Germaniya Leypsigdagi dron hodisasini «gibrid tahdid» deb baholadi
Germaniya hukumati Leypsig-Galle aeroportida ukrain yuk samolyoti yaqinidan portlovchi modda o‘rnatilgan dron topilishiga Rossiya aloqador ekanini tasdiqlash uchun hozircha yetarli dalillar yo‘qligini bildirdi. AQSh razvedkasi esa uchuvchisiz apparat Rossiya hukumati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Germaniya Leypsigdagi dron hodisasini "gibrid tahdid" deb baholadi. Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindtning 19-avgust kuni Tyuringiyaga safari chog‘ida jurnalistlarga ma’lum qilishicha, federal hukumat Leypsig aeroportida topilgan dron ortida kim turgani haqida hozircha aniq xulosa chiqara olmaydi.
Dobrindtning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati hodisaga bir tomonlama baho berish uchun yetarli tasdiqlangan ma’lumot va asoslarga ega emas. "Rossiya o‘zining hozirgi xatti-harakatlari bilan unga nisbatan shubhalar paydo bo‘lishini ancha osonlashtirmoqda. Biroq ayni paytda buni isbotlash nihoyatda qiyin", - dedi vazir.
Uning ta’kidlashicha, Leypsigda topilgan dron ortida kim turgani aniqlanganidan so‘ng, ehtimoliy javob choralari bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Bu masala mudofaa vaziri Boris Pistorius, tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful va kansler Fridrix Mers ishtirokida muhokama qilinishi kutilmoqda. Ayni paytda Germaniya maxsus xizmatlari ishtirokida hodisa yuzasidan tergov "maksimal darajada jadal" olib borilmoqda.
Dobrindt Leypsigdagi voqeani alohida bir hodisa sifatida baholamasligini ham bildirdi. Uning fikricha, bunday harakatlar Germaniyani siyosiy va ijtimoiy jihatdan beqarorlashtirishga qaratilgan yangi turdagi gibrid tahdidlarning bir qismi bo‘lishi mumkin.
5-avgustga o‘tar kechasi Leypsig-Galle aeroportida ukrain yuk samolyoti yaqinidan kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan uchuvchisiz apparat aniqlangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dron portlovchi modda va detonator bilan jihozlangan bo‘lgan. Apparatning qayerdan kelgani va kimga tegishli ekani hozircha aniqlanmagan. Biroq AQSh razvedkasi dron Rossiya hukumati bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimolini ilgari surgan.
Tergovchilar e’tiborini tortgan jihatlardan biri - apparatning yuqori professional darajada tayyorlangani. Ma’lumotlarga ko‘ra, dron oddiy do‘kondan xarid qilinmagan, balki maxsus maqsad uchun yasalgan. Uning tuzilishi hujumga tayyorgarlik tasodifiy jinoyatchilar yoki havaskorlar tomonidan amalga oshirilmagan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, dron Semtex turidagi kuchli portlovchi modda bilan jihozlangan. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, undagi portlovchi modda samolyotga jiddiy zarar yetkazish, hatto uni portlatib yuborish uchun yetarli bo‘lishi mumkin edi. Die Zeit ma’lumotiga ko‘ra, Semtex qora bozorda ham uchrab turadi, biroq bu turdagi portlovchi modda ko‘proq harbiy maqsadlarda qo‘llanadi.
Shu sababli tergovchilar ko‘rib chiqayotgan asosiy versiyalardan biri - ehtimoliy hujumga tayyorgarlikda muayyan davlatga aloqador tuzilma ishtirok etgan bo‘lishi mumkinligi. Hozircha Germaniya rasmiylari bu versiyani biror davlatga bog‘lash uchun yetarli dalillar mavjud emasligini ta’kidlamoqda.

