Texnologiya

Germaniya aholisining 43 foizi OAVga qaraganda ijtimoiy tarmoqlarga ko‘proq ishonadi — tadqiqot

**Germaniyada aholining 43 foizi ijtimoiy tarmoqlarga OAVdan ko‘ra ko‘proq ishonadi – tadqiqot natijalari**

Yangi tadqiqotga ko‘ra, Germaniya aholisining 43 foizi an’anaviy ommaviy axborot vositalaridagi xabarlarga nisbatan ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga ko‘proq ishonch bildiradi. Bu haqda Deutsche Welle Social Media Atlas 2026 so‘rovi natijalariga tayanib xabar berdi.

PER Agency buyurtmasi asosida Toluna marketing kompaniyasi tomonidan Menejment va iqtisodiy tadqiqotlar instituti (IMWF) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadqiqotda 16 yoshdan oshgan 3600 nafar internet foydalanuvchisi o‘rtasida onlayn so‘rov o‘tkazilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 6 foiz bandga yuqori.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, respondentlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i yangiliklar borasida ham ko‘pincha shaxsiy tavsiyalarga amal qiladi. Bu tendensiya ayniqsa "Z avlod" (16-29 yosh) vakillari orasida yaqqol namoyon bo‘lib, ularning 47 foizi shaxsiy tavsiyalarga moyil. "Y avlodi"da (30-45 yosh) bu ko‘rsatkich 46 foizni tashkil etadi. Yosh o‘tishi bilan bunday odamlarning ulushi sezilarli darajada kamayadi.

PER Agency rahbari va ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha ekspert Roland Haynse ushbu natijalarni jamoatchilik fikrining shakllanishi nuqtayi nazaridan xavotirli deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy OAVda axborot e’lon qilinishidan oldin uni tekshirish va tahririyat nazoratidan o‘tkazish tartibi mavjud bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa oddiy foydalanuvchilar tarqatadigan xabarlarda bunday mexanizm yo‘q. "Tahririyat jamoalariga ishonchning pasayishi jamoatchilik fikrining shakllanish usulini o‘zgartirmoqda", – deydi Roland Haynse.

Shu bilan birga, so‘rov qatnashchilari ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarga tez-tez duch kelishini ham bildirgan. Respondentlarning 57 foizi Facebook’da haqiqat buzib ko‘rsatilgan xabarlarga duch kelganini aytgan. TikTok’da bu ko‘rsatkich 51 foiz, Instagram’da esa 45 foizni tashkil etgan.

Germaniyadagi internet foydalanuvchilarining 84 foizi ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi. 2011-yilda bu ko‘rsatkich 64 foiz edi. Eng ommabop platformalar WhatsApp (77 foiz), YouTube (74 foiz), Facebook (64 foiz), Instagram (60 foiz) va TikTok (47 foiz) bo‘lib qolmoqda.

Avvalroq Germaniyada o‘ta o‘ngchi guruhlar yoshlarni o‘z safiga jalb qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanayotgani xabar qilingandi. Jung & Stark hamda Deutsche Jugend Voran guruhlari Telegram, Instagram va boshqa platformalarda targ‘ibot olib borgani aytilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.