Dunyo

Germaniya konsuli Kosta Rikadagi ko‘lda cho‘kib, halok bo‘ldi

Germaniyaning Kosta Rikadagi konsuli Mario Gens 29-avgust kuni Rio Kuarto ko‘lida cho‘kib vafot etdi. 53 yoshli diplomat dam olish paytida qayiqda bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning qayig‘i ag‘darilib ketgan va u suvga tushib, cho‘kib ketgan. Hodisa Kosta Rika poytaxti San Xosedan taxminan 75 kilometr uzoqlikdagi Rio Kuarto ko‘lida sodir bo‘lgan.

Gens professional suzuvchi bo‘lgan va ushbu ko‘lga tez-tez kelib, suzish va sho‘ng‘ish bilan shug‘ullangan. Kurort xodimlari diplomatni suvdan olib chiqqan.

Shundan so‘ng, Qizil Xoch tibbiyot xodimlari va qutqaruvchilar qariyb 30 daqiqa davomida uni jonlantirishga uringan, ammo urinishlar natija bermagan.

Mahalliy OAV Gens suv ostida taxminan yarim soat qolganini xabar qilgan, biroq bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Kosta Rika Tashqi ishlar vazirligi va diplomat dam olayotgan mahalliy kurort ma’muriyati uning o‘limini baxtsiz hodisa deb baholagan. Voqeaning aniq sabablari o‘rganilmoqda.

Rio Kuarto Kosta Rikadagi eng chuqur ko‘l bo‘lib, uning chuqurligi 66 metrga yetadi. Alaxuela provinsiyasida joylashgan ko‘l so‘ngan vulqon kraterida hosil bo‘lgan va tabiat ixlosmandlari hamda kayakda suzishni yaxshi ko‘ruvchilar orasida mashhur.

Fransiyada 19-iyundan buyon davom etgan anomal issiq tufayli 131 kishi suvga cho‘kib halok bo‘lgan edi. Halok bo‘lganlarning aksariyatini 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar hamda 60 yoshdan oshgan keksalar tashkil etgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.