Gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflar ishlab chiqiladi
2027-yil fevralgacha tabiiy gaz mavjud boʻlmagan va isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash koʻzda tutilyapti. Shuningdek, gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrlashtirish uchun xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar oʻtkazilishi va elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Gazlashtirilmagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflar ishlab chiqiladi
«Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari» haqidagi prezident farmoni qabul qilindi. Farmonda gaz yetib bormagan hududlar uchun elektr energiyasiga imtiyozli tariflarni joriy etish vazifasi belgilangan.
Hujjatda tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrlashtirish yuzasidan xalqaro moliya institutlari bilan muzokaralar olib borish nazarda tutilgan. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining texnik yordami asosida tajribali konsultantlarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ular bilan birga tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. 2027-yil fevraligacha:
- elektrlashtiriladigan isteʼmolchilar, shuningdek, tabiiy gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan va isitish uchun elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash;
- elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori boʻlgan maishiy texnikalarni xarid qilishda qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etishdan iborat elektrlashtirish konsepsiyasi tayyorlanishi kerak.
Loyiha 2027-yil aprelgacha hukumatga taqdim etilishi rejalashtirilgan. Ushbu yoʻnalishdagi ishlar uchun masʼul ijrochilar sifatida Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi koʻrsatilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil oktabrida sobiq energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov gazlashtirilmagan hovlilar uchun ham elektr energiyasi tariflariga 50 foizlik chegirma berish boʻyicha topshiriq berilganini aytgandi.
Keyinroq bu borada tegishli qaror loyihasi ishlab chiqilgani ham maʼlum qilingan edi.
2025-yil oktabrida esa ushbu tashabbus bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, ayrim hududlarda pilot loyiha sinovdan oʻtkazilishi xabar qilingandi.

