Sport

Germaniya Kubogidagi tartibsizliklar oqibatida 85 kishi jarohat oldi

Germaniya Kubogi doirasidagi "Valdhof" va "Kayzerslautern" jamoalari o'rtasidagi bahsdan so'ng yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida 85 kishi jarohatlandi. Uchrashuv "Kayzerslautern"ning 1:0 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan edi.

O'yin tugagach, futbolchilar o'rtasida janjal kelib chiqqan. Shundan so'ng, jamoalar muxlislari bir-birlariga turli buyumlar, jumladan, pirotexnika vositalarini uloqtira boshlaganlar. Bu holat muxlislarning maydonga tushib ketishiga sabab bo'lgan. Politsiya ma'lumotlariga ko'ra, 35 nafar xodim yengil jarohat olgan. Uchrashuv xavfsizligini ta'minlash uchun qariyb 1400 nafar xavfsizlik xodimi jalb etilgan edi.

"Politsiya tartibsizlik ishtirokchilarini tribunalar tomon siqib chiqara oldi. Stadionda otliq politsiya bo'linmasi ham joylashtirildi. 35 nafar huquq-tartibot xodimi mash'alalar sabab yengil jarohat oldi. Umuman olganda, 85 kishi tibbiy yordamga muhtoj bo'lgan. Bir nechta muxlis qo'lga olindi", deyiladi xabarda.

Politsiya haqorat qilish, hujum va mulkka zarar yetkazish kabi turli huquqbuzarliklar bo'yicha tergov ishlarini boshlagan.

Uchrashuv Manxaym shahridagi "Karl-Benz" stadionida bo'lib o'tgan va uni 23,5 mingga yaqin tomoshabin kuzatgan. Ularning qariyb 3500 nafari mehmon jamoa muxlislari bo'lgan. Bahs davomida stadiondagi muhit keskin bo'lib, tribunalarda pirotexnika vositalari bir necha bor yoqilgan.

Vaziyat 90 daqiqa davomida gol urilmaganidan so'ng yanada keskinlashgan. Maydonda futbolchilar o'rtasida to'qnashuv yuz bergach, "Kayzerslautern"ning ayrim muxlislari o'tirish joylari tomon mushakbozlik vositalarini otgan. Bunga javoban manxaymlik ishqibozlar ommaviy ravishda maydonga yugurib chiqa boshlagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.