Generallar bilan doʻstlashamiz
Oʻzbekiston va Ozarbayjon 2027 yilga moʻljallangan harbiy hamkorlik rejasini tasdiqladilar

Generallar bilan doʻstlashamiz
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasining Bokuga amaliy tashrifi doirasida Oʻzbekiston mudofaa idorasi rahbari — general-leytenant Shuhrat Xalmuhamedov va uning ozarbayjonlik hamkasbi general-polkovnik Zokir Gasanov oʻrtasida ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, ikki respublika mudofaa vazirlari 2027 yilga moʻljallangan harbiy sohadagi hamkorlik qoʻshma rejasini imzoladilar. Mudofaa idoralari rahbarlari mamlakatlar oʻrtasidagi sheriklik mustahkam doʻstlik va oʻzaro ishonch anʼanalariga asoslanganini taʼkidladilar. Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarbayjon qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish va jangovar shayligini sifat jihatidan oshirishda davlatlararo muloqotning muhim rolini alohida qayd etdilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Bokuda boʻlib oʻtayotgan 6-Ozarbayjon xalqaro mudofaa sanoati «ADEX 2026» koʻrgazmasining ochilish marosimida ham ishtirok etdilar. Eʼtiborlisi, mudofaa sanoati sohasida mintaqaning eng nufuzli va samarali maydonchalaridan biri hisoblangan ushbu koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa-sanoat kompleksi vakillari mahalliy mudofaa sanoatining ishlab chiqarish va texnologik salohiyatini yagona «Made in Uzbekistan» milliy brendi ostida namoyish etmoqdalar.
Koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuhrat Xalmuhamedov Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida mudofaa vaziri Ozarbayjon yetakchisiga milliy stendda namoyish etilayotgan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy mudofaa mahsulotlari namunalarini, jumladan, jangovar oʻq-dorilar, shaxsiy himoya vositalari, harbiy anjomlar, aviatsiya vositalari, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlari va dronlarga qarshi tizimlarni taqdim etdi.
Ikki tomonlama muzokaralar davomida «ADEX» va «Securex Caspian» koʻrgazmalari ishtirokchilar oʻrtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishga, shuningdek, harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.

