Gazeta muxbirlari “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi
Gazeta muxbirlari Bahodir Abdullayev va Otabek Turdiyev 'O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi' esdalik nishoni bilan taqdirlandi. Mukofotlarni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov topshirdi.

Gazeta.uz muxbirlari Bahodir Abdullayev va Otabek Turdiyev "Mustaqillikning 35 yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlandilar. Taqdimot marosimi 27-avgust kuni Prezident administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Prezident administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari – prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bir guruh OAV vakillari, kontent yaratuvchilar va blogerlarga esdalik nishonlarini topshirdi.
Ushbu esdalik nishoni Prezidentning 22-avgustdagi farmoni bilan ta’sis etilgan. Farmonda qayd etilishicha, nishon bilan "mamlakat iqtisodiy qudratini oshirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi farovonligini, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samarasini ta’minlashda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, yangi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan vatandoshlar" taqdirlanadi.
Avvalroq Prezident O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at sohalari, OAV, davlat xizmatchilari, ishlab chiqarish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlari hamda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bir guruhini mukofotlagan edi.

