Dunyo

Germaniya IIV: ayrim ukrainalik erkaklar deportatsiya qilinishi mumkin

Germaniya 2026-yil 31-iyuldan keyin mamlakatga kelgan, 23 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan va harbiy xizmatdan rasman ozod etilganini yoki Ukrainadan qonuniy chiqib ketganini tasdiqlay olmaydigan ukrainalik erkaklarga vaqtinchalik himoya maqomini avtomatik tarzda bermaydi. Germaniya Ichki ishlar vazirligi bunday shaxslar boshpana so‘rab murojaat qilishi mumkinligini bildirdi.

Germaniya Ichki ishlar vazirligi (IIV) ma’lumotiga ko‘ra, ayrim ukrainalik erkaklar Germaniyadan deportatsiya qilinishi mumkin. Bu haqda vazirlik 13-avgust kuni DW so‘roviga javoban xabar berdi.

Germaniyada 23 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, harbiy xizmatga majbur ukrainalik erkaklarga vaqtinchalik himoya maqomini berish tartibi o‘zgartirildi. Yevropa Ittifoqi Kengashining yaqinda qabul qilingan qaroriga binoan, bu yangi cheklov 2026-yil 31-iyuldan boshlab Germaniyaga kelgan ukrainalik erkaklarga nisbatan qo‘llaniladi.

Endilikda vaqtinchalik himoya maqomini olish uchun ular Ukraina hududini qonuniy asosda tark etganini yoki harbiy xizmatdan rasman ozod qilinganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari shart bo‘ladi. Ushbu yangi tartib Germaniyada avvaldan vaqtinchalik himoya maqomini olgan ukrainalik erkaklarga taalluqli emas.

Germaniya IIVning ta’kidlashicha, vaqtinchalik himoya olish uchun asosga ega bo‘lmagan, ammo mamlakatda qolishni istagan harbiy xizmat yoshidagi ukrainalik erkaklar boshpana so‘rab ariza topshirishlari mumkin. Bunday arizalar har bir shaxsning holatidan kelib chiqib, individual tartibda ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, vazirlik Ukrainada harbiy xizmat majburiyatining mavjudligi o‘z-o‘zidan qochqin maqomini berish uchun yetarli asos hisoblanmasligini qayd etgan.

Germaniya IIV, shuningdek, mamlakat hududida qonuniy asoslarsiz bo‘lib turgan Ukraina fuqarolari deportatsiya qilinishi mumkinligini ham bildirgan.

Yaqinda Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini sabab mamlakatni tark etgan ukrainaliklar uchun vaqtinchalik himoya rejimini 2028-yil mart oyigacha uzaytirgan edi. Mazkur maqom Ukrainadan kelgan fuqarolarga YeIga a’zo davlatlarda qonuniy yashash va ishlash imkonini beradi. Biroq Yevropa Ittifoqi Kengashi qaroriga ko‘ra, endi Ukraina qonunchiligida belgilangan harbiy majburiyatlarga rioya qilganini tasdiqlay olmaydigan yangi kelgan erkaklar ushbu maqomni avtomatik ravishda ololmaydi. Qarorda bunday talab Ukrainaning hozirgi mudofaa ehtiyojlari hisobga olingan holda joriy etilayotgani qayd etilgan.

Yevropa Ittifoqiga a’zo har bir davlat ukrainalik erkaklar vaqtinchalik himoya olish uchun aynan qanday hujjatlarni taqdim etishi kerakligini mustaqil belgilaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.