengiz sohilida faqat bitta — Vilgelmsxafendagi Xeppenzer-Groden harbiy-dengiz bazasi mavjud. Pistoriusga ko‘ra, ikkinchi bazaning paydo bo‘lishi flotning harakatchanligi va turli vaziyatlarga moslashish imkoniyatini oshiradi.
Vazir jiddiy inqiroz yuz bergan taqdirda Germaniya flotining harakatlarini oldindan taxmin qilish qiyinlashishini, uning operativ imkoniyatlari esa kengayishini ta’kidladi.
Tagesschau ma’lumotiga ko‘ra, yangi portda fregatlar uchun yettita, minalarni qidirish va zararsizlantirish kemalari uchun o‘nta, buksirlar uchun yana o‘nta to‘xtash joyi tashkil etish ko‘zda tutilgan. Baza Germaniya harbiy-dengiz kuchlarining yangi strategiyasida muhim o‘rin tutadi.
Nashr keltirgan ekspertlar bahosiga ko‘ra, Emdenning geografik afzalliklaridan biri — shahar Rossiyaning o‘rta masofali raketalari yetib borish hududidan tashqarida joylashganidir.

