G‘azoda o‘quvchilar uch yildan so‘ng oflayn ta’limga qaytdi

G‘azoda o‘quvchilar uch yildan keyin oflayn ta’limga qaytdi
G‘azo sektorida yuz minglab bolalar 19-sentyabr kuni uch yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor maktabga an’anaviy ta’lim olish uchun qaytdi. Ammo darslar shikastlangan binolarda hamda vaqtincha tiklangan chodirlarda olib borilmoqda. Ko‘plab oilalar kiyim-kechak, daftar va ruchka sotib olishga ham qiynalmoqda.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ma’lumotiga ko‘ra, urush vaqtida G‘azodagi maktablarning 98 foizi vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan. G‘azo sektori ta’lim rasmiylari 660 mingga yaqin o‘quvchi maktab ta’limidan mahrum bo‘lganini bildirgan. Shuningdek, bu urushda 22 mingga yaqin o‘quvchi va 770 dan ortiq maorif xodimi, jumladan 532 nafar o‘qituvchi halok bo‘lgan.
Sharqiy Xon Yunis ta’lim direktori Ibrohim Ramadanning aytishicha, maktablarning qayta ochilishi urushdan keyingi muhim voqeadir.
“Men oxirgi marta maktabga uch yil oldin borgan edim. Hozir yangi o‘quv yilini boshlayapmiz. Bu quvonch, baxt va muvaffaqiyat yili bo‘ladi”, dedi maktab o‘quvchisi Moayed Abu Mustafo.
Mustafo urushda do‘stlaridan ayrilgan. Uning oyoq kiyimi, daftari va ruchkasi ham yo‘q. Shunga qaramay, u chodirda, yerda o‘tirib bo‘lsa ham o‘qishga tayyor.
“Bularning bariga qaramay o‘qiymiz, hatto chodirda bo‘lsa ham, bilim olishda davom etamiz”, dedi u.
Oilasi bilan chodirda yashayotgan 15 yoshli o‘quvchi Samar Abu Salmi ham darslarga qaytdi.
“Biz telefonlar orqali o‘qidik va o‘qituvchilarimizni ko‘rmadik. Endi esa bir chodirdan boshqasiga ko‘chib yurgan bo‘lsak ham, o‘z orzularimiz sari intilishda davom etyapmiz”, dedi u.
Uning ham ko‘plab zarur o‘quv qurollari yo‘q, chunki oilasi ularni sotib olishga imkon topolmayapti.
“Urushdan oldin hamma narsa bor edi: daftar, ruchka, kiyimlar. Hammasini arzon narxda olardik”, dedi Salmi.
G‘azodagi vayronagarchiliklarga qaramay, Ta’lim vazirligi xalqaro va mahalliy tashkilotlar ko‘magida 2026/27-o‘quv yilini boshladi. O‘quvchilarni joylashtirish uchun chodirlar, brezent, tunuka va yog‘ochdan o‘nlab vaqtincha maktablar tashkil etildi. Ba’zi maktablar qumli yerda qurilgan, boshqalarida esa sinfxonalar faqat bir nechta to‘shak va sinf doskasidan iborat.
Boshqa bir maktabga borayotgan 14 yoshli Yamen Abu Samra o‘z kechinmalarini aytib berdi.
“Ilgari maktabga borish uchun xursand bo‘lib uyg‘onardik. Endi esa maktabga kelganimizda o‘qlar, raketalar va zarbalardan qo‘rqamiz. Hozir men mutlaqo hech narsasi yo‘q, issiq chodirda o‘tiribman”, deb qo‘shimcha qildi u.
Ta’lim rasmiylarining ma’lum qilishicha, UNICEF qo‘llab-quvvatlovi bilan 2026-yilda kamida 540 ming o‘quvchi vaqtincha xususiy maktablar, o‘quv markazlari hamda ta’lim punktlarida oflayn darslarga qatnashishi kutilmoqda. Darslarga qatnasha olmaydigan yoki urush paytida G‘azoni tark etganlar uchun onlayn ta’lim davom etadi.
2025-yilda yirik urush harakatlarini to‘xtatgan, ammo mojaroga butunlay chek qo‘ya olmagan otashkesimga qaramay, Isroil kuchlari G‘azoning 60 foizdan ortiq hududini hanuz nazorat qilmoqda. 2023-yil oktyabr oyida HAMAS guruhi va Isroil o‘rtasida boshlangan urush oqibatida bugungacha 73 914 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 174 952 kishi esa yaralangan.

